Rossiya, Tojikiston va Qirg‘izistondan olib kelingan narkotik moddalar to‘xtatib qolindi
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Rossiya, Tojikiston va Qirg‘izistondan olib kelingan narkotik moddalar to‘xtatib qolindi.
Tojikiston fuqarosi Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi 2 nafar shaxs bilan o‘zaro til biriktirib, Tojikistondan mamlakat hududiga aylanma yo‘llar orqali 20 kg 749 gr “opiy” moddasini olib o‘tgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa Rossiyadan Qozog‘iston orqali mamlakatga kirish uchun “Dovut-ota” chegara-bojxona postiga kelgan vaqtida, Buxoro viloyatining Peshku tumanida yashovchi shaxs boshqaruvidagi LADA Largus rusumli avtotransport vositasi DXX Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan o‘rnatilgan tartibda tekshiruvdan o‘tkazildi. Natijada unda Moskva shahridan olib kelinayotgan 2 dona ovoz chiqarish kolonkasi ichiga yashirib qo‘yilgan 18 kg 97 gr “Mefedron” sintetik narkotik moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, u o‘zining shaxsiy avtomashinasida O‘zbekiston-Rossiya-O‘zbekiston yo‘nalishida fuqarolarni tashish bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘ldi.
DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Farg‘ona tumanida istiqomat qiluvchi, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs va muqaddam o‘g‘rilik jinoyati uchun sudlangan fuqaro o‘zaro til biriktirib, Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan 56 000 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini yashash xonadonlariga yashirib qo‘yganliklari fosh etildi.
Mazkur xonadonni ko‘zdan kechirish jarayonida, qo‘shimcha 6780 dona “Zardeks” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi ham ma’lum bo‘ldi.
DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham bojxona organlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida tezkor tadbir o‘tkazishdi.
Natijada, Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanida doimiy yashovchi, muqaddam sudlangan fuqaroning “Nexia” rusumli avtotransport vositasi va uning Yakkasaroy tumanidagi ijaraga olgan xonadoni ko‘zdan kechirilganda, jami 43 666 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ta’kidlanishicha, ushbu dori vositalari ham Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
10:23 / 07.11.2024
DXX: Qo‘qonda xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari ozodlikdan mahrum etildi
14:41 / 06.11.2024
5 sotix yerni fuqaroga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘lgan ekologiya bo‘limi bosh inspektori 20 ming dollar bilan ushlandi
17:42 / 05.11.2024
Toshkent viloyatida MIB, soliq, bojxona xodimlari pora bilan ushlandi
17:25 / 04.11.2024