Jahon | 16:54 / 23.10.2024
6147
6 daqiqa o‘qiladi

AQShdagi saylovlarga ikki hafta qoldi. Tramp Harris bilan tenglashgan

AQShdagi prezidentlik saylovlari kuniga ikki haftadan kamroq vaqt qolmoqda va yangi so‘rovlar amalda Oq uyning keyingi egasi aniqlab beriladigan muhim shtatlarda Donald Trampning imkoniyatlari Kamala Harrisniki bilan tenglashganini ko‘rsatmoqda – tafovut so‘rovnomadagi xatolik chegarasida.

Foto: Getty Images

Washington Post-Schar School tomonidan o‘tkazilib, dushanba kuni e’lon qilingan so‘rovnomaning ko‘rsatishicha, saylovlarda kim g‘olib bo‘lishi hal qilinadigan Arizona, Jorjiya, Michigan, Nevada, Shimoliy Karolina, Pensilvaniya va Viskonsin shtatlarida ikki nomzod ham deyarli teng ketmoqda.

So‘rov Tramp va Harris butun mamlakat miqyosida ham tenglashganini ko‘rsatgan — har biri 47 foizda. So‘nggi kunlarda o‘tkazilgan so‘rovlarning ko‘pchiligiga ko‘ra, milliy miqyosda Harrisning ustunligi endi arzimas darajada bo‘lmoqda.

Natijalar Britaniyaning Financial Times nashri yuritadigan, Amerikadagi o‘nlab so‘rovlar agregatori ma’lumotlariga mos kelmoqda.

FT ma’lumotiga ko‘ra, muhim shtatlarda ham, mamlakatning o‘rtacha ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham Tramp va Harrisning imkoniyatlari tenglashgan. To‘rtta muhim hududda so‘rovlar natijalaridagi farq yarim foiz birligidan kam, ya’ni xatolik chegarasida.

Shimoliy Karolina, Pensilvaniya va Michiganda nomzodlardan hech biri boshqasini 0,2 foiz birligidan oshiq farq bilan ortda qoldira olmagan. Shu bilan birga, nomzodlar mazkur shtatlardan hech bo‘lmaganda bittasida g‘alaba qozonmasdan saylovni yuta olmaydi.

Saylov kampaniyasi doirasida Tramp o‘zini 15 daqiqaga Makdonalds ishchisi sifatida sinab ko‘rdi.

New York Times qayd etishicha, bunday sharoitda «yetakchilik qilmoqda» atamasi qo‘shtirnoq ichiga olinishi kerak bo‘ladi. «Yetakchi» va «ortda qolayotgan» o‘rtasidagi 0,2 foiz birligidagi farq muhimdek tuyulishi mumkin, ammo saylov natijasini so‘rovlar emas, saylovchilar belgilaydi.

Shuning uchun, so‘rovlarda o‘rtacha 0,2 punktlik ustunlik yoki kamchilikni jiddiy indikator deb bo‘lmaydi.

Oldingi saylovlarda o‘tkazilgan so‘rovnomalar ko‘pincha nomzodlardan birining imkoniyatlarini bir necha foiz birligiga past baholagan yoki oshirib ko‘rsatgan.

Sotsiologlar bu safar ham shunga o‘xshash holat yuz berishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Harris ham o‘tgan haftada Tramp kabi ikkilanuvchi shtatlardan biri bo‘lmish Jorjiyada faol kampaniya olib bordi

Yil boshida va iyul oyida Pensilvaniyadagi miting vaqtida uyushtirilgan suiqasddan keyin Tramp so‘rovlarda o‘sha vaqtda Demokratik partiyaning prezidentlikka nomzodi Jo Baydenni sezilarli darajada ortda qoldirgandi.

Amaldagi prezident o‘rniga Harris nomzod bo‘lgach, bu farq tezlik bilan qisqardi va so‘nggi oylarda u kichik farq bilan bo‘lsa-da, ikkilanuvchi shtatlarning ham ko‘pchiligida Trampdan o‘zib keta boshlagandi.

Ammo, so‘nggi haftalarda Trampning kampaniyasi yana avjiga chiqdi.

FT’ning hisoblashicha, saylovchilar uning sudlangani va qo‘pol xatti-harakatlarini asta-sekinlik bilan unutishmoqda, populistik iqtisodiy siyosatini qabul qilishga tayyor.

Nomzodlar o‘rtasidagi sezilarli farqni faqat kampaniyani moliyalashtirishda ko‘rish mumkin: bu borada Harris hamon Trampdan ancha oldinda.

Tramp 2023 yil yanvar oyi boshidan buyon 894 mln dollar yig‘ishga erishgan. FT tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi federal deklaratsiyalar tahliliga ko‘ra, vitse-prezident kampaniyasi va uni qo‘llab-quvvatlovchi guruhlar joriy yil iyulidan sentabr oyi oxirigacha bo‘lgan muddatda 971 mln dollar yig‘ishga ulgurgan.

Agar Harrisga meros bo‘lib qolgan Bayden kampaniyasiga xayriyalar ham hisobga olinsa, demokratlar 2023 yil yanvaridan hozirgacha 1,58 mlrd dollar yig‘ishgan.

Harris siyosiy harakatlar qo‘mitalariga (political action committee, PAC) pul o‘tkazgan ayrim milliarderlar qo‘lloviga ham erishgan — bu qo‘mita a’zolaridan badal yig‘adigan va mablag‘larni kampaniya o‘tkazish uchun beradigan, soliqlardan ozod etilgan tashkilotdir.

Nomzodlarning o‘zidan farqli ravishda, ular o‘zlarini qo‘llab-quvvatlash uchun cheklanmagan miqdorda mablag‘ yig‘ishi mumkin.

Harrisni qo‘llovchi Future Forward qo‘mitasi Illinoys gubernatori Jyey Bi Pritskerdan (Bayden poygadan chiqqanidan keyin u ham ehtimoliy nomzodlar qatorida edi) 5 mln dollar, Facebook hammuassisi Dastin Moskovitsdan 10 mln dollar olgan. Moskovits avvalroq ham qo‘mitaga 3 mln dollar xayriya qilgandi.

Ammo demokratlar yirik xayriyalarga respublikachilarga qaraganda kamroq tayanadi, chunki ular mayda donorlardan katta miqdorda mablag‘ yig‘ishadi.

Prezidentlik saylovlarida Donald Trampni faol qo‘llayotgan Ilon Mask «ikkilanuvchi» shtatlarda ro‘yxatdan o‘tgan, uning so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha petitsiyasini imzolagan saylovchilarga pul tarqatishga qaror qildi

O‘z navbatida, Trampni sayyoraning eng badavlat odami Ilon Mask hamda Timoti Mellon, Miriam Adelson va Richard Uyxlyayn kabi boshqa milliarderlar qo‘llamoqda: ular siyosiy harakatlar qo‘mitasiga sobiq prezidentni qo‘llab-quvvatlab, jami 395 mln dollar xayriya qilishgan — bu uning kampaniyasi yiqqan mablag‘ning qariyb yarmidir.

Agar qo‘mitalarda yig‘ilgan mablag‘lar hisoblansa, Bayden va Harris tarafdorlari Tramp tarafdorlariga qaraganda 370 mln dollar ko‘proq mablag‘ to‘plaganini ko‘rish mumkin: 1,52 mlrd.ga qarshi 1,89 mlrd dollar.

Saylov kunigacha qolgan ikki hafta ichida Tramp va Harris o‘z elektoratini safarbar qilishga, asosiysi — hali kimni qo‘llashni va saylovga borish-bormaslikni o‘zi uchun hal qilib olmagan amerikaliklarni o‘z tomoniga og‘dirish uchun mamlakat bo‘ylab aylanib yurishi kutilmoqda.

Mavzuga oid