O‘zbekiston | 18:55 / 19.09.2024
25670
3 daqiqa o‘qiladi

Korrupsiya oqibatida davlatga eng ko‘p zarar yetkazgan viloyatlar ma’lum qilindi

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida 2023 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.

Foto: RBK

2023 yilda sudlar tomonidan ko‘rilgan jinoyat ishlari tahlili korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning yuqori ulushi Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri kelganini, korrupsiyaga oid jinoyatlar soni Surxondaryo va Andijon viloyatlarida ortganini ko‘rsatdi. Bu haqda 19 sentabr kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2023 yilda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdi. Muhokamada senatorlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganligi ham ta’kidlandi.

Xususan, 2023 yilda respublika bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rilgan jinoyat ishlari tahlili korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning yuqori ulushi Andijon, Namangan, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlariga to‘g‘ri kelganini, korrupsiyaga oid jinoyatlar soni Surxondaryo va Andijon viloyatlarida ortganini ko‘rsatgan.

Korrupsiyaga oid jinoyat ishlari bo‘yicha sudlangan shaxslarning aksariyati maktabgacha va maktab ta’limi muassasalari, tijorat banklari, sog‘liqni saqlash tashkilotlari hamda hokimliklar xodimlari ekani ta’kidlangan.

Shuningdek, ichki nazorat tuzilmalarini tashkil etishda ayrim davlat idoralari tomonidan kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, ichki nazorat tizimi joriy etilgan davlat idoralarining 37 tasida tashkil etilgan 996 ta shtat birligidan 172 tasi (17,2 foiz) vakant bo‘lsa, 6 ta tashkilotning 35 nafar xodimiga qo‘shimcha vazifalar yuklangan. Shu bilan birga, 20 ta davlat tashkilotida ichki nazorat tizimini joriy etishga oid idoraviy hujjatlar ishlab chiqilmagan, 13 tasida ichki nazorat tizimi samarali faoliyat ko‘rsatmayapti.

Muhokama jarayonida Senat a’zolari tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, qator vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan qator takliflar bildirilgan.

Mavzuga oid