AQSh «Garpiya» UUA ishlab chiqarilishi bo‘yicha sanksiyalar kiritdi
AQSh Davlat departamentiga ko‘ra, Xitoy firmalari tomonidan Rossiya mudofaa kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va ishlab chiqarilgan «Garpiya» dronlari Ukrainaga qarshi urushda ishlatilgan.
Qo‘shma Shtatlar Rossiya Ukrainaga qarshi urushda foydalanayotgan «Garpiya» seriyali hujumkor dronlarini ishlab chiqish va ishlab chiqarish bilan bog‘liq uchta kompaniya va bir shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda AQSh Davlat departamentining 17 oktyabr, payshanba kuni chop etilgan press-relizida aytiladi.
«Xitoy Xalq Respublikasida (XXR) Rossiya mudofaa kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va ishlab chiqarilgan «Garpiya» uchuvchisiz uchoqlari muhim infratuzilmani (Ukrainada) yo‘q qilish uchun ishlatilgan va ommaviy qurbonlarga olib kelgan», — deyiladi xabarda.
«Agar ilgari Qo‘shma Shtatlar Rossiya harbiy-sanoat kompleksiga muhim mahsulotlar yetkazib beruvchi Xitoy korxonalariga qarshi sanksiyalar kiritgan bo‘lsa, bu Rossiya firmalari bilan hamkorlikda murakkab qurol tizimlarini ishlab chiqaruvchi Xitoy korxonalariga nisbatan joriy etilgan birinchi sanksiyadir», — deya ta’kidlaydi Vashington.
Reuters: Rossiya Xitoyda yashirincha yangi UUA modelini yaratdi
Rossiya Xitoyda Ukrainaga qarshi urushda foydalanmoqchi bo‘lgan jangovar uchuvchisiz uchoqning yangi modelini ishlab chiqardi va uni Xitoy hududida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda 25 sentabr kuni Yevropa razvedkasidagi manbalar va OAVda mavjud bo‘lgan hujjatlarga tayanib, Reuters xabar berdi.
Agentlik surishtiruvida gap Rossiyaning «Almaz-Antey» davlat konserni nazoratidagi «Kupol» Ijyevsk elektromexanika zavodi haqida boryapti. Reuters xabariga ko‘ra, «Kupol» nomi oshkor etilmagan xitoylik mutaxassislar bilan hamkorlikda 2024 yil boshida Xitoyda «Garpiya-3» uchuvchisiz uchog‘ini yaratgan va sinovdan o‘tkazgan, so‘ngra Rossiya Mudofaa vazirligiga ishlanma hisobotini yuborgan. «Almaz-Antey» shu’ba korxonasi xuddi shu turdagi dronning oldingi modelini ishlab chiqarish uchun Xitoydan kelgan komponentlardan foydalangan, deb yozgan agentlik avvalroq.
Ommaviy axborot vositalari ixtiyoridagi «Kupol» hujjatlaridan «Garpiya-3» 50 kggacha foydali yukni ko‘tarishi va taxminan 2000 km masofani uchib o‘tishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi. XXRda sinovdan o‘tkazilgandan so‘ng, Xitoyda ishlab chiqarilgan «Garpiya-3» va boshqa bir qancha dronlarning bir nechta nusxalari keyingi sinovlar uchun Ijyevskka yetkazildi, deb yozadi agentlik.
«Kupol», shuningdek, Rossiya Mudofaa vazirligiga Xitoyda uchuvchisiz uchoqlarni «keng miqyosda» ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkinligini ma’lum qildi, so‘ng ularni Rossiya hukumati nazarda tutgan «maxsus harbiy operatsiya»da qo‘llash mumkin.
Mavzuga oid
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
21:25 / 22.11.2024
Rossiya ortidan AQSh ham yadro strategiyasini o‘zgartirdi
13:52 / 22.11.2024
AQSh O‘simliklar karantini agentligiga 205 ming dollarlik uskunalar topshirdi
21:00 / 21.11.2024