Ukraina uchun yilning eng qiyin haftasi: frontning yettita muhim uchastkasi mudofaasida inqiroz yuzaga kelgan
Donbassdagi bir necha muhim shahar xavf ostida qolgan.
Rossiya bir yildan buyon front bo‘ylab yurishini to‘xtatmayapti. Ammo so‘nggi hafta bu davrdagi Ukraina qurolli kuchlari uchun eng og‘irlaridan biri (agar eng og‘iri bo‘lmasa) bo‘ldi. Rossiya qo‘shinlari bir vaqtning o‘zida bir necha amaliyotning oraliq maqsadlariga erishdi: Kupyansk janubida Oskol daryosi sohiliga yetib keldi va Ukraina qurolli kuchlarining mazkur hududdagi guruhini ikkiga bo‘lib qo‘ydi; Chasiv Yar janubiy chekkasida Severskiy Donets — Donbass kanalini kechib o‘tdi, bu mazkur qal’a-shaharga tezlik bilan shturm qilish uchun kerakli sharoit hozirlagan bo‘lishi mumkin; ukrain mudofaasi yorib o‘tilib, Toretsk shahri g‘arbiy chekkasiga chiqildi; Ukraina qurolli kuchlari Selidove va Donetsk oralig‘idagi front chizig‘ini sharq tomonga surib turgan hududni tark etishga majbur qilindi, ukrainlar bu yerdan turib Donbass markazi va Donetsk — Pokrovsk yo‘lini o‘qqa tutib kelayotgandi; hududdagi muhim shahar Selidoveni qurshab olish va shturm jarayoni deyarli yakunlandi; Donbass janubidagi boshqa bir logistik markaz — Kuraxovo shahri hududiga kirildi. Nihoyat, Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning Kursk oblastidagi hujumlariga bardosh berolmadi — va bir necha yo‘nalishda Sudja tomon chekinishga majbur bo‘lmoqda.
Kursk oblasti
Rossiya qo‘shini oktyabr oyi o‘rtalaridayoq Sudjadan g‘arbda joylashgan Novoivanovka qishlog‘i va Zeleniy Shlyax xutoriga yorib kirgandi, bu esa Ukraina qurolli kuchlarining Korenevo rayonidagi guruhini qurshov xavfi ostida qoldirgandi.
Ukraina qo‘shini Korenevo va Olgovka atrofidan Novoivanovka tomon o‘tishga ulgurdi. Ukraina qurolli kuchlarining RF tomonidan egallangan Lyubimovkadagi harbiylari Rossiya artilleriyasi va dronlari zarbalari ostida piyoda chekinishga majbur bo‘lgan.
RF qurolli kuchlari yurishini to‘xtatish uchun, Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi Pokrovsk atrofidan olib kelingan, Abrams tanklari va Bradley zirhli mashinalari bilan jihozlangan 47-mexanizatsiyalashgan brigadasi batalyonlarini qarshi hujum o‘tkazish uchun yubordi. Shunday texnikalardan iborat bir necha mexanizatsiyalashgan guruhlar Novoivanovka va Zeleniy Shlyaxga hujum uyushtirdi. Tarmoqda tarqalgan videolarga ko‘ra, so‘nggi janglardan keyin ham Zeleniy Shlyax RF qurolli kuchlari nazorati ostida qolmoqda. Novoivanovkadagi vaziyat oxirigacha aniq emas.
Rossiya qo‘shini Sudja tomon qarama-qarshi yo‘nalishda ham — janubi-sharqdan yurish qilmoqda — bundan maqsad Ukraina qurolli kuchlari guruhini Sumi oblasti bilan chegaradan uzib qo‘yish hisoblanadi. RF qurolli kuchlari Russkaya Konopelka hududida harakatlanmoqda. RF mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, ular Sudja janubidagi Plexovo qishlog‘ini ham egallagan (bu ma’lumotni tasdiqlovchi vizual tasvirlar yo‘q).
Kupyansk fronti
RF qurolli kuchlari bir necha oy davom etgan «sudraluvchi» yurishdan keyin bu amaliyotning birinchi galdagi vazifasini hal qilib, Oskol daryosiga yetib keldi, ushbu daryo yoqalab Ukrainaning Kupyanskning sharqiy sohilidagi qismidagi qo‘shinini Borovaya posyolkasi bilan bog‘lovchi ta’minot yo‘li o‘tgan.
Bu muhim yo‘l hisoblanadi, chunki Rossiya aviatsiyasi muntazam ravishda Oskol orqali o‘tuvchi kechuv moslamalarini yakson etadi — bu esa Ukraina qurolli kuchlarini ta’minotni va qo‘shimcha kuchlar yetkazib berishni sharqiy sohil bo‘ylab amalga oshirishga majbur qiladi.
Endi RF qurolli kuchlari keyingi vazifani hal qilish imkoniyatiga ega: Kupyanskka uch yo‘nalishda hujum qilish va daryo bo‘ylab janubga, Borovaya tomon harakatlanish. Oskol daryosini kechib o‘tishga ham urinib ko‘rish mumkin.
Hozircha Rossiya qo‘shini Oskol sohilidagi Kolesnikovka va Kruglyakovka qishloqlaridagi platsdarmni kengaytirish bilan mashg‘ul.
Chasiv Yar
RF qurolli kuchlari bir necha oy oldinroq Chasiv Yar yaqinidan o‘tgan Severskiy Donets — Donbass kanalini kechib o‘tgandi. Ammo shahar chekkasidagi binolar oralab harakatlanish haddan tashqari sekin bo‘ldi: so‘nggi oylarda Rossiya qo‘shini shahar sharqidagi faqat bir necha ko‘chani egallay oldi.
20 oktyabrda RF qurolli kuchlari kutilmaganda kanal orqali Chasiv Yar janubiga o‘tib, uning janubiy chekkalarini egalladi. Endi Ukrainaning Chasiv Yardagi guruhi ta’minoti amalga oshiriladigan, Toretsk va Konstantinovkaga olib boriladigan asosiy yo‘llar xavf ostida qolgan.
Toretsk
RF qurolli kuchlari anchadan buyon Toretskdagi kvartallarda ukrain zaxira kuchlariga qarshi janglar bilan andarmon bo‘lib qolgandi.
Ammo so‘nggi kunlarda Rossiya qo‘shini oldinga yura boshladi: ular Nyu York posyolkasi va Nelepovka qishlog‘i tomondan shahar g‘arbiy chekkasiga yorib kirishdi. Ukrainaning Toretskdagi mudofaasi ikki tomon — janub va g‘arbdan qilinajak hujumlarga yana qancha vaqt dosh berib turishi noma’lum. Sentyabrda Ukraina qurolli kuchlarining Toretskdagi guruhi boshqa yo‘nalishlardan olib kelib tashlangan bir necha brigada va alohida batalyonlar bilan kuchaytirilgandi. Ukraina QK qo‘mondonligida boshqa zaxira qolmagan.
Selidove va Kuraxovo
RF qurolli kuchlari Gornyak posyolkasi — Kuraxovo suv ombori chizig‘iga yetib kelgan. Bu sharqda ukrain qo‘shini qolmaganini anglatadi. Bir yil oldinroq Ukraina qurolli kuchlari Gornyak va Donetskning sharqiy chekkasi oralig‘idagi «bo‘rtiq» hududni tark etgani gumon qilinayotgandi; endi buni tasdiqlangan fakt deb hisoblash mumkin.
Ukraina bu uchastkada chekingani shuni anglatadiki, RF qurolli kuchlari endi Donetsk — Pokrovsk yo‘lidan Selidove hududigacha xavfsiz foydalanishi mumkin. Bu Pokrovskka yurish qilayotgan guruhning ta’minotini sezilarli darajada yaxshilaydi.
Rossiya qo‘shini nafaqat Gornyakni shturm qilmoqda, balki Ukrainaning posyolkani mudofaa qilayotgan guruhi ortiga va shimoldan uning chekkalariga kirgan. Bundan maqsad — nafaqat Gornyakni egallash, balki Kuraxovo suv omborining g‘arbiy chekkasiga yetib borishdir.
Shu bilan birga, Rossiya qo‘shini Maksimilyanovka qishlog‘ini egallab, suv omborining sharqiy chekkasiga chiqqan va hatto rasmiy ravishda Kuraxovo shahri chegarasida joylashgan posyolka hududiga kirgan. Kuraxovo — Ukraina qurolli kuchlarining Donbass janubiy qismidagi asosiy logistik markazi hisoblanadi. Uning boy berilishi Velika Novosilkadan Selidovegacha bo‘lgan hududning umumiy mudofaasida inqiroz keltirib chiqarishi mumkin.
Rossiya qo‘shini amalda Pokrovskdan janubdagi Selidove shahrini to‘liq o‘rab olgan va shturm boshlagan. 23 oktyabr kuni kechqurunga kelib shahar markazida ham janglar ketayotgandi. U RF qurolli kuchlari tomonidan egallanganidan keyin Pokrovskni janubdan o‘rab olish maqsadida amaliyot boshlash mumkin. Bu Donbass markazidagi muhim shaharga «ro‘paradan» — Ukraina qurolli kuchlarining asosiy mustahkamlangan pozitsiyalari joylashgan sharqdan hujum qilmaslik uchun kerak.
Mavzuga oid
22:23 / 21.11.2024
Rossiya «Rubej»ni ishga soldi. Bu raketa yadroviy kallakni ham olib ucha oladi
21:52 / 21.11.2024
Zalujniy: «Xush kelibsan, uchinchi jahon urushi»
16:43 / 21.11.2024
Rossiya Ukrainaga qit’alararo ballistik raketa bilan hujum qildi - UHK
15:39 / 21.11.2024