Jahon | 16:23 / 04.10.2024
5708
5 daqiqa o‘qiladi

Eronning Isroilga raketa zarbasidan keyin neft narxi oshdi

Neft bozorlari Isroilning Erondagi neft inshootlariga javob zarbalari yo‘llashi ehtimolidan xavotirlanmoqda, bu narxlarning yanada ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.

Foto: NurPhoto

1 oktyabr kuni Eron Isroilga qarshi yuzlab ballistik raketa uchirganidan so‘ng, jahon bozorida xom neft narxi ko‘tarildi. ICE birjasida Brent markali neft fyucherslari 2,9 foizga ko‘tarilib, bir barreli 73,56 dollarga yetdi. Nymex birjasida esa WTI markali neft fyucherslari 3,5 foizga o‘sib, bir barreli 70,92 dollarni tashkil etdi.

2 oktyabr kuni Osiyo sessiyasi davomida har ikki turdagi neft narxi 1 foizdan ortiq o‘sishni davom ettirdi va mos ravishda bir barrel uchun 74,56 va 70,94 dollarga yetdi.

Eron raketalarining ko‘pchiligi Isroilning havo mudofaasi tizimlari tomonidan bartaraf etilgani sababli, yangi keskinlashuvning neft bozoriga ta’siri hozircha cheklangan bo‘lishi mumkin, dedi mutaxassislar.

Neft narxi yanada oshishi mumkin

Neft bozorlari Isroilning Eron neft inshootlariga javob zarbalari yo‘llashi ehtimolidan xavotirlanmoqda, bu narxlarning sezilarli darajada ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.

Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPeK) ma’lumotlariga ko‘ra, Eron dunyodagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchi o‘nta davlat qatoriga kiradi. Avgust oyida mamlakatning kunlik neft qazib olish hajmi 3,3 million barreldan oshib, so‘nggi besh yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi.

Eron neftining yarmini eksport qiladi, bu jahon taklifining taxminan 2 foizini tashkil etadi.

Bundan tashqari, Eron va Isroil o‘rtasidagi harbiy mojaroning kuchayishi AQSh tomonidan Eron nefti eksportiga nisbatan sanksiyalarning tiklanishiga olib kelishi mumkin, bu esa narxlarni yanada oshiradi.

So‘nggi uch oy mobaynida talab susayishi oqibatida neft narxlari pasayib bordi. Shu bilan birga, AQShda neft qazib olishning rekord darajaga ko‘tarilgani va jahon miqyosida “yashil” energiyaga o‘tish jarayonlari ham narxlarning tushishiga hissa qo‘shdi. Ushbu makroiqtisodiy omillarga qaramasdan, geosiyosiy vaziyatning keskinlashuvi ko‘pincha neft bozorida “buqa” omili sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Xitoyning so‘nggi siyosiy chora-tadbirlari ham dunyodagi eng yirik neft importchisi uchun talab istiqbollarini yaxshilashi mumkin.

O‘tgan hafta Xitoy Xalq banki asosiy stavkalar pasayishi bilan birga zaxira talablari me’yori 0,5 foizga pasayishini e’lon qildi. Xitoy, shuningdek, uy-joy sektori va fond bozorlarini qo‘llab-quvvatlash uchun siyosatni yumshatish bo‘yicha bir qator choralarni amalga oshirdi.

“Xitoyning rag‘batlantiruvchi choralar paketi ham muhim omil hisoblanadi. Agar dunyo bo‘yicha ikkinchi yirik iqtisodiyot taklif cheklanishi mumkin bo‘lgan bir paytda talabni oshirishi mumkin degan fikr mavjud bo‘lsa, bu xom neft narxlariga qo‘shimcha turtki bo‘ladi”, — dedi ekspertlar.

Avvalroq OPeK+ 2025 yilgacha taklif hajmini oshirish rejasi doirasida dekabrdan boshlab birgalikda neft qazib olishni kuniga 180 ming barrelga ko‘paytirishga kelishib olgandi.

AQShda neft qazib olish o‘sishi va mahsulot narxlarining pasayishi sharoitida bozor ulushi va rentabillikning pasayishi tufayli OPeK+ bosimga duch kelmoqda.

Shu bilan birga, tashkilotga a’zo davlatlar neft qazib olishni ixtiyoriy ravishda qisqartirish kelishuviga to‘liq rioya qilmagan, Eron va Qozog‘iston kabi davlatlar esa o‘z majburiyatlarini bajarmagan.

Bu ikki mamlakat taklif hajmini qayta taqsimlab, sentabr va oktyabr oylarida kuniga 123 000 barrel qisqartirishni o‘z zimmasiga oldi. Ushbu kompensatsion qisqartirishlar to‘liq amalga oshirilmaguncha, OPeK+ ishlab chiqarish hajmini oshirishi ehtimoldan uzoq.

Biroq yuzaga kelgan vaziyat Eron neft bozoridagi tendensiyalarni shakllantirishda hal qiluvchi rol o‘ynashini ham ko‘rsatadi.

Geosiyosiy keskinlikning kuchayishi neft narxlarining yanada o‘sishiga turtki bo‘lishi mumkin, bu esa jahon inflatsiyasi istiqbolini murakkablashtiradi.

Mavzuga oid