Rossiya prokuraturasi Telegramʼdan Putinning jiyaniga oid ma’lumotlarni o‘chirib tashlashni talab qildi
RF Bosh prokuraturasi «Vatan himoyachilari» jamg‘armasiga ajratilgan o‘nlab milliard budjet pullarining «97 foizi xodimlar maoshiga» sarflanayotgani aytilgan postlarni o‘rganib chiqqan.
Rossiya Bosh prokuraturasi Telegram messenjeri ma’muriyatidan prezident Putinning jiyani ekani aytilayotgan mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Tsivilyova haqidagi postlarni o‘chirib tashlashni talab qildi.
Qayd etilishicha, idora «Vatan himoyachilari» jamg‘armasiga ajratilgan o‘nlab milliard budjet pullarining «97 foizi xodimlar maoshiga» sarflanayotgani aytilgan postlarni o‘rganib chiqqan. Bosh prokuratura ushbu xabarlarda «ijtimoiy ahamiyatga ega ishonchsiz ma’lumotlar» keltirilgani sabab ularni o‘chirishni talab qilgan.
Bundan tashqari, idora platformadan oltita Telegram-kanalni o‘chirishni so‘ragan — ularning uchtasi Ukrainaga bog‘liq. Bular «UNIAN» axborot agentligi, jurnalist Yurit Butusov hamda IIV rahbari maslahatchisi Anton Gerashenkoga tegishli kanallardir. Shuningdek, ro‘yxatdan belarus muxolifat kanali Nexta, Ramzan Qodirovga qarshi fikrlar yoziladigan 1ADAT va isroillik harbiy tahlilchi Igal Levinning kanallari ham o‘rin olgan. Mazkur resurslardagi postlar Rossiya Bosh prokuraturasida qanday e’tirozlarni keltirib chiqarganiga aniqlik kiritilmagan. O‘z navbatida Telegram idoraga ma’qul bo‘lmagan kontentni o‘chirishdan bosh tortgan va buning evaziga 4 million rubl miqdorida jarimaga tortilgan.
Anna Tsivilyova Rossiya prezidenti Vladimir Putinning amakivachchasining qizi. Amakisi hokimiyatga kelgunga qadar u Ivanovadagi psixiatriya shifoxonasida shifokor bo‘lib ishlagan, keyin esa Moskvaga ko‘chib o‘tib, tibbiyot qurilmalarini yetkazib berish bilan shug‘ullanishni boshlagan. 2007 yilda Rossiya prezidentining qarindoshi xususiy biznes bilan shug‘ullanishga urinib, muvaffaqiyatsizlikka uchragan sobiq dengiz ofitseri Sergey Tsivilyovga turmushga chiqqan. Shunga qaramay, 2012 yilda er-xotin Yoqutistondagi «Kolmar» ko‘mir kompaniyasini sotib olgan — o‘sha vaqtda uning qiymati 400 million dollarni tashkil etgan.
2018 yilda Tsivilyov barcha biznesini rafiqasi nomiga o‘tkazib, Kemerova oblasti gubernatori o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan, 60 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan savdo markazidagi yong‘indan keyin esa oblast rahbariga aylangan. O‘tgan yillar davomida «Kolmar» kompaniyasi turli usullarda davlatdan 11 milliard rubldan ortiq mablag‘ olgan. Putinning beshinchi prezidentlik muddati boshlanganidan keyin Tsivilyov mamlakat energetika vaziriga, uning rafiqasi esa mudofaa vaziri o‘rinbosariga aylandi.
Shuningdek, Tsivilyova Putinning topshirig‘iga ko‘ra 2023 yil fevralda tashkil etilgan «Vatan himoyachilari» jamg‘armasini boshqaradi. Ukrainaga qarshi urush ishtirokchilari hamda ularning oila a’zolariga ko‘maklashish tashkilot vazifalari qatoridan o‘rin olgan.
Mavzuga oid
18:21 / 20.11.2024
AQSh ortidan Buyuk Britaniya ham Ukrainaga uzoq masofali raketalardan Rossiyaga zarba yo‘llashga ruxsat berdi – OAV
16:13 / 20.11.2024
«Krokus»da terakt sodir etganlikda ayblanayotganlar yana 3 oy hibsda qoladi
12:07 / 20.11.2024
O‘zbekiston va Rossiya Kaspiy dengizi orqali yangi yo‘nalishlardan foydalanmoqchi
21:03 / 19.11.2024