Peru sobiq prezidenti Alexandro Toledo pora olgani uchun 20 yilga qamaldi
U Odebrecht qurilish konglomeratidan avtomagistral qurish uchun ruxsat evaziga 35 million dollar pora olganlikda aybdor deb topildi.
Peru sudi mamlakatning sobiq prezidenti Alexandro Toledoni korrupsiya ishi bo‘yicha 20 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qildi, deb xabar berdi AP.
2001 yildan 2006 yilgacha prezidentlik qilgan 78 yoshli Toledo Braziliyaning Odebrecht qurilish konglomeratidan avtomagistral qurish uchun ruxsat evaziga 35 million dollar pora olganlikda aybdor deb topildi. Sobiq prezident aybini tan olmadi, uning advokati hukm ustidan shikoyat qilishini aytdi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Toledo Peru janubini Braziliya bilan bog‘lovchi magistralning 650 kilometrlik qismini qurish bo‘yicha shartnoma imzolash evaziga pora olgan. Qurilish xarajatlari dastlab 507 million dollarga baholangan, ammo oxir-oqibat Peru budjetidan 1,25 milliard dollar to‘langan.
Sud jarayonida Perudagi Odebrecht filialining sobiq rahbari Xorxe Barataning ko‘rsatmasi o‘qildi, u Toledo prezidentlikdan ketganidan keyin o‘ziga bir necha bor qo‘ng‘iroq qilib, la’natlar yog‘dirib, pul talab qilganini aytdi. Sobiq prezident kompaniyadan kelishilgan pora miqdoridan kamida 20 million dollar olishga muvaffaq bo‘lgan.
2016 yilda Alexandro Toledo AQSh Kaliforniya shtatiga ko‘chib o‘tdi. U yerda Stenford universitetida ishladi. 2019 yilda Toledo Peru rasmiylari iltimosiga binoan hibsga olindi. 2022 yilda Peruga ekstraditsiya qilindi va shundan beri tergov hibsxonasida saqlanmoqda. Hukm chiqarilganidan keyin u Lima chekkasidagi Peru sobiq prezidentlari uchun maxsus qurilgan qamoqxonada jazoni o‘taydi.
Toledo asr boshidan beri sud tomonidan qamoqqa mahkum qilingan ikkinchi prezident bo‘ldi. Undan oldin mamlakatni 1990-2000 yillarda boshqargan Alberto Fuximori 16 yil qamoqda o‘tirdi va 2023 yilda ozodlikka chiqdi.
Hozir Peruni 17 yil davomida boshqargan jami to‘rt nafar sobiq prezident Odebrecht qurilish gigantidan pora olganlikda ayblanmoqda: Alexandro Toledo (2001–2006), Alan Garsiya (2006–2011), Olyanta Umala (2011–2016) va Pablo Kuchinski (2016–2018).
Mavzuga oid
12:20 / 19.12.2024
Fransiya kassatsiya sudi Sarkoziga hukmni o‘zgarishsiz qoldirdi
17:16 / 17.12.2024
Qirg‘iziston bosh vaziri korrupsiya tufayli iste’foga chiqarilgan bo‘lishi mumkin
15:17 / 17.12.2024
Daromadlar va mol-mulkni deklaratsiyalash joriy etilmagani islohotlar samaradorligiga ta’sir qilyapti - Antikorrupsiya agentligi
16:14 / 16.12.2024