O‘zbekiston | 19:03
1392
4 daqiqa o‘qiladi

O‘z ishlayotgan tashkilotdagi korrupsiya haqida xabar berganlar himoya qilinadi

Yangi qonunga ko‘ra, agar shaxs o‘zi ishlayotgan davlat organidagi korrupsiya holati haqida asosli xabar bersa, ikki yil davomida unga nisbatan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini oldindan xabardor etmagan holda intizomiy jazo qo‘llashga, shu jumladan jazo tariqasida ishdan bo‘shatishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan illyustrativ surat

O‘zbekiston prezidenti 22 iyun kuni imzolagan qonun bilan, korrupsiyaga haqida xabar bergan shaxslarning himoyasi kuchaytirildi.

Unga ko‘ra, endilikda o‘zi mehnat faoliyatini olib borayotgan davlat organida korrupsiyaga oid jinoyat to‘g‘risida asosli xabar bergan shaxsga nisbatan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligini oldindan xabardor etmagan holda ikki yil davomida intizomiy jazo* choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qiluvchi shaxslarni rag‘batlantirish davlat tomonidan kafolatlanadi. Rag‘batlantirish bir martalik pul mukofoti, tashakkurnoma, esdalik sovg‘asi shaklida yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa shakllarda amalga oshirilishi mumkin.

Mazkur kafolatlar “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunda belgilab qo‘yildi. O‘zgarishlar 2026 yil 23 iyuldan kuchga kirdi.

Avvaldan mavjud kafolatlar

Ma’lumot uchun, bungacha ushbu qonunda korrupsiya haqida xabar beruvchilarga oid quyidagi normalar mavjud edi:

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari davlat himoyasida bo‘ladi.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qiluvchi shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar xizmat sirini tashkil etadi hamda faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va shaxsning o‘zining, shuningdek korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi organ rahbarining yozma ruxsati asosida oshkor etiladi.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qiluvchi shaxslarning hamda ularning yaqin qarindoshlarining hayotiga va sog‘lig‘iga haqiqiy tahdidni, ularga nisbatan zo‘rlik ishlatilganligini, ularning mol-mulki yo‘q qilinganligini yoki shikastlantirilganligini tasdiqlovchi yetarli asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, korrupsiyaga qarshi kurashishni amalga oshiruvchi organlar «Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ularni himoya qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rishi shart.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslarning va ularning yaqin qarindoshlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qilganligi sababli tajovuz qilishga, shuningdek ish beruvchi tomonidan ularning mehnatga oid huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi hamda bu qonunga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar qiluvchi shaxslarni rag‘batlantirish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Ushbu qoidalar korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida bila turib yolg‘on axborotni xabar qilgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi, ular bunday huquqbuzarlik uchun qonunga muvofiq javobgar bo‘ladi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid