Jahon | 08:50 / 14.10.2024
8804
3 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu Livandan tinchlikparvar kuchlarni olib chiqishga chaqirdi

Isroil bosh vaziri Netnyahu BMT bosh kotibi Guterrishga murojaat qilib, Livandan UNIFIL tinchlikparvar kuchlarini «zudlik bilan» olib chiqishga chaqirdi.

Foto: Reuters

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga murojaat qilib, Livan janubidan UNIFIL tinchlikparvar kuchlarini «zudlik bilan» olib chiqishni so‘radi. Tegishli videomurojaat 13 oktyabr, yakshanba kuni isroillik siyosatchining ijtimoiy tarmoqlarida e’lon qilindi.

Netanyahuning fikricha, tinchlikparvar kuchlarni evakuatsiya qilishdan bosh tortib, BMT ularni «Hizbulloh» tashkilotining «garoviga» aylantirmoqda. «Bu ularni ham, askarlarimiz hayotini ham xavf ostiga qo‘yadi», deya qo‘shimcha qildi u.

BMT Isroilni Livandagi qarorgohiga hujum qilishda aybladi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti 10 oktyabr kuni Isroilni BMTning Livandagi muvaqqat kuchlari shtab-kvartirasi (UNIFIL) va BMT missiyasining mamlakat janubidagi boshqa ikkita obektiga hujum uyushtirganlikda aybladi. Oqibatda Indoneziya fuqarolari yaralangani aytilmoqda. Isroil tomoni bu ma’lumotga hozircha izoh bermadi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, yaralanganlar Naqura shahridagi UNIFIL kuzatuv minorasidan Isroilning «Merkava» tanki tomonidan o‘qqa tutilganidan keyin qulagan. Hozir ikkalasi ham kasalxonada, hayotlari xavf ostida emas. Bayonotda, shuningdek, Isroil harbiylari UNIFIL'ning boshqa pozitsiyalariga ham hujum qilgani qayd etilgan. Oqibatda transport vositalari va aloqa tizimlariga zarar yetgan, biroq xodimlardan jabrlanganlar yo‘q.

Italiya mudofaa vaziri Gido Krosetto voqeani «qabul qilib bo‘lmas» deb atadi va Isroilning Rimdagi elchisi bilan favqulodda muzokaralar o‘tkazdi. UNIFIL missiyasida qatnashayotgan 10 ming askardan ming nafari italiyalikdir. Irlandiya bosh vaziri Saymon Xarris tinchlikparvar kuchlarga qilingan hujumlarni «qabul qilib bo‘lmas» deb atadi. Irlandiya harbiylari ham BMTning Livandagi muvaqqat kuchlari tarkibiga kiradi.

6 oktyabr kuni UNIFIL Isroilning o‘z tinchlikparvar kuchlarini Livan janubidagi Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) «Hizbulloh» harakati jangchilariga qarshi kurashayotgan hududdan ko‘chirish taklifini rad etgani ma’lum bo‘ldi.

Mavzuga oid