Jahon | 10:30 / 23.10.2024
2379
2 daqiqa o‘qiladi

JSST G‘azo shimolida tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlikdan xavotirda

Oktyabr oyining birinchi yarmida G‘azo shimoliga yuborilgan BMTning 54 ta missiyasidan faqat bittasiga ruxsat berildi, qolganlari rad etildi, bekor qilindi yoki bloklandi, deb ta’kidladi JSST.

Foto: Anadolu Agency

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Isroil tomonidan hujum va qamal ostida bo‘lgan G‘azo sektorining shimolida tinch aholiga nisbatan zo‘ravonliklar kuchayishi va ular bilan aloqa yo‘qligidan xavotir bildirdi. JSST, shuningdek, oktyabr oyining birinchi yarmida G‘azo shimoliga yuborilgan BMTning 54 ta missiyasidan faqat bittasi ma’qullanganini ta’kidladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti matbuot xizmati «Anadolu»ga yuborgan yozma bayonotida, Isroilning G‘azo shimolida kuchaygan hujumlari va blokadasi bilan bog‘liq xavotirli vaziyatni bildirdi.

«Biz tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlik kuchayishi va G‘azo shimoliga kirish imkoni yo‘qligidan xavotirdamiz», — deyiladi bayonotda. JSST, shuningdek, gumanitar xodimlarning xavfsizligini ta’minlash, gumanitar missiyalarga kirishni osonlashtirish va o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.

Bayonotda shiddatli hujumlar va evakuatsiya qilish bo‘yicha talablar tufayli G‘azo shimolidagi «Kamol Advan» kasalxonasi, Indoneziya kasalxonasi va «Al-Auda» kasalxonasida bemorlar va tibbiyot xodimlari uchun jiddiy xavfsizlik xavotirlari borligi qayd etildi. JSST tinch aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarini, shu jumladan kasalxonalar va tez yordam mashinalarini himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rishga chaqirdi.

Mavzuga oid