Jamiyat | 19:00 / 09.09.2024
1672
3 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Samarqandda Xalqaro to‘qimachilik konferensiyasi boshlandi

9 sentabr kuni Samarqandda dunyo to‘qimachilik sanoati va moda industriyasining eng yirik tadbiri bo‘lgan Xalqaro to‘qimachilik ishlab chiqaruvchilar federatsiyasi (ITMF) va Xalqaro kiyim-kechak federatsiyasi (IAF) yillik konferensiyasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbir qatnashchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi:

«Ishonchim komil, bugungi konferensiya ushbu sohada o‘zaro hamkorlikni xalqaro miqyosda yanada yuksaltirish va mustahkamlash, ilg‘or tajriba va g‘oyalar bilan almashish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qiladi.

Bu esa, anjumanda ishtirok etayotgan 500 dan ziyod milliy va xalqaro tashkilotlar, ishlab chiqaruvchilar va “riteyl” kompaniyalar vakillari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirib, soha rivojini yangi sifat bosqichiga olib chiqish imkonini beradi, deb umid qilaman.

Biz xorijiy hamkorlarimizning o‘zaro manfaatli barcha tashabbuslarini yuksak baholaymiz va qo‘llab-quvvatlaymiz. Jumladan, xalqaro brendlar O‘zbekistonga kirib kelishi uchun zarur standartlarni joriy etishda har tomonlama ko‘maklashamiz», — deyiladi davlat rahbari yo‘llagan tabrikda.

8 sentabr kuni konferensiya doirasida bir necha panel-sessiyalar bo‘lib o‘tdi. Ularda jahon paxta sanoatining 50 yillik o‘zgarishi, G‘arbiy Afrikada paxta qiymat zanjirining qayta tiklanishi va boshqa masalalar muhokama qilindi.

Singapurning «Indorama Corpp.» kompaniyasining vakili Uday Gill konferensiyada O‘zbekistonda paxta ishlab chiqarishni zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash orqali o‘zgartirganini ta’kidladi. Shuningdek, Better Cotton tashkiloti direktori O‘zbekistonning Better Cotton dunyo xaritasida yaqqol ko‘rsatilganini aytib, mamlakatning paxta barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatgan sa’y-harakatlarini yuksak baholadi.

Cotton Analytics vakili Terri Taunsend AQSh va Yevropa Ittifoqida paxtaga bo‘lgan talabning o‘zgarishi haqida ma’lumot berdi. U 2000 yillar boshidan keyin paxtaga talabning pastayishi, uning narxi esa uzoq muddatda yanada pasayishini prognoz qilmoqda.

Shuningdek, shu kuni to‘qimachilik va sun’iy tolalar hamda standartlashtirish va sertifikatsiyalash mavzusida panel sessiyalari ham bo‘lib o‘tdi.

Reklama huquqlari asosida

Mavzuga oid