O‘zbekiston | 21:06 / 01.10.2024
5262
7 daqiqa o‘qiladi

1 oktyabrning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Agrar universitetdagi yong‘in, lavozimini tark etgan Allamjonov, bozor tamoyillariga o‘tayotgan tezyurar poyezdlar va butunjahon kosmos haftaligi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Agrar universitetidagi yong‘in

Toshkent davlat agrar universiteti hududida 30 sentabr oqshomda yirik yong‘in sodir bo‘ldi.

Ikki soat davom etgan yong‘inni o‘chirish operatsiyasiga favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshevning o‘zi voqea joyida rahbarlik qilgan.

Hodisa oqibatida tan jarohati olgan va halok bo‘lganlar to‘g‘risida FVVga ma’lumot kelib tushmagan.

Qayd etilishicha, yong‘in haqidagi xabar soat 20:10 da kelib tushgan bo‘lib, yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 20:17 da hodisa joyiga yetib borgan.

FVV xabariga ko‘ra, yong‘in 30 sentabr kuni soat 21:36 da qurshab olinib, 22:10 da batamom o‘chirilgan.

Rasmiy axborotda qancha maydonni qamrab olganiga aniqlik kiritilmagan. Favqulodda vaziyatning ehtimoliy sabablari ham noma’lum bo‘lib qolmoqda.

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi Qibray tumanida joylashgan Toshkent davlat agrar universiteti hududida sodir bo‘lgan yong‘in holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi — Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.

Komil Allamjonov lavozimdan ketdi

Prezident administratsiyasi Axborot siyosati departamenti rahbari Komil Allamjonov o‘z lavozimidan ozod etildi. Prezident matbuot xizmati u boshqa ishga o‘tayotganini ma’lum qilgan.

«Komil Allamjonov yurtimizda so‘z erkinligini rivojlantirish, davlat organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash va xalq ta’limi tizimini takomillashtirish bo‘yicha prezidentimiz Sh.Mirziyoyev belgilab bergan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda katta natijalarga erishdi», — deyiladi rasmiy xabarda.

«Komil Ismoilovich bilan yaqindan ishlagan ko‘p sonli hamkasblarimiz qatorida uning kasbiy mahoratini yuksak baholab, kelgusidagi faoliyatida ulkan zafar va muvaffaqiyatlar tilab qolaman», — deyilgan xabarda.

Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham Komil Allamjonovning kelgusi faoliyatiga omad tiladi.

«O‘tgan 2 yil davomida prezident bergan barcha topshiriqlarga mas’uliyat bilan yondashib, davlat va jamiyat uchun muhim katta loyihalarni amalga oshirdingiz. Matbuot va ta’lim tizimini takomillashtirishda o‘z hissangizni qo‘shdingiz va katta natijalar ko‘rsatdingiz. Buning uchun sizga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

Ishonamizki, siz boshlagan loyihalar kelajakda albatta o‘z mevasini beradi. Sizga fidokorona xizmatingiz va professionalizmingiz uchun chuqur minnatdorchilik bildiramiz. Kelgusidagi har qanday yangi faoliyatingizda omad sizga yor bo‘lsin. Katta rahmat sizga», – degan Mirziyoyeva.

O‘z navbatida, Allamjonov mamlakat manfaati yo‘lida, prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida xizmat qilish imkoniyati va bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildirdi. U davlat rahbari belgilab bergan maqsadlar va g‘oyalarga chin yurakdan sodiqligini yana bir bor ta’kidlab o‘tgan.

«Siz bilan birga ishlab, katta natijalarga erishganimizdan faxrlanaman. Men xususiy sektorda faoliyatimni davom ettirib, iqtisodiyotning muhim sohalariga zamonaviy texnologiyalar, investitsiyalar jalb qilishni rejalashtirmoqdaman. Bu orqali yurtimiz ravnaqi va taraqqiyotiga o‘z hissamni qo‘shish niyatim bor», — degan u.

Tezyurar poyezdlarda tariflar erkinlashtiriladi

Yuqori tezlikdagi va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchi tashish xizmati tariflari erkinlashtiriladi. Narxlarni davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechilib, bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmi joriy etilmoqda.

Oliy Majlis Senati yalpi majlisida «Temiryo‘l transporti to‘g‘risida»gi qonun ma’qullandi.

Qonunda «temiryo‘l transporti» tushunchasi qayta ko‘rib chiqilib, yangi tahrirda bayon etilmoqda. Bunda temiryo‘l transporti umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda bo‘lmagan turga ajratilmoqda. Umumiy foydalanishdagi temiryo‘l infratuzilmasidan foydalanish tartibi va infratuzilma operatori faoliyati tartibga solinmoqda hamda tashuvchilarning huquq va majburiyatlari mustahkamlanmoqda.

Temiryo‘l transportida bozor tamoyillari asosida erkin shakllantiriladigan tariflar aniq belgilanayotgan bo‘lib, unga ko‘ra yuk vagonlarini taqdim etish, yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechilib, bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmi joriy etilmoqda.

Narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlarini (yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashishdan tashqari) ko‘rsatishdan ko‘rilgan zararlarni davlat budjeti hisobidan kompensatsiya qilish tartibi joriy etilmoqda.

Butunjahon kosmos haftaligi

O‘zbekistonda 4–10 oktyabr kunlari «Butunjahon kosmos haftaligi» tadbirlari bo‘lib o‘tadi. 

BMT Bosh assambleyasi tomonidan 1999 yilda imzolangan rezolyutsiyaga muvofiq, har yili oktabr oyining dastlabki 10 kunligida dunyoning 100 ga yaqin davlatlari mazkur sanani keng nishonlaydi.

«O‘zbekkosmos» agentligi ham «Butunjahon kosmos haftaligi» doirasida ko‘plab yirik loyihalarni amalga oshiradi. Xususan, 4-10 oktyabr kunlari Tashkent City Mall markazida kosmos tarixiga bag‘ishlangan maxsus ko‘rgazma o‘z ishini boshlaydi.

5-6 oktyabr kunlari Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida «O‘zbekkosmos» agentligi va NASA hamkorligida tashkil etilayotgan yirik NASA Space Apps Challange2024 hakatoni bo‘lib o‘tadi. Unda 200 nafardan ziyod yoshlar 40 ga yaqin jamoalarga bo‘lingan holda o‘z loyihalarini ishlab chiqadi.

Mavzuga oid