Jahon | 09:32 / 14.09.2024
12561
6 daqiqa o‘qiladi

Rossiya NATOga Ukrainaning Rossiya ichkarisiga zarbalari uchun oqibatlar bilan tahdid qildi

Rossiya Federatsiyasi hududiga G‘arb qurollari bilan zarbalar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga AQSh va NATOni «to‘g‘ridan to‘g‘ri jalb qiladi», dedi Rossiyaning BMTdagi vakili Vasiliy Nebenzya.

Foto: AP

Ukraina hududidan Rossiyaga G‘arb qurollari bilan chuqur zarbalar NATOni Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi urushiga «to‘g‘ridan to‘g‘ri jalb qiladi». Bu haqda 13 sentabr, juma kuni BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya ma’lum qildi.

U Rossiya Federatsiyasi yadroviy davlat ekanligini eslatdi va Kiyevning ittifoqchilari «buni unutmasliklari va oqibatlari haqida o‘ylashlari kerak»ligini qo‘shimcha qildi. Nebenzya o‘z pozitsiyasini «NATO harbiylari Rossiya hududiga hujumlar uyushtirish uchun raketa tizimlarini dasturlashi» bilan izohladi. «Gap Kiyevga Rossiyaga uzoq masofali zarbalar berish imkonini berish haqida emas, balki G‘arbning to‘g‘ridan to‘g‘ri zarbalari foydasiga qaror qilish haqida ketyapti», deb tushuntirdi u.

Putin: G‘arb qurollari bilan zarbalar NATOning Ukraina urushidagi ishtiroki bo‘ladi

Ukraina qurolli kuchlarining Rossiya hududiga hujumlari uchun G‘arbning yuqori aniqlikdagi uzoq masofali qurollaridan foydalanish NATO davlatlarining Ukrainadagi urushda bevosita ishtirok etishini anglatadi, dedi Vladimir Putin kecha «Rossiya 1» telekanaliga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev bunday zarbalarni o‘zi amalga oshira olmaydi, chunki buning uchun unga sun’iy yo‘ldoshlardan olingan ma’lumotlar kerak bo‘ladi, u esa Ukrainada yo‘q. Bundan tashqari, Putin «faqat NATO harbiy xizmatchilari ushbu raketa tizimlariga parvoz vazifalarini belgilashi mumkin», deya qo‘shimcha qildi.

«Gap Ukraina rejimiga Rossiyaga ushbu qurollar bilan zarba yo‘llashga ruxsat berish yoki bermaslik haqida emas. Gap NATO davlatlari harbiy mojaroda bevosita ishtirok etadimi yoki yo‘qmi degan qarorga kelish haqida. Agar bu qaror qabul qilinsa, bu Ukrainadagi urushda NATO davlatlari, AQSh va Yevropa davlatlarining bevosita ishtirokidan boshqa hech narsani anglatmaydi», — dedi Rossiya prezidenti. Tegishli qaror qabul qilingan taqdirda, «bu mojaroning mohiyati o‘zgaradi va Rossiya biz uchun yaratiladigan tahdidlardan kelib chiqib, tegishli qarorlar qabul qiladi», deya aniqlik kiritdi u.

Kirbi: AQSh Putinning tahdidlarini jiddiy qabul qilmoqda

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining aloqalar bo‘yicha direktori Jon Kirbi Vladimir Putinning Ukraina ittifoqchilariga tahdidlarini izohlar ekan: «Men hech qachon Putinning tahdidlarini jiddiy qabul qilmaymiz, deb aytmaganman va aytmayman», dedi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti «eskalatsiya va agressiyaga qodir ekanligini isbotladi».

Shu bilan birga, Putinning tahdidlari «biz oldin eshitmagan narsa emas», deya qo‘shimcha qildi Kirbi. «Shunday ekan, biz buni hisobga olamiz», deb xulosa qildi u.

O‘z navbatida, Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati rasmiy vakili Peter Stano 13 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Vladimir Putinning so‘zlari YeIning Kiyev tomonidan Rossiya hududiga chuqur zarbalar berish uchun G‘arb qurollaridan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish bo‘yicha pozitsiyasiga ta’sir qilmasligini aytdi. «Putinning noto‘g‘ri bayonotlari, u Ukrainaga qarshi noqonuniy tajovuzni davom ettirar ekan, bizning pozitsiyamizni o‘zgartirmaydi», - dedi u.

London Ukrainaga Rossiyaga Storm Shadow raketalari bilan zarba yo‘llashga ruxsat berdi

Britaniya Ukrainaga Rossiya hududiga hujum uchun Storm Shadow qanotli raketalaridan foydalanishga ruxsat berishga qaror qildi, deb xabar berdi The Guardian gazetasi 11 sentabr, chorshanba kuni kechqurun Britaniya hukumatidagi manbalariga tayanib. Bu haqda nashr AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmining 11 sentabr kuni Kiyevga qo‘shma tashrifiga bag‘ishlangan maqolasida aytib o‘tgan. Safar chog‘ida ular Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashib, G‘arb uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollarining Rossiya hududiga zarbalarini muhokama qilishgan.

Gazeta manbalarining ta’kidlashicha, Blinken va Lemmi Kiyevga Storm Shadow bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilingani uchun birga kelgan. Shu bilan birga, The Guardian qayd etishicha, agar Lemmi qarorni Kiyevda e’lon qilganida edi, uning so‘zlari keraksiz provokatsiya sifatida qabul qilinishi mumkin edi.

Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainaning raketalardan foydalanishi «keraksiz hujumlar oldini olish uchun» cheklovlarga duchor bo‘lishi mumkin. Blinken Kiyevga tashrifi chog‘ida Qo‘shma Shtatlar birinchi kundanoq Ukrainadagi jang maydonidagi vaziyat o‘zgarganligi sababli o‘z siyosatini moslashtirishga tayyor bo‘lganini aytdi. «Biz buni davom ettiramiz», dedi u.

Mavzuga oid