Jahon | 22:00 / 09.09.2024
5866
7 daqiqa o‘qiladi

Xitoy – Afrikaning “katta og‘asi”mi?

4 sentabr kuni Afrika–Xitoy sammitida Pekin Afrikaga 51 mlrd dollar sarmoya kiritishini e’lon qildi. Kelgusida bu qarzlarning bir qismidan voz kechilishi ehtimoli ham yo‘q emas. Kun.uz muxbiri Xitoy–Afrika munosabatlari dinamikasi haqidagi savollar bilan tahlilchi Hikmatilla Kazakbayevga murojaat qildi.

Xitoy odatda yo‘llar, to‘g‘onlar, portlar va aeroportlar kabi infratuzilma qurilishini moliyalashtiradi. Xitoyning Afrikada bunday iqtisodiy hamkorlikdan tashqari, qanday strategik maqsadlari bor?

— 2000-yillar boshida Xitoy-Afrika forumi o‘tkazilganidan beri Afrika bu davlat uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda. Qizil dengiz orqali O‘rtayer dengiziga o‘tish va Yevropaga chiqishda ham Afrikaning o‘rni katta. Qolaversa, qit’a boy tabiiy resurslarga ega. Xitoy mintaqada temiryo‘l va boshqa infratuzilma obektlarini qurish bilan, shu tabiiy boyliklarni tashib ketishga intilmoqda.

Afrikadagi 27 ta davlatning rasmiy tillaridan biri fransuz tili hisoblanadi. Fransiyaning mintaqaga ta’siri tarixan kuchli bo‘lib kelgan. Parijni ko‘proq g‘arbiy Afrika qiziqtirsa, Xitoy sharqiy va markaziy Afrikani o‘zining asosiy savdo yo‘liga aylantirgan. Lekin Xitoy g‘arbiy Afrikada ham ta’sir doirasini kengaytirmoqda. 2022-2023 yillarda Mali, Niger, Burkina Fasodan Fransiyaning qo‘shinlari olib chiqib ketildi, bunga sabab ushbu hududlarda harbiylar hokimiyatga kelishdi va ular Rossiya bilan yaqinlashishga harakat qila boshlashdi.

Fransiyadagi atom elektr stansiyalarining ishlashi uchun zarur uran moddasi uzoq yillardan beri aynan Nigerda qazib olinardi. Fransiya o‘z qo‘shinini Nigerdan olib chiqib ketayotganida Emmanuyel Makron Qozog‘iston va O‘zbekistonga tashrif buyurdi va yarim yildan keyin O‘zbekiston–Fransiya tovar aylanmasi 800 million dollardan oshib ketdi.

Xitoyning o‘z hududlaridan tashqaridagi yagona harbiy bazasi ham Afrikada – Jibutida joylashgan. Jibuti – strategik nuqtada, Adan ko‘rfazini Qizil dengizdan ajratib turadigan va Suvaysh kanaliga kirib-chiqishni nazorat qiluvchi Bab-al-Mandeb bo‘g‘ozi bo‘yida joylashgan. Shu sabab bu mamlakatda ko‘plab davlatlar o‘zlarining harbiy bazalarini, jumladan, 2017 yilda Xitoy ham o‘z harbiy bazasini qurgan. Lekin Xitoy buni harbiy baza deb nomlamaydi, balki savdo kemalarni himoya qiluvchi patrul-post deb nomlaydi. Kelajakda Xitoy Afrikaning boshqa qismlarida ham harbiy baza yaratishi mumkin. Xitoyning investitsiyasi ko‘paygani sari, u hududlarda Xitoy investitsion xavfsizligini ta’minlovchi harbiy hududlar yaratilishi muhim.

Xitoyning Afrika siyosatidagi yana bir muhim nuqta – Mombasa porti. Mombasa strategik joylashuvi (Sharqiy Afrikaning asosiy darvozasi) jihatdan Xitoyni ancha qiziqtirgan hudud hisoblanadi. Xitoy 2017 yil Nayrobidan Mombasagacha 480 kmlik temiryo‘l qurgan. Bu temiryo‘l qurilishining asosiy sababi – Keniya va unga qo‘shni hududlardagi resurslarni Xitoyga tashish. Ba’zi manbalarda bu yer Xitoyga Keniyaning qarzi evaziga berilgan hudud degan qarashlar ham bor, lekin buni ikki tomon ham rad etadi. Bu port Xitoy tomonidan qurilgan va nazorat ham Xitoy tomonidan amalga oshiriladi.

4-6 sentabr kunlari Pekinda bo‘lib o‘tgan Xitoy-Afrika hamkorlik forumida XXR rahbari Si Jinping Afrika davlatlariga 51 mlrd dollar sarmoya kiritmoqchiligini aytdi. Bu mablag‘ni Afrikaga G‘arb davlatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan ko‘rsatilayotgan boshqa taraqqiyot yordamlari bilan solishtirib ko‘rsak.

— Xitoy-Afrika forumida Afrikadan 53 ta davlat qatnashgan. Ayrim davlatlar, masalan Esvatini bu forumda ishtirok etmaydi, chunki Xitoyning bu davlat bilan diplomatik aloqalari yo‘q. Esvatini Tayvanni tan oladi. Jami 53 ta Afrika davlatiga Xitoy 51 mlrd dollar sarmoya kiritmoqchi. Bu – boshqa Yevropa davlatlari bilan taqqoslaganda ancha katta raqamlar.

2023 yilda Xitoy va Afrika davlatlarining savdo aylanmasi 282 mlrd bo‘lgan. Afrikaning Amerika bilan tovar aylanmasi esa 72 mlrd, Rossiya bilan 25 mlrd hisoblanadi. Xitoyning iqtisodiy ishtiroki mintaqada ancha yuqori. Oxirgi 3 yilda Xitoyning to‘g‘ridan to‘g‘ri kiritgan sarmoyasi 40 mlrdni tashkil etadi. Amerika Afrikadagi barcha davlatlarga ham yordam bermaydi, Rossiyani ko‘proq esa harbiy sohadagi hamkorlik qiziqtiradi. Xitoy hukumati doimiy ravishda murakkab shartlarsiz katta qarzlar beradi va ba’zan bu qarzlaridan kechib yuboradi ham, lekin bu ayrim sohalarda nazoratni o‘z qo‘liga olishi evaziga bo‘ladi.

Xitoyning Afrika bilan iqtisodiy munosabatlari qalinlashuvi yuan va dollarning xalqaro savdodagi roliga qanday ta’sir qiladi?

— 2023 yilda Afrika va Xitoy o‘rtasidagi savdo aylanmasining 17 foizi yuanda amalga oshirilgan. Bu asta-sekin kelajakda yuanning ham dollar, yevro singari xorijiy valuta darajasiga ko‘tarilishiga sabab bo‘ladi. Rossiya hozirda sanksiyalar sababli Xitoy bilan savdo aylanmasini yuanda amalga oshirmoqda va yuandagi savdo hajmi tobora ko‘tarilib bormoqda.

Afrikada ta’sir doiralariga ega bo‘lishda Xitoyning asosiy raqobatchilari qaysilar?

— Xitoyning asosiy raqobatchilari – Amerika, Fransiya, Rossiya hisoblanadi. Faqat Rossiyaning Xitoyga raqobatchiligi Xitoy uchun xavf tug‘dirmaydi, chunki Rossiya Afrika davlatlari bilan hamkorligini asosan harbiy sohada amalga oshiradi. Amerika, Fransiyaning esa iqtisodiy manfaatlari ham bor.

Afrika Xitoy uchun yana bir raqobatchi Turkiya hisoblanadi. Turkiya jahonda Usmonli turklar davridagi kabi mavqeyini qaytarishga harakat qilmoqda. Shu sabab Shimoliy Afrika davlatlari, Sharqiy Afrikadan esa Somali va Efiopiyaga Turkiya befarq emas. Somali va Turkiya o‘rtasida kelishuv bor, unga ko‘ra, Turkiyaga Somalining muhim nuqtalarida neft qazib chiqarish huquqi berilgan.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid