Jahon | 11:20 / 23.09.2024
4070
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Nyu-Yorkka BMT Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun keldi

Volodimir Zelenskiy Jo Baydendan tashqari, AQSh prezidentligiga nomzodlar – Kamala Harris va Donald Tramp bilan, shuningdek, Kongress vakillari va bir qancha davlat rahbarlari bilan uchrashmoqchi.

Foto: Telegram / V_Zelenskiy_official

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Nyu-Yorkka yetib keldi. Bu haqda u 22 sentabr, yakshanba kuni kechqurun X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi. «Asosiy maqsad — Ukrainani mustahkamlash va butun xalqimizni himoya qilish, bu urushni faqat global sa’y-harakatlar orqali adolatli tinchlik bilan tugatish mumkin», dedi Ukraina rahbari. U, shuningdek, «Ukrainaning Rossiya Federatsiyasiga qarshi mudofaa urushida g‘alaba qozonish rejasini» e’lon qiladi, u «barcha ittifoqchilar stolida bo‘ladi». Avvalroq, Zelenskiy uning «g‘alaba rejasi» xavfsizlik, Ukrainaning geosiyosiy o‘rni, kuchli harbiy va iqtisodiy yordam bo‘yicha qarorlar haqida ekanini aytgan.

Zelenskiy BMT Bosh assambleyasi yig‘ilishida nutq so‘zlashi kutilmoqda, 26 sentabr kuni esa Oq uyda AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashishi rejalashtirilgan. Ukraina prezidenti AQSh prezidentligiga Demokratlar va Respublikachilar partiyasidan nomzodlar – Kamala Harris va Donald Tramp bilan ham uchrashish niyatini bildirdi. Bundan tashqari, uning Amerika Kongressi vakillari, shuningdek, qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashuvlari rejalashtirilgan.

Taxminlarga ko‘ra, Zelenskiy o‘z uchrashuvida Baydenga taqdim etadigan «g‘alaba rejasi»ning bandlaridan biri AQSh va uning ittifoqchilari hali ham rad etayotgan G‘arbning uzoq masofali qurollari bilan Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba yo‘llashga ruxsat bo‘lishi kutilmoqda. Bloomberg agentligiga ko‘ra, rejaga ko‘ra, Ukraina yil oxirigacha NATOga a’zo bo‘lish uchun rasmiy taklifnoma olishi ham ko‘zda tutilgan.

Zelenskiy Baydenga «Ukraina g‘alabasi rejasini» taqdim etadi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Amerika davlat rahbari Jo Baydenga to‘rt asosiy va bitta qo‘shimcha banddan iborat «Ukraina g‘alabasi rejasi»ni taqdim etadi. Zelenskiy CNN jurnalisti Farid Zakariyaga bergan intervyusida rejaning ayrim tafsilotlarini oshkor qildi. Suhbatdan parchalar 15 sentabr kuni «Ukrainskaya pravda» nashri tomonidan chop etilgan.

«Men bir nechta bandlarni tayyorladim. Ulardan to‘rttasi asosiy bandlar, plyus bittasi esa urushdan keyin bizga kerak bo‘ladi», dedi Zelenskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap xavfsizlik, Ukrainaning geosiyosiy o‘rni, juda kuchli harbiy yordam, shuningdek, iqtisodiy yordam bo‘yicha qarorlar haqida bormoqda. «Agar prezident Bayden bizning rejamizni qo‘llab-quvvatlasa, u va uning jamoasi bizning pozitsiyamizni mustahkamlaydigan yana bir narsani qo‘shsa, biz tayyormiz», - deya qo‘shimcha qildi Ukraina rahbari.

Bild Zelenskiyning strategiyasi haqida xabar berdi

Bild nemis gazetasi 14 sentabr kuni o‘z veb-saytida Zelenskiy yaqin kunlarda AQShga tashrif buyurishi va u yerda Bayden, shuningdek, AQSh prezidentligiga Demokratlar va Respublikachilar partiyasidan nomzodlar Kamala Harris va Donald Trampga strategiyasini taqdim etishi haqida xabar berdi.

Bild nashrining yozishicha, reja G‘arb qurollaridan Rossiya Federatsiyasi hududiga uzoq masofali zarbalar yo‘llashga ruxsat berish talabini ham, Ukraina frontning ayrim sektorlarida o‘t ochishni to‘xtatish va «vaziyatni vaqtinchalik muzlatish»ga rozi bo‘lishga tayyorligini ham nazarda tutadi. 

Mavzuga oid