RFda VGTRK onlayn translatsiyasi hakerlar hujumi tufayli uzilib qoldi
Butunrossiya davlat teleradiokompaniyasi (VGTRK) keng ko‘lamli hakerlik hujumiga uchradi. «Rossiya 1» va «Rossiya 24» telekanallarining onlayn translatsiyasi uzildi.
Butunrossiya davlat teleradiokompaniyasi (VGTRK) keng ko‘lamli hakerlik hujumiga uchradi, deb xabar berdi rus OAV 7 oktyabr, dushanba kuni. «Gazeta.ru» internet portali manbaga tayanib, «onlayn eshittirish va ichki servislar ishlamayapti, hatto internet va telefoniya ham yo‘q», deb yozadi.
Nashr suhbatdoshiga ko‘ra, bu misli ko‘rilmagan hakerlik hujumidir. «Bu uzoq vaqt davom etadi, ular hamma narsani, shu jumladan, zaxira nusxalarini ham serverlardan o‘chirib tashlaganini eshitdim. Ular ertalab soat 06.00 dan beri ishlamoqda, mening tushunishimcha, muammo juda jiddiy va qayta tiklash uchun uzoq vaqt kerak», — dedi u.
Jurnalist Aleksandr Plyushchev Telegram-kanalida o‘z manbasidan iqtibos keltirdi: «Yamskoye maydonidagi «Rossiya 1»ning barcha yangiliklar majmuasi ertalab soat 05.00 dan beri ishlamayapti. Markaziy qurilma va barcha serverlardan ishdan chiqqan. Efirga uzatish brigadalari Shabolovkaga jo‘nab ketishdi».
Raqamli teleefir ishlayapti
O‘z navbatida, «Fontanka» nashri Rossiya Federatsiyasidagi foydalanuvchilar «Rossiya 1» va «Rossiya 24» telekanallarining onlayn ko‘rsatuvlariga kirish imkoniga ega emasligini, raqamli televideniye esa uzluksiz ishlayotganini yozadi.
«Govorit NeMoskva» Telegram-kanali VGTRKga tegishli hududiy telekompaniyalar saytlarida ham texnik muammolar yuzaga kelgani haqida xabar berdi. Shunday qilib, «Vesti Tomsk» va «Vesti Tatarstan» veb-saytlarida 503 xatosi haqida xabar paydo bo‘ldi — «Ushbu so‘rovni qayta ishlay oladigan server yo‘q», «Don-TR» (Rostov-Don) va «Oka» (Ryazan) saytlarida esa — so‘nggi bir necha kun uchun yangiliklar lentasi yangilanmayapti.
VGTRK hakerlik hujumi faktini tasdiqladi
VGTRK o‘zining onlayn servislariga «misli ko‘rilmagan hakerlik hujumi»ni tasdiqladi. Shu bilan birga, matbuot xizmati mediaholding ishi «katta zarar ko‘rmaganini» va «hamma narsa normal ishlayotganini» da’vo qilmoqda. «Holding mutaxassislari ushbu zararli aralashuv oqibatlarini bartaraf etish ustida ishlamoqda», — deb xabar berdi VGTRK.
VGTRK holdingiga «Rossiya 1», «Rossiya 24», «Rossiya Kultura» federal telekanallari, Rossiya Federatsiyasining barcha sub’yektlarida efirga uzatiladigan 80 dan ortiq mintaqaviy teleradiokompaniyalar, shuningdek, chet elda efirda uzatiladigan «RTR-Planeta» telekanali va beshta radiostansiya kiradi: «Radio Rossii», «Mayak», «Kultura», «Vesti FM» va «Yunost».
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi tufayli kompaniya Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lmagan qator davlatlar tomonidan xalqaro sanksiyalar ostida.
Mavzuga oid
14:20 / 20.12.2024
GFR politsiyasi mamlakat biznesini RF diversiyasi tahdidi haqida ogohlantirdi
13:51 / 18.12.2024
10 davlat RF va KXDR o‘rtasidagi harbiy hamkorlikni qoraladi
12:38 / 18.12.2024
Ukraina F-16 va HHMni kuzatib borgan RF agentlarini fosh qildi
09:19 / 18.12.2024