Jahon | 19:32 / 12.10.2024
15657
5 daqiqa o‘qiladi

«Ukraina G‘arb siyosatida endi birinchi emas» - OAV

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Berlinga tashrifi - nemis OAV e’tibor qaratgan asosiy mavzulardan biri bo‘ldi. Aksariyat izohlar Ukraina uchun pessimistik kartinani tasvirlamoqda.

Foto: Ebrahim Noroozi / AP

Frankfurter Allgemeine Zeitung (FAZ) gazetasi G‘arbning Rossiya bosqiniga qarshi kurashda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasida «charchagani» haqida yozdi:

«Volodimir Zelenskiy G‘arbiy Yevropa poytaxtlari bo‘ylab qilgan safaridan oddiy birdamlik kafolatlaridan tashqari unchalik ahamiyatli narsalarni qo‘lga kirita olmaydi. Safar AQSh prezidenti Jo Bayden tomonidan «Milton» to‘foni tufayli bekor qilingan «Ramshtayn» formatidagi sammitning o‘rnida tezkorlik bilan tashkil etilgan. [G‘arb tomonidan ]Ukraina sharqida keskinlashib borayotgan vaziyatga ko‘proq kuch bilan javob qaytarish borasida ko‘zga ko‘rinadigan hech qanday harakatlar bo‘lmadi. Aksincha, Kreml xohlaganidek, urushdan jabr ko‘rgan davlatni qo‘llab-quvvatlayotganlar tobora charchab bormoqda. Buning sabablaridan biri Yevropadan tashqarida: Yaqin Sharqdagi eskalatsiya va uning potensial oqibatlari g‘arb hukumatlaridan ko‘proq e’tibor hamda diplomatik sa’y-harakat talab qiladi. Buning ustiga Berlindan Vashingtongacha bo‘lgan hukumat o‘z mamlakatlaridagi ichki siyosiy kayfiyat o‘zgarayotganiga munosabat bildirmoqda, garchi asosiy shaxslar Rossiya bilan tinchlik muzokaralaridan umid yo‘qligini yaxshi tushunib turibdi. Bunda aybning bir qismi Ukraina hukumati zimmasida ham yotibdi — ular korrupsiyaga aloqador bo‘lishi mumkinligiga shubha uyg‘otadigan qarorlar bilan ittifoqchilarini g‘azablantirmoqda».

Frankfurter Rundschau gazetasi o‘z navbatida Zelenskiy Yevropadan quruq qo‘l bilan ketmayotganini ma’lum qildi:

London, Parij va Berlindagi ittifoqchilar Ukrainaga nisbatan birdamligini kuchaytirib, qurol-yarog‘ yetkazib berish borasida qo‘shimcha va’dalarni berdi. Shunga qaramay, Zelenskiy bundan qanoatlanmagan bo‘lsa kerak. Bunga nafaqat Rossiya hududiga uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollar bilan zarba berish bo‘yicha ruxsat ololmagani, balki tashriflari Yevropadagi ittifoqchilarning Ukrainadagi harbiy vaziyatga e’tibori kamayganini ko‘rsatib qo‘ygani sabab bo‘ldi. Xuddi shu narsa Kiyevning eng muhim ittifoqchisi bo‘lgan AQShga ham taalluqli. Bu yerda Zelenskiyning «Rossiyani tinchlikka majburlash» maqsad qilingan «g‘alaba rejasi» ham hech narsani o‘zgartirmadi.

Rheinische Post gazetasida quyidagicha yozmoqda:

«Agar Zelenskiy Rossiya prezidenti Vladimir Putinni rostdan ham harbiy kuch bilan muzokaralar stoliga o‘tqazmoqchi bo‘lsa, G‘arbning strategiyasida sezilarli darajada o‘zgarishlar bo‘lishi kerakligi yanada oydinlashmoqda… Ammo bunga erishish uchun Germaniya, AQSh va Ukrainaning boshqa ittifoqchi davlatlari siyosiy yetakchilari hech bo‘lmaganda qanotli raketalar masalalari bo‘yicha strategiyasini o‘zgartirishi kerak.

Reutlinger General-Anzeiger gazetasi sahifalarida ham shunga o‘xshash fikrlarni o‘qish mumkin:

«Zelenskiy Germaniyada YeIning ko‘plab davlatlari urush uzoq yillarga cho‘zilishi mumkinligi borasidagi xavotirini his qilmoqda. Chunki u g‘alaba rejasi haqida biroz balandparvoz gapirib, Kursk viloyatidagi hududlarning zabt etilishini ajoyib muvaffaqiyat sifatida taqdim etyapti. Ammo Zelenskiy bitta masalada haq: kim tinchlikni xohlasa, u urush Rossiya foydasiga hal bo‘lmasligi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishi kerak. Bu esa Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish orqali amalga oshiriladi…»

Stuttgarter Nachrichten gazetasi prezident Zelenskiyning diplomatik qobiliyatlariga baho berdi:

«Zelenskiyning Berlinga tashrifi kansler Olaf Shols uchun odatiyga aylangan ssenariy bo‘yicha kechdi. Uning ichidan Ukrainaning nemis yordamidan minnatdorligi ham o‘rin olgan. Bu esa Zelenskiyning diplomatik topqirligidan dalolat beradi. U shu orqali Germaniya Taurus qanotli raketalarini bermayotganini tanqid qilgandan ko‘ra, Olaf Sholsdan ko‘proq narsa olish mumkinligini biladi. Sholsning «Putin urushni cho‘zish orqali g‘alabaga erishishga urinishi — hech qanaqa muvaffaqiyat keltirmaydi», degani muhim bayonot hisoblanadi. Shunga qaramay, AQSh prezidentligi saylovlarida Tramp g‘alaba erishsa, vaziyat o‘zgarishi mumkin».

Mavzuga oid