AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qilishicha, 7 iyul kuni kechqurun amalga oshirilgan zarbalar Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi uchta savdo kemasiga hujumidan keyin o‘tkazilgan.
CENTCOM bayonotida Tehronning harakatlari «asossiz, xavfli va o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi kelishuvning ochiqchasiga buzilishi» ekani ta’kidlangan. Qo‘mondonlikka ko‘ra, AQSh mazkur hujumlar orqali Eron harbiy infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazishni maqsad qilgan.
Buyuk Britaniya Harbiy-dengiz kuchlari huzuridagi dengiz savdo qatnovini muvofiqlashtirish markazi (UKMTO) ma’lumotiga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi hodisalar davomida bir tanker dron hujumi oqibatida yengil shikastlangan. Shu bilan birga, Qatarning suyultirilgan gaz tashuvchi Al-Rekajat tankeri noma’lum snaryad bilan nishonga olinib, jiddiy zarar ko‘rgan. Uchinchi kemaga oid rasmiy ma’lumotlar hozircha ochiqlanmagan.
Keyinroq CENTCOM amalga oshirilgan operatsiya tafsilotlarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, AQSh kuchlari Eronning havo hujumidan mudofaa tizimlari, qo‘mondonlik va aloqa tarmoqlari, qirg‘oqdagi radiolokatsiya stansiyalari, kemalarga qarshi raketa majmualari hamda Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK)ga tegishli 60 dan ortiq tezyurar harbiy qayiqlarni nishonga olgan.
Zarbalardan biroz avval Vashington Eron neftiga nisbatan ikki hafta avval bekor qilingan sanksiyalarni yana kuchga kiritgan.
Eron davlat televideniyesi esa suyultirilgan gaz tashuvchi tanker Tehron tomonidan berilgan ogohlantirishlarga amal qilmagani uchun nishonga olinganini ma’lum qildi. So‘nggi kunlarda Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozida faqat o‘zi belgilagan yo‘laklar orqali harakatlanish xavfsiz ekanini bir necha bor ta’kidlab kelgan.
Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kozim G‘aribobodiy AQShning sanksiyalarni qayta joriy etishi va keyingi harbiy zarbalari ramkaviy kelishuvning «jiddiy buzilishi» ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tehron milliy manfaatlari va xavfsizligini himoya qilish uchun qat’iy choralar ko‘radi.
Shu bilan birga, Anqarada o‘tayotgan NATO sammiti doirasida Fransiya va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlari Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamda NATO mamlakatlari bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozida xalqaro dengiz xavfsizligi missiyasini tashkil etish masalasini muhokama qilmoqda. Uchrashuvlarda Bahrayn, Kuvayt, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari vakillari ham ishtirok etmoqda.
Biroq Eronning mazkur tashabbusga qo‘shilishga tayyor emasligi mintaqadagi keskinlikning yaqin vaqt ichida pasayishi ehtimolini kamaytirmoqda.







