O‘zbekiston | 20:24 / 05.09.2024
3538
3 daqiqa o‘qiladi

Caylovlardagi byulletenlarning yangi shakli tasdiqlandi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovida foydalaniladigan saylov byulletenlarining shakli, matni va tavsifi tasdiqlandi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasining (MSK) navbatdagi majlisida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, bu yilgi saylovlardagi byulletenlar mutlaqo yangi shaklda tasdiqlanib, saylov byulletenlarining ixchamligi byulletenni chop etish xarajatlarini kamida 3 milliard so‘mgacha iqtisod qilish imkonini beradi.

Shuningdek, saylov byulleteniga bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning familiyasi, ismi va otasining ismi saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari hamda saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalarga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tartibida kiritiladi.

Shu bilan birga, har bir saylov turi uchun byulletenlarning rangi ham turlicha, ya’ni Qonunchilik palatasining bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha saylov byulleteni och ko‘k rangda, yagona saylov okrugi bo‘yicha saylov byulleteni och yashil rangda, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashi saylovi bo‘yicha saylov byulleteni och sariq rangda, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashi saylovi bo‘yicha saylov byulleteni och kulrang rangda qilib belgilandi. Shunga muvofiq, ovozlarni sanab chiqish natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalar ham saylov byulletenlari rangiga mutanosib ravishda chop etilishi qayd etildi.

Yuqoridagi tartibda saylov uchastkasida ovoz berish natijalarini hisoblash algoritmi xronometraj qilinganda, uchastka saylov komissiyasining ish hajmi va natijalarni aniqlash uchun sarflanadigan vaqt qisqargani kuzatildi.

Jumladan, avvalgi saylovlarda ovoz berish natijalarini hisoblash uchun uchastka saylov komissiyalari o‘rtacha 4 soat vaqt sarflagan bo‘lsa, yangi shakldagi saylov byulletenlari joriy etilishi ushbu vaqtni kamida 1 soatgacha qisqartirishi, butun respublika bo‘yicha esa komissiyalarning kamida 11 ming soatgacha vaqti tejalishi imkonini beradi.

Shu bilan birga, saylov byulletenlarining ixcham hajmi va turli ranglarda chop etilishi saylovchilar uchun ham qulaylik yaratib, byulletenlarni bir-biridan ajratib olishni yengillashtiradi va ularni to‘ldirish jarayonlarini yanada osonlashtiradi.

Saylov byulleteniga yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning nomi va ramziy belgisi, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari hamda hudud bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalarga ularning saylovda ishtirok etishi uchun ijozat berilgan navbatiga muvofiq ketma-ketlikda kiritilishi belgilandi, jumladan:

birinchi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi;

ikkinchi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi;

uchinchi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi;

to‘rtinchi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi;

beshinchi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi.

Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan mahalliy Kengashlar sayloviga doir saylov byulletenlarining shakli va matni namunasi ham tasdiqlandi.

Mavzuga oid