O‘zbekiston | 20:48 / 26.09.2024
2751
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston va O‘zbekiston davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi hujjatni BMT Kotibiyatiga topshirdi

Mazkur hujjat Qozog‘iston-O‘zbekiston davlat chegarasini xalqaro huquqiy jihatdan rasmiylashtirish bo‘yicha ko‘p yillik hamkorlikdagi ishlarning natijasi ekanligi ta’kidlandi.

Foto: gov.kz

Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi bitim ro‘yxatga olish va e’lon qilish uchun BMT Kotibiyatiga taqdim etildi. Bu haqda Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Bitim ikki respublika prezidentlari Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2022 yil 22 dekabr kuni Qozog‘iston rahbarining Toshkentga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan edi. Hujjat 2023 yil 4 iyuldan kuchga kirgan.

Tashqi ishlar vazirligi mazkur hujjat Qozog‘iston-O‘zbekiston davlat chegarasini xalqaro huquqiy jihatdan rasmiylashtirish bo‘yicha ko‘p yillik hamkorlikdagi ishlarning natijasi ekanligini ta’kidladi.

25 sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasining Nyu-Yorkdagi sessiyasi doirasidagi uchrashuvda Qozog‘iston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi bitimning BMT Kotibiyatida ro‘yxatga olinishi Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari uchun misli ko‘rilmagan tajriba ekanini ta’kidladilar.

Hujjatning tarixiy ahamiyati ta’kidlanib, mazkur voqea ikki davlatning yaxshi qo‘shnichilik va abadiy do‘stlik tamoyillariga sodiqligi, ittifoqchilik munosabatlari ruhi, o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor ekani qayd etildi.

Mavzuga oid