Trampning golf-klubi yaqinidagi otishma: nimalar ma’lum?
FQB Trampga qarshi yangi suiqasd ehtimolini tekshirmoqda, uni otishga urinishda gumonlanayotgan Rayan Rutning Ukrainadagi urush bilan bog‘liq tarixi haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi.
AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lgan Donald Tramp golf o‘ynash bilan mashg‘ul bo‘lgan golf-klub hududida o‘q ovozlari eshitildi. Tramp bu vaqtda otishma joyidan bir necha yuz metr masofada bo‘lgan. FQB hodisa suiqasdga urinishdek ko‘rinayotganini ma’lum qilgan. OAV havayilik 58 yoshli Rayan Uesli Raut gumondor sifatida qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.
«Prezident Tramp xavfsizlikda», — deya ma’lum qilgan uning saylovoldi kampaniyasi kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori Stiven Chung. Hodisa AQSh prezidentiga iyul oyida uyushtirilgan suiqasdni yodga soldi.
Hodisadan to‘rt soat keyin FQB, Maxfiy xizmat va mahalliy politsiya vakillari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Trampga tegishli bo‘lgan golf-klub yaqinida mashinada yashirinishga uringan erkak ushlangani, hududdagi butazorda esa — Kalashnikov avtomati topilgani ma’lum qilindi.
Prezidentlar va sobiq prezidentlarni qo‘riqlashga mas’ul bo‘lgan Maxfiy xizmatga ko‘ra, uning xodimi butazorda qurol stvolini payqab qolgan va hamkasblari bilan birgalikda darhol shu tomonga o‘t ochgan.
Keyin guvohlar bir odam butazordan chopib chiqib qora rangli Nissan avtomobili tomon yugurgani, mashinaga o‘tirib, jo‘nab ketganini ko‘rishgan. Politsiya ushbu shaxsni qo‘shni okrugdagi shosseda tutib olishgan.
Mahalliy politsiya sherifiga ko‘ra, Maxfiy xizmat agentlari otgan o‘qlar unga tegmagan. Butazordan optik mo‘ljallagich o‘rnatilgan AK-47 rusumli avtomat, ikkita ryukzak va GoPro videokamerasi topilgan.
Matbuot anjumani ishtirokchilari Tramp xavfsizlikda bo‘lganini ta’kidlashgan. Ularning izohlashicha, u golf o‘ynayotganida qo‘riqchilar doimo undan oldinroqda yuradi. Bu holatda sobiq prezident otishma joyidan 300-500 metr berida bo‘lgan.
Okrug sherifi gumonlanuvchi aynan guvoh yordamida tezda qo‘lga olinganini aytgan — u politsiyachilarga ushbu shaxs, uning mashinasini tasvirlab bergan va hatto Nissan raqamini eslagan.
Ko‘p o‘tmay bu mashinani qo‘shni Martin okrugiga olib boruvchi (Trampning golf-klubi Palm-Bich okrugida joylashgan) shosseda payqashgan. Okrug politsiyasiga bu ma’lumot yetkazilgach, Nissan to‘xtatilgan va haydovchi qo‘lga olingan. Shundan keyin guvoh Martin okrugiga olib borilgan va u qo‘lga olingan shaxsni tanigan.
Amerikadagi qator yetakchi telekompaniyalar va gazetalar huquq-tartibot organlaridagi anonim manbalariga asoslangan holda qo‘lga olingan shaxs Rayan Uesli Raut (Ryan Wesley Routh) ekani, u 58 yoshdaligi va Havayida yashashini ma’lum qilishdi. Hozircha qo‘lga olinganning shaxsi bo‘yicha rasmiy ma’lumot berilmagan.
Floridaning Martin okrugi sherifi Uilyam Snayder jurnalistlarga, uning ismini aytmagan holda, u qo‘lga olish chog‘ida o‘zini xotirjam tutgani va hech qanday hissiyotga berilmaganini aytgan.
«U biror marta gap nimadaligini so‘ramadi. Atrofda miltiq ko‘targan politsiyachilar turardi, ko‘p narsa ro‘y berdi, ammo unda hech qanday savol yo‘q edi», — degan sherif Snayder.
Gumonlanuvchi haqida nimalar ma’lum?
Associated Press xabariga ko‘ra, hujjatlarga ko‘ra 58 yoshli Rut hayotining asosiy qismini Shimoliy Karolinada o‘tkazgan, 2018 yilda Havayi orollaridagi Kaavaga ko‘chib o‘tgan. Havayida u va o‘g‘li omborlar qurish bilan shug‘ullanishgan.
Elektoral reyestrga ko‘ra, u 2012 yilda Shimoliy Karolinada saylovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, oxirgi marta 2024 yil martida Demokratik partiyaning mazkur shtatdagi praymerizida ovoz bergan.
Saylov kampaniyasini moliyalashtirish to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yildan buyon Rut 19 marta kichik siyosiy xayriyalar qilgan va jami 140 dollarni demokrat nomzodlarni qo‘llovchi ActBlue siyosiy harakatlar qo‘mitasiga o‘tkazib bergan.
BBC Verify xizmati ijtimoiy tarmoqlarda Ryan Routh nomiga ochilgan akkauntlarni va qo‘lga olingan shaxsnikiga o‘xshash fotosuratlarni o‘rgangan holda u Rossiyaga qarshi urushda Ukrainani qizg‘in qo‘llab kelganini aniqlagan.
Uning feysbukdagi ayrim postlari (hozirda uning sahifasi yopilgan) va bir videointervyusi u Rossiya bilan urushga xorijlik ko‘ngillilarni jalb etish bilan shug‘ullangani yoki shunga harakat qilganini taxmin qilishga imkon beradi, u bir marta Kiyevga ham borgan.
Uning profilida Falastin va Tayvanni qo‘llab, Xitoyga qarshi yozgan postlar bor, jumladan, Covid-19 pandemiyasi tufayli Xitoyni «biologik urush» ochishda ayblagan.
CBS manbasiga ko‘ra, Rut 2002 yildan 2010 yilga qadar bo‘lgan muddatda Shimoliy Karolina shtati Gilford okrugida bir necha bor jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Rutning o‘g‘li Oran Donald Trampga suiqasd ehtimoli yuzasidan CNN bilan suhbatda aqlsizlik qilish, ayniqsa zo‘ravonlik harakati sodir etish uning otasiga xos emasligini aytgan.
«Rayan — mening otam va menda uni mehribon va g‘amxo‘r ota, halol va mehnatkash inson sifatida ta’riflashdan boshqa hech qanday izoh yo‘q, — degan Oran Rut. — Men Floridada nima bo‘lganini bilmayman va umid qilamanki, barchasi shunchaki pashshadan fil yasash, chunki eshitganimdagidek aqlsizlik, ayniqsa zo‘ravonlik qilish — men biladigan odamni eslatmaydi».
Rut va Ukraina
Financial Times xabariga ko‘ra, Rayan 2022 yil fevralida Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlangach, Ukrainaga yo‘l olgan minglab xorijlik ko‘ngillilar safida bo‘lgan.
U Polshaning chegaradagi Medika shahriga kelib, Ukraina Xorijiy legioni ofisida suhbatda bo‘lgan va u yerda unga rad javobi berilgan. «Ular shunday deyishdi: „Siz 56 yoshdasiz, qarib qolgansiz va sizda tajriba yo‘q“, — deya hikoya qilgan Rut o‘tgan yili FT uchun intervyusida. — Ko‘ngillilarni yollash va ularning harakatlarini muvofiqlashtirish bilan shug‘ullana qolmaysizmi?»
Shundan keyin Rut «harakatlarni muvofiqlashtirish» uchun Kiyevga yo‘l olgan va Maydanda palatka qurgan. Bu yerda faner taxtaga fuqarolari Ukraina tomonida turib jang qilayotgan mamlakatlar bayroqlarini yopishtirib chiqqan.
U shuningdek Kiyev markaziy maydoniga varaqalar ilib chiqqan, Rossiyaga qarshi urushda qatnashish uchun qo‘liga qurol oluvchi xorijliklarga 1200 dollardan taklif qilgan. Varaqalarda uning koordinatlari ko‘rsatilgandi, harbiy yollovchilar esa u rasman Ukraina xorijiy legioni bilan aloqador emasligini aytishgan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqinining ilk oylarida o‘n minglab xorijliklar kelishgan, ammo ularning ko‘pchiligi, xuddi Rut kabi harbiy tajribaga ega emasdi va begona mamlakatda erkin harakatlana olmasdi.
Rutni tanigan odamlardan biri aytishicha, unga Xorijiy legionning Ukraina harbiy razvedka boshqarmasiga aloqador bo‘linmalaridan biri ham rad javobi bergan. FT muxbiri bilan gaplashgan bu odamning so‘zlariga ko‘ra, Rut o‘zining tartibsiz xatti-harakatlari tufayli ular uchun «biroz ortiqchalik» qilgan. Ukraina xorijiy legioni izoh berishdan bosh tortgan.
FT bilan suhbatda Rut Maydandagi palatkasi va yaratgan memoriali tufayli ukrain politsiyasi, shahar rasmiylari va boshqa shaxslar bilan bir necha bor tortishuvga borgan.
Rut shuningdek Ukrainaga toliblar hokimiyatga kelganidan keyin Afg‘onistondan qochib ketgan afg‘on askarlarini jalb qilishga uringan. «Bizda bekor o‘tirgan 20 000 afg‘on askari bor», — degan FT nashriga Rut. «Bu urush yillarga cho‘zilmasligi uchun ularni frontga yuborish mumkin».
Rut 2024 yil yozida ham yollash bo‘yicha yangiliklarni e’lon qilishda davom etgan. Uning iyul oyida feysbukda qoldirgan postida shunday deyiladi: «Askarlar, iltimos, menga qo‘ng‘iroq qilmang. Biz hali Ukraina afg‘on askarlarini qabul qilishi uchun harakat qilyapmiz va yaqin oylarda javob bo‘lishiga umid qilamiz… iltimos, sabrli bo‘ling».
Rut bilan Kiyevda uchrashgan odamning so‘zlariga ko‘ra, u afg‘on askarlari ma’lumotlari bazasini yuritgan, ammo Ukraina xorijiy legioni vakillari uning rejasini bema’ni deb hisoblashgan va rad etishgan.
Pheonix gumanitar proyekti xodimi, avval Ukrainada ishlagan Kris Luts BBC bilan suhbatda u 2022 yil iyunida Kiyevda Rut bilan bir necha bor ko‘rishganini aytgan.
«Men 2022 yil iyunida Rayan bilan bir necha bor shaxsan uchrashganman, — deydi Luts. — Rayan inglizcha gapiradigan barcha bilan aloqa o‘rnatishga harakat qilardi. U tinim bilmaydigan yigit edi».
Lutsning so‘zlariga ko‘ra, Rutni Kiyevda «yollovchi» deb atashgan, uning asosiy maqsadi xorijliklarni Ukraina qurolli kuchlari tomonida turib harbiy harakatlarda qatnashishga jalb etish bo‘lgan.
Uning xarakteri haqidagi savolga Luts shunday javob qaytargan: «Men uni jinni demagan bo‘lardim. U shunchaki ishga berilgandi. U bor kuchi bilan Ukrainaga yordam berishga harakat qilardi. Ammo unda Ukraina xorijiy legioniga odam yollash uchun huquq ham, vakolat ham yo‘q edi. Bu esa vaziyatni og‘irlashtirardi».
Lutsning so‘zlariga ko‘ra, Rut undan xorijlik ko‘ngilli jangchilarni yollashda yordam so‘ragan: «U mendan afg‘onlarni qanday qilib Ukrainaga jalb qilish mumkinligi haqida maslahat so‘radi. Ammo menda Ukraina huquq tizimi bilan ishlash tajribasi yo‘q edi, shuning uchun men bu iltimosga rad javobini berdim. U minglab afg‘on jangchilarini olib kelishi mumkinligini aytganida, menda ishonchsizlik paydo bo‘ldi».
Ma’lum bo‘lishicha, Rut Ukrainadagi urush haqida kitob yozgan, unda o‘zi qanday qilib «taslim bo‘lgani va ketgani» va bu qaror uni «odamlarning eng yomoniga aylantirgani»ni yozgan. «Ukrainadagi urush, qaysiki yengib bo‘lmaydigan» nomli kitob Amazon saytida uch dollar atrofidagi narxda sotilmoqda.
U shunday yozadi: «Men — dunyo o‘zgarishini xohlagan, ammo kommunizmga o‘zimni mag‘lub etishga, holdan toydirishga va uyga qaytarishga imkon bergan omadsiz, ikkiyuzlamachiman. Atigi besh oy o‘tdi va men loygarchilikka, sovuqqa, birinchi o‘q ovoziga dosh berolmasdan uyga chopdim, men yovuzlik va ezgulik kurashidagi eng oddiy sinovlarda kaltaklandim va kuchdan qoldim va mag‘lubiyatga uchradim».
Bu hodisa Trampning saylovoldi kampaniyasiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?
Entoni Zurker, BBC’ning Shimoliy Amerika bo‘yicha muxbiri
Ehtimoliy yangi suiqasddan keyingi ilk bayonotida Donald Tramp uni hech narsa to‘xtata olmasligi va chekinishga majbur qila olmasligini aytdi.
Bunday reaksiya sobiq prezidentning saylov kampaniyasiga xos, u tez-tez «unutilgan» amerikaliklar nomidan gapirayotgani uchun ta’qib qilinayotgani va hujumga uchrayotganini ta’kidlab keladi.
«Ular meni emas, sizni nishonga olishdi. Men shunchaki o‘q yo‘liga turdim», — deyishni yoqtiradi Tramp. Endi unda bu tezis bo‘yicha yana bir rangli illyustratsiya mavjud.
To‘g‘ri, so‘nggi hodisa Pensilvaniyadagi otishma kabi hissiy effekt bermasligi mumkin. U yerda suiqasd mitingda, qonga belangan, ammo qo‘rqmagan Trampni tasvirga olgan telekameralar qarshisida sodir etilgandi.
Bu safar sobiq prezident to‘g‘ridan to‘g‘ri xavfdan uzoqroqda edi. Matbuot sahifalarida va ekranlarda ko‘p kunlar davomida qayta-qayta paydo bo‘ladigan rang-barang tasvirlar yo‘qligi jamoatchilik ongiga ta’sir qilish darajasiga ta’sir qilishi mumkin.
Ammo, bu ehtimoliy suiqasdga urinish, kamida yangi sarlavhalarni keltirib chiqaradi, bu esa hech bo‘lmaganda sobiq prezidentning so‘nggi kunlardagi saylovoldi tashviqoti muammolaridan vaqtincha chalg‘itadi.
Mavzuga oid
19:28
Jang maydoniga aylanadigan shtatlar: AQShdagi saylovlar natijasini kim hal qiladi?
13:20 / 07.10.2024
Tramp o‘ziga suiqasd uyushtirilgan joyda nutq so‘zladi
10:20 / 07.10.2024
NYT Tramp va Putin Ukraina bo‘yicha birinchi muhokamani qachon o‘tkazganini ochiqladi
21:16 / 06.10.2024