Samsung’ning Hindistondagi zavodi xodimlari ish tashlash e’lon qildi
Samsung zavodida ishlayotgan xodimlar keyingi uch yil davomida o‘z maoshlari bosqichma-bosqich 50 foizga oshirilishini talab qilmoqda.
Janubiy Koreya texnologik giganti Samsung Electronics’ning Hindistondagi 1,5 mingga yaqin ishchisi 11 kundan buyon ish tashlash aksiyalarini o‘tkazmoqda. BBC’ning yozishicha, Tamilnad shtatidagi ish tashlashlar sabab ishlab chiqarishda jiddiy uzilishlar ro‘y bergan.
Chennay shahridagi zavod Samsung’ning Hindistondagi ikkita korxonasidan biri bo‘lib, 2 mingga yaqin insonni ish bilan ta’minlagan — maishiy texnika ishlab chiqariladigan ushbu zavod kompaniyaning mamlakatdagi yillik daromadining uchdan bir qismini ta’minlaydi (12 milliard dollar).
Ish tashlash e’lon qilgan xodimlar Samsung’dan o‘zlari yaqinda tashkil etgan Samsung India Labour Welfare Union (SILWU) kasaba uyushmasini talab qilmoqda. Ularning aytishicha, faqat kasaba uyushmalarigina ish haqi va ish vaqtini yaxshilash bo‘yicha rahbariyat bilan kelisha oladi.
Oxirgi yillarda Samsung tarixida eng yirikka aylangan mazkur norozilik namoyishi bosh vazir Narendra Modi xorij investitsiyalarini jalb qilishga urinayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Samsung India tomonidan e’lon qilingan bayonotda ishchilar farovonligi kompaniyaning ustuvor vazifasi ekani ta’kidlanadi. «Biz barcha muammolarga tezroq yechim topish maqsadida Chinnaydagi zavod xodimlari bilan muhokama o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdik», — deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, politsiya ruxsatsiz norozilik namoyishi uyushtirish ayblovi bilan 104 kishini qo‘lga olgan. Ammo ular kechga borib qo‘yib yuborilgan.
Hindiston kasaba uyushmalari (Citu) ma’lumotlariga ko‘ra, Samsung zavodida ishlayotgan xodimlar oyiga 25 ming rupiy maosh oladi (298 dollar). Ular keyingi uch yil davomida o‘z maoshlari bosqichma-bosqich 50 foizga oshirilishini talab qilmoqda.
Citu’ning ta’kidlashicha, zavoddagi ishchilar «bosim ostida bo‘lib, ulardan har bir mahsulotni o‘z vaqtida topshirish talab qilinadi — masalan, muzlatkich, kir yuvadigan mashina yoki televizor uchun 10-15 soniya vaqt ajratiladi. Ishchilar 4-5 soatlab xavfsizlik bo‘lmagan sharoitda uzluksiz ishlaydi.
Samsung India kompaniya «barcha ayblovlarni mutlaqo rad etishini va amaldagi mehnat qonunlariga to‘liq rioya qilinishini» bildirdi.
Mavzuga oid
09:40 / 02.11.2024
Hindiston Farg‘onada xalqaro ko‘p tarmoqli klinika tashkil etadi
17:51 / 01.11.2024
“Hindiston va pokistonliklarga nisbatan ksenofobiya kuzatilgan”. Qirg‘izistonda xorijlik talabalar xush ko‘rilmayaptimi?
17:13 / 30.10.2024
BMW, Mercedes, Porsche va boshqa nemis kompaniyalarida umummilliy ish tashlash boshlandi
16:47 / 29.10.2024