Kiyev: XXR - RF armiyasi uchun ehtiyot qismlar yetkazib berishning asosiy kanali
Rossiya qurollari uchun barcha xorijiy komponentlarning 60 foizi Xitoy orqali keladi, dedi Zelenskiyning maslahatchisi.
Ukrainaga qarshi urushda qo‘llangan Rossiya qurollari uchun xorijiy komponentlarning qariyb 60 foizi Xitoy orqali Rossiya Federatsiyasiga keladi, dedi Ukraina prezidenti devoni maslahatchisi Vladislav Vlasyuk 24 sentabr, seshanba kuni Bryusselda jurnalistlarga. «Agar siz barcha oddiy qurollarni olib, xorijiy qismlarni hisoblasangiz, ularning 60 foizga yaqini Xitoydan keladi. Bu borada ba’zi ishlab chiqaruvchilar bilan uzoq muhokamalar o‘tkazdik. Men Xitoyni eng katta muammo deb aytgan bo‘lardim», dedi u.
Ukrainada sanksiyalar siyosati bo‘yicha vakolatli vakil lavozimini egallab turgan Vlasyukning so‘zlariga ko‘ra, razvedka uskunalari, uchuvchisiz uchoqlar va raketalarda qo‘llanadigan muhim komponentlar AQSh, Yaponiya, Niderlandiya, Shveytsariya va boshqa G‘arb mamlakatlarida ham jo‘natish punktlariga ega.
Pekin, Rossiya bilan keng savdo aloqalariga qaramay, urushda biron bir tomonni qurol bilan ta’minlashini doimo rad etib, Xitoyning Ukraina inqiroziga aloqasi yo‘qligini ta’kidlab keladi. Rossiya 2022 yilning fevralida Ukrainaga bostirib kirdi va G‘arbning katta sanksiyalariga qaramay, o‘z urush mashinasini G‘arb mikrochiplari va yarimo‘tkazgichlari bilan muvaffaqiyatli ta’minladi.
Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chaqiriq
Vladislav Vlasyuk Yevropa Ittifoqi G‘arb mahsulotlarining Rossiyaga kirib kelishini to‘xtatish uchun ko‘proq ish qila olishiga ishonyapti. Variantlardan biri sifatida u Rosatomga qarshi sanksiyalar joriy etishni taklif qildi. «Biz Rossiya bu kompaniyadan Rossiya armiyasini ta’minlash uchun foydalangan deb hisoblaymiz, biroq Yevropa poytaxtlari Rossiyaning atom elektr stansiyalarini yetkazib berishdagi ustun mavqeyi tufayli unga qarshi hech qanday chora ko‘rishni istamayapti», dedi ukrainalik rasmiy.
Vlasyukning so‘zlariga ko‘ra, yana bir nishon Rossiya logistikasi – havo va dengiz portlari, shuningdek, Rossiyaga ta’minotni osonlashtiradigan moliyaviy institutlar bo‘lishi mumkin. Shu munosabat bilan, amaldor Rossiya IT sohasiga qarshi Amerika sanksiyalar paketini eslatib o‘tdi, uning so‘zlariga ko‘ra, u sentabr oyida kuchga kirganidan beri juda yuqori samaradorlikni namoyish etdi.
Mavzuga oid
22:22 / 16.11.2024
Xitoyda imtihondan o‘ta olmagan talaba ommaviy qirg‘in uyushtirdi
17:54 / 16.11.2024
T-Mobile uyali aloqa operatori xitoylik hakerlar hujumiga uchradi – OAV
16:48 / 16.11.2024
Xitoyda ayol bir sutkada olti marta plastik operatsiya qilinganidan so‘ng vafot etdi
14:22 / 16.11.2024