Jamiyat | 11:46 / 05.10.2024
85129
11 daqiqa o‘qiladi

Yollanma qotillar, sirli buyurtmachi va chalg‘itilgan tergov – Namangandagi mudhish qotillik tafsiloti

2023 yilning 10 fevral kuni yarim tunda Yangi Namangan tumani Beruniy mahallasida yashovchi tadbirkordan turmush o‘rtog‘iga “Rozi bo‘l, men sendan roziman” degan sms xabar keladi. 11 fevral kuni tongda esa ayolning yig‘i aralash baqir-chaqiridan qo‘ni-qo‘shni uning uyiga to‘planadi: tadbirkorning jasadi omborxonada bo‘ynidan osilgan holda turardi. Ekspertiza u o‘zini osganligini tasdiqlaydi. Ko‘rgilik, o‘z joniga qasd qilibdi, deya mayitni ko‘mishadi. Ammo asl haqiqat “ko‘milmay” qolgandi. 

Tadbirkorning o‘limi

Yangi Namangan tumanining Beruniy mahallasida yashovchi Adham Mirdadayevni ko‘pchilik omadli yigit deb bilardi. Sababi u tadbirkorlik bilan shug‘ullanar, mehnatining ortidan yaxshigina mol-mulk orttirgandi.

2023 yilning 11 fevral kuni qishloqda Adham o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar tarqaladi. Elning og‘ziga elak tutib bo‘larmidi, tadbirkor xonadonining omborxonasida o‘zini osganligi haqidagi gap tildan tilga o‘tib, barchaning qulog‘iga yetib borgandi.

“Katta ishlarning muammosi ham katta bo‘ladi-da, yigit jiddiyroq masalaga aralashib qolgan-ov”, derdi eshitganlar bosh chayqab.

Uzrli smslar

2023 yilning 10 fevral kuni yarim tunda Adham Mirdadayevning telefon raqamidan ikki kishiga – sha’riy nikohdagi turmush o‘rtog‘i hamda akasiga sms xabar boradi.

Turmush o‘rtog‘i Saidaxon Qayumovaga borgan xabarda “Rozi bo‘l, men sendan roziman” deyilgandi.

Akasiga borgan xabar esa quyidagicha edi:

Assalomu alaykum. A’zam aka, man charchadim, ertaga meni tergovga chaqirgan. Anvar akaning qarzini uzmasdan qamalishga haqqim yo‘q. Nargiza sudga berib yuboribdi, aka. Nargiza kelsa haydab yuboring, jon aka, men uyimni Saidaga qarzimga o‘tkazdim, tovarlarimni ham, hamma narsani. Aka, to‘g‘risi siz bilan urishishdan charchadim, Anvar akadagi omonatimga xiyonat qilib qo‘ydim. Aka, hamma chok mashinalarni past sexga o‘rnatinglar. Anvar akaning ishini, pulini olib, Saida yurgizadi, yordam qilarsiz. Men qamalib qolishga haqqim yo‘q edi. Jon aka, yaxshi-yomon gapirgan bo‘lsam uzr. Sizdagi tovarlar sizdagi qarzimga «raschyot». Saidaga yordam qiling, aka, sababi u meni sotmadi, doim yonimda turdi. Anvar akaga omonatini qaytarishga aqlim yetmayapti”. 

Adham Mirdadayev sms xabarida tilga olgan Anvar ismli shaxs turmush o‘rtog‘i Saidaxon Qayumovaning muqaddam jinoyat sodir qilgani uchun hozirda jazo muddatini o‘tayotgan amakisi Anvar Qayumov edi. Tadbirkor yigit aslida Anvar Qayumov rahbarligidagi “Porloq Textil” MChJ faoliyatini vaqtinchalik boshqarib kelayotgandi. 

Ushbu ikki sms xabaridan keyin 11 fevral kuni tongda Saidaxon Qayumova baqirgan holda turmush o‘rtog‘i o‘z joniga qasd qilganini qo‘shnilariga bildiradi, yaqin qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qilib aytadi.

Voqea joyiga qo‘ni-qo‘shnilar, qarindoshlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari to‘planadi: Adham Mirdadayevning murdasi omborxonada bo‘ynidan osilgan holda turardi.

Tadbirkor o‘z joniga qasd qilgani ekspertizada tasdiqlanadi. A’za ochilib, mayit ko‘miladi. Ammo haqiqat “ko‘milmay” qolgandi...

Jinoyatga yetaklagan orzu

Aslida Adham Mirdadayev turmush o‘rtog‘i, 29 yoshli Saidaxon Qayumovaning buyurtmasi asosida yollanma qotillar tomonidan o‘ldirilgan edi.

Ayol nega erini o‘ldirishga qotillar yolladi? Saidaxon Qayumova boshqalarga nisbatan yaxshiroq yashashni, o‘zining mashinasi, hovli va boshqa mulklari bo‘lishini orzu qilardi. U dabdabali hayot kechirishni tekin boylik orttirish orqali amalga oshirmoqchi bo‘ladi va shu jinoyatga qo‘l uradi.

Avvaliga hammasi xamirdan qil sug‘urganday oson kechadi: ekspertiza xatoga yo‘l qo‘ygan, tergov chalg‘itilgandi. Go‘yoki yopiqlik qozon yopiqligicha qolayotgan edi. Biroq oradan bir yil o‘tib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar barchasini fosh qiladi.

Jinoiy reja

Saidaxon Qayumova turmush o‘rtog‘i Adham Mirdadayevning uy-joyi, mol-mulklariga yakka o‘zi egalik qilish uchun uni o‘ldirishni o‘ylay boshlaydi. Albatta, bu ishni yolg‘iz o‘zi amalga oshira olmasdi. Shuning uchun ayol qotil yollashni maqsad qiladi.

Saidaxon yollanma qotil topish uchun o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan, Namangan shahar Obodonlashtirish boshqarmasida uchastka ustasi vazifasida ishlovchi Akbarjon Nurmatov hamda uning xodimi Orifjon Obloberdiyevga murojaat qiladi. Ayol xizmat haqi uchun yaxshigina pul berishini aytadi.

Akbarjon va Orifjon ayolning taklifini o‘zlari amalga oshira olmasliklarini aytib, ishga Firdavs Sultonov hamda Ali Sultonovni ham jalb etishadi. Ular “xizmat haqi” uchun 2 ming AQSh dollari talab qiladi. Orzu o‘tida yonayotgan ayol uchun bu pul hech narsa emasdi.

Yarim tundagi qotillik

Saidaxon Qayumova jinoiy guruhga o‘zi rahbarlik qiladi. U guruhning har bir a’zosiga vazifalarni taqsimlab beradi.

Rejaga ko‘ra, ayol ko‘rsatilishi mumkin bo‘lgan faol qarshilikni yengish maqsadida turmush o‘rtog‘ini uxlatib qo‘yishi yoki xushsiz holga keltirishi, so‘ngra jinoiy sheriklariga xabar berishi, ularning xonadonga kirish uchun qulay sharoitlar yaratishi kerak bo‘lgan. Shuningdek, Saidaxon Qayumova jinoyat sodir etilishini osonlashtirish maqsadida guruh a’zolariga niqob, tibbiy qo‘lqop va qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan arqon hamda boshqa buyumlarni sotib olishni moliyalashtirgan.  

Jinoiy guruhning qolgan a’zolari Adham Mirdadayevni arqondan yasalgan sirtmoq yordamida qasddan o‘ldirishlari, kelgusida jinoiy javobgarlikdan qutulish maqsadida uning murdasini omborxonaga osib, go‘yoki o‘z joniga qasd qilganday ko‘rsatishlari kerak edi. 

2023 yilning 9 fevral kuni yarim tunda, turmush o‘rtog‘i uxlab yotganida Saidaxon Qayumova jinoiy rejani amalga oshirish maqsadida Nurmatov va Obloberdiyevga qo‘ng‘iroq qiladi. Guruh a’zolari topshiriqqa asosan tadbirkorning Yangi Namangan tumani, Beruniy mahallasidagi xonadoniga yetib borishadi. Biroq jinoyatni amalga oshirish uchun yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rishmaganini aytib, ishni 10 fevral tuniga qoldirishadi hamda qaytib ketishadi.

2023 yilning 10 fevral kuni soat 23:00 larda Saidaxon Qayumova guruh a’zolariga qo‘ng‘iroq qilib, jinoiy rejani amalga oshirishga qulay fursat kelganini, turmush o‘rtog‘i Adham Mirdadayev qattiq uyquda ekanini aytadi. “Sizlarni uyning darvozasi oldida kutib olaman, zudlik bilan yetib kelinglar”, deydi u.

 4 erkak yarim tunda manzilga yetib boradi va ayolning ishorasi bilan xonadonga kirishadi. Ular birov tanib qolmasligi uchun boshlariga ayollar “kolgotka”si va qo‘llariga tibbiy qo‘lqop kiyib olishgandi. Saidaxon Qayumova qo‘shni xonadagi jiyani va 3 nafar farzandi qattiq uyquda ekanligiga ishonch hosil qilgach, qotillarni eri uxlab yotgan yotoqxonaga boshlab kiradi. 

Ayol, Akbarjon Nurmatov va Ali Sultonov qattiq uyquda bo‘lgan Mirdadayevning qo‘l va oyoqlarini bosib turadi, Orifjon Obloberdiyev hamda Firdavs Sultonov esa oldindan tayyorlab qo‘yilgan arqon sirtmoqni tadbirkorning bo‘yniga solib, yarim soat bo‘g‘ib turishadi. Oqibatda Adham Mirdadayev hodisa joyida vafot etadi.

So‘ngra jinoyatchilar marhumning murdasini u o‘zini o‘zi osib vafot etgandek ko‘rsatish uchun hovlidagi omborxona to‘siniga osib qo‘yishadi.  

Dabdabali hayotdan qamoqqa

Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin ham chiqadi, degan gap rost. Saidaxon Qayumova hammasini yeng ichida qila oldim, deya noto‘g‘ri o‘ylagandi. Ushbu jinoyatdan qariyb 10 kishi xabardor bo‘lgan. Buncha odam bilgan sir esa bir kuni oshkor bo‘lishi aniq edi.

Jinoiy guruhning qilmishlari oradan bir yil o‘tib fosh etiladi. 2024 yilning mart-aprel oylarida guruh a’zolarining barchasi ushlanib, ular qamoqqa olinadi.

Ekspert-kriminalistning xatosi

Sudlanuvchilar orasida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Namangan filiali ekspert-kriminalisti lavozimida ishlagan shaxs ham bor. U Mirdadayevning o‘limi sabablarini aniqlashda xatolikka yo‘l qo‘ygan. Uning xatosi esa hammani marhum o‘z joniga qasd qilganiga ishontirishga uringani jinoiy guruhning foydasiga ishlagan.

Jumladan, ekspert-kriminalist murdaning bo‘yin sohasini kesib tekshirmagan bo‘lsa-da, rasmiy hujjat hisoblangan ekspertiza xulosasiga bu ish qilingani haqida soxta ma’lumot va yozuvlar kiritgan. Shuningdek, Mirdadayev tiriklik vaqtida bo‘g‘ib o‘ldirilib, so‘ng osib qo‘yilgan bo‘lsa ham uning bo‘yin sohasidagi birinchi strangulyatsion egat sidirilib asosiy egatga qo‘shilib ketgani holatini ilmiy asoslanmagan holatda noto‘g‘ri talqin qilgan. Bu orqali u o‘ta og‘ir turdagi jinoyat fosh etilmay qolishiga sababchi bo‘lgan.

Jazo

Jinoyat ishi doirasida jami 10 kishi sudlangan.

Sud hukmi bilan Saidaxon Qayumova Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qotillik) 2-qismining “v, i, p” bandlarida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 13 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shu modda bilan Orifjon Obloberdiyev va Firdavs Sultonovga 17 yil 3 oydan, Akbarjon Nurmatovga 17 yil (o‘ta xavfli retsidivist deb topilib, jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tish belgilangan), Ali Sultonovga 17 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilgan.

Sud hukmiga ko‘ra yana 4 kishi Jinoyat kodeksining 241-moddasi 1-qismida (Jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan va ular turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilingan.

Shuningdek, ekspert-kriminalist Jinoyat kodeksining 209-moddasi 1-qismi (Mansab soxtakorligi) va 238-moddasi 1-qismida (Yolg‘on guvohlik berish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga 1,5 yil sud-ekspertiza sohasida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 1,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.  

Ruslan Saburov,
Kun.uz
Sud materiallari asosida tayyorlandi

Mavzuga oid