Jahon | 11:29 / 12.09.2024
2224
2 daqiqa o‘qiladi

So‘rov: Kamala Harris Donald Tramp bilan teledebatda g‘olib chiqdi

So‘rov Harrisning Trampdan olti foizga o‘zib ketganini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, respondentlarning katta qismi Tramp Harrisdan ko‘ra iqtisod sohasida malakaliroq, degan fikrni bildirgan.

Foto: AFP

Filadelfiyada AQSh prezidentligiga nomzodlar Kamala Harris (Demokratik partiya) va Donald Tramp (Respublikachilar partiyasi) o‘rtasidagi teledebat natijalariga ko‘ra, ko‘pchilik tomoshabinlar Harrisni g‘olib deb topdi. 10 sentabr kuni AQShning qator media-kompaniyalari tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning 45 foizi Harrisni, 39 foizi Trampni g‘olib sifatida ko‘rgan.

Bu natijalar televizion duelni tomosha qilgan ro‘yxatga olingan saylovchilarning javoblari tahlili asosida olingan. Shu bilan birga, so‘rovda qatnashganlarning 44 foizi amaldagi vitse-prezident Harrisga, 51 foizi esa Oq uyning sobiq rahbari Trampga salbiy munosabat bildirgan.

Iqtisodiyot sohasidagi bilim

E’tiborlisi, Donald Tramp bir jihati bo‘yicha Kamala Harrisdan ancha oldinda bo‘lgan – respondentlarning 55 foizi Tramp iqtisodiy masalalarda Harrisdan ko‘ra ko‘proq malakali ekanini aytgan. Harrisni respondentlarning atigi 35 foizi bu sohada ko‘proq bilimga ega deb atagan.

Shu bilan birga, so‘rovda qatnashganlarning 82 foizi teleduel noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovida ularning ovoziga ta’sir qilmasligini aytgan.

Mavzuga oid