Jahon | 18:52 / 16.09.2024
4596
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha universiteti korrupsiya bo‘yicha tergov qilinmoqda, uning filiali Andijonda ham ochilgan

Polshaning Korrupsiyaga qarshi kurash markaziy byurosi (CBA) Collegium Humanum xususiy universiteti faoliyatini tergov qilmoqda. Uning sobiq rektori Pavel Charnetski, shuningdek, uning amakisi, sobiq deputat Rishard Charnetski hibsga olingan. Ushbu universitet filiali Andijonda ham faoliyat yuritmoqda.

Foto: PAP

Yevropa Kengashining polshalik sobiq deputati, Yevroparlament vitse-prezidenti Rishard Charnetski 11 sentabr kuni Varshava aeroportida xususiy universitet bilan bog‘liq mojaro yuzasidan hibsga olindi. Bu haqda Politico xabar berdi.

Polsha Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, Charnetskining hibsga olinishi Collegium Humanum xususiy universiteti bilan bog‘liq.

Universitet faoliyati Polshaning Korrupsiyaga qarshi kurash markaziy byurosi (CBA) tomonidan tergov qilinmoqda. Idoraning ta’kidlashicha, Collegium Humanum talabalarga moddiy va shaxsiy manfaatlar evaziga Polsha davlat kompaniyalari boshqaruv kengashiga kirish huquqini beruvchi MBA diplomlarini bergan.

Universitet asoschisi va sobiq rektori Pavel Charnetski fevral oyida CBA tomonidan hibsga olingan edi. U poraxo‘rlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va jinsiy majburlash kabi 30 ta jinoyatda ayblangan.

Pavel Charnetski Rishard Charnetskining jiyani hisoblanadi va amakisi bilan birga o‘tgan yilgi Polsha saylovlarida hokimiyatni yo‘qotgan PiS partiyasida ko‘plab yuqori darajadagi aloqalarga ega bo‘lgan.

11 sentabr kuni Varshavada Rishard Charnetskining rafiqasi Emiliya X. ham hibsga olingan. Uning Collegium Humanum xodimi bo‘lgani ta’kidlanmoqda.

2021 yil aprel oyida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi tomonidan Andijon viloyatida Collegium Humanum universiteti filialini ochish haqida qaror qabul qilingan, ushbu filial bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom berilishi belgilab qo‘yilgan edi.

Bloger Nikita Makarenkoning qayd qilishicha, ushbu filial 2022 yilda ochilgan va hozir ham faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, Pavel Charnetskiga O‘zbekiston Xalqaro iqtisodiyot va diplomatiya universitetining faxriy doktori darajasi berilgan. Bloger korrupsiya mojarosining O‘zbekistonga ham ta’sir qilishi mumkinligidan xavotir bildirdi.

«Yuzlab talabalar pulsiz, diplomsiz qolmasligi uchun Oliy ta’lim vazirligimiz bu masalani nazorat qilishi kerak, deb o‘ylayman», deb yozdi u.

Mavzuga oid