Jahon | 19:17 / 12.09.2024
20850
2 daqiqa o‘qiladi

iPhone 16 Pro xarid qilish uchun necha kun ishlash kerakligi hisoblab ko‘rildi

Ushbu smartfonni xarid qilish uchun shveysariyaliklarga 4 kun, AQSh, Avstraliya, Singapur, Lyuksemburg va Daniya fuqarolariga 5-6 kun ishlash kifoya qiladi.

Foto: Apple

Picodi tahlilchilari turli mamlakatlar aholisi 128 Gb hajmli yangi iPhone 16 Pro xarid qilish uchun qancha kun mehnat qilishi lozimligini aniqladi. Buning uchun ular smartfon narxini o‘rtacha oylik maoshlar bilan solishtirgan.

Tadqiqot mualliflari rossiyalik riteylerlar flagmanni 155 ming rublga baholaganini hisobga olgan – bu qurilma taqdimoti chog‘ida e’lon qilingan 999 dollardan qimmatroq. Shuningdek, hisob-kitoblar uchun Rossiyadagi o‘rtacha ish haqi olingan - daromad solig‘i chegirib tashlanganidan keyin 77,5 ming rubl.

Eng yomon natijani Turkiya ko‘rsatdi: iPhone 16 Pro xarid qilish uchun bu mamlakatda 72,9 kun ishlashga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich Filippin va Braziliyada 68 kunga, Viyetnamda 53 kunga teng. Rossiyada bu smartfonni xarid qilish uchun 42 kun mehnat qilish lozim.

Eng yaxshi natijani Shveytsariya ko‘rsatdi: bu mamlakat aholisi iPhone 16 Pro xarid qilish uchun atigi 4 kun ishlashi yetarli. Shuningdek, AQSh, Avstraliya, Singapur, Lyuksemburg va Daniya fuqarolariga 5-6 kun ishlash kifoya qiladi.

O‘zbekiston bo‘yicha ma’lumotlar ushbu reytingda keltirilmagan. Ammo Statistika agentligi taqdim qilgan raqamlar bo‘yicha taxminan hisoblab ko‘rsa bo‘ladi. Agentlik xabariga ko‘ra, 2024 yil birinchi yarmida O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik ish haqi 5 mln 92 ming so‘mni (≈400$) tashkil etgan. iPhone 16 Pro rasmiy narxi 999$. O‘zbekistonda bunga 12 foizlik QQS qo‘shilishi inobatga olinsa, narx kamida 1120$ bo‘ladi. Shundan kelib chiqqan holda hisoblansa, o‘zbekistonliklar iPhone 16 Pro xarid qilish uchun kamida 85 kun mehnat qilishiga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid