O‘zbekiston | 22:21 / 01.11.2024
55355
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkalarini rasmiylashtirish uchun to‘lov miqdori ma’lum qilindi

Toshkent shahri, Nukus shahrida va viloyatlar markazlari, viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlar, aholi punktlarida to‘lovlar bazaviy hisoblash miqdorining tegishli nisbatida belgilangan.

Foto: Kun.uz

«O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida»gi qonun 8 noyabrdan kuchga kiradi.

Davlat kadastrlari palatasi Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi boshlig‘i Izzatulla Rahimov qonun bilan bog‘liq to‘lovlar miqdori haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekiston hududida doimiy yashab turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tomonidan 2018 yil 1 mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlardan bir martalik to‘lov undiriladi.

Shuningdek, o‘zboshimchalik bilan qurilgan yakka tartibdagi uy-joylarga bo‘lgan mulk huquqini Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan tashkil etilgan Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman-shahar komissiyalari tomonidan e’tirof etish mumkin deb topilganligi hollariga yoki uni e’tirof etish rad etilganligi yoxud arizalarning ko‘rib chiqilishi bir martalik umumdavlat aksiyasining muddati o‘tganligi sababli yakuniga yetmaganligi hollarida bir martalik to‘lov undiriladi.

Qolaversa, fuqarolarning bog‘dorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga, xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga, fuqarolarning, yakka tartibdagi tadbirkorlarning va rezident bo‘lgan yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq mulk huquqi e’tirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkalariga bo‘lgan ijara huquqini e’tirof etish uchun quyidagi miqdorlarda bir martalik to‘lov undiriladi.

Toshkent shahrida bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 5 baravari, Nukus shahrida va viloyatlar markazlarida 3 baravari miqdorida, viloyatlar bo‘ysunuvidagi boshqa shaharlarda 2 baravari, boshqa aholi punktlarida 1 baravari miqdorida to‘lov qilinadi. Hozirgi vaqtda BHM miqdori 375 ming so‘mga teng.

Shuni ham aytish joiz, bir martalik to‘lovni to‘lashdan quyidagi shaxslar ozod etiladi. Xususan, bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida bir martalik yig‘imni to‘liq to‘lagan shaxslar, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan shaxslardan bir martalik to‘lov belgilangan to‘lovning ellik foizi miqdorida undiriladi.

Agar bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman-shahar komissiyalari tomonidan shaxsning o‘zboshimchalik bilan qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan mulk huquqini e’tirof etish mumkin deb topish belgilangan xulosasiga asosan dalolatnoma shakllantirilgan, biroq bir martalik yig‘im undirilmagan yoki to‘liq hajmda undirilmagan bo‘lsa, u holda bir martalik to‘lov ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq undiriladi. Bunda bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida undirilgan bir martalik yig‘im summasi inobatga olinadi.

Eslatib o‘tish o‘rinli, bir martalik umumdavlat aksiyasi doirasida to‘langan bir martalik yig‘im va ushbu qonun doirasida undiriladigan bir martalik to‘lov o‘rtasidagi farq qaytarilmaydi.

Fuqarolar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident bo‘lgan yuridik shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilgan yer uchastkasi maydonidan 2018 yil 1 mayga qadar ortiqcha egallagan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga belgilangan.

Shuningdek, 2021 yil 8 iyunga qadar tuman (shahar) hokimining qaroriga ko‘ra qonunchilik hujjatlariga muvofiq fuqarolarga, yakka tartibdagi tadbirkorlarga yoki rezident bo‘lgan yuridik shaxslarga ajratilgan, tasdiqlash masalasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi yoki tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilmagan yer uchastkasiga (bundan shunday yer uchastkasida ikki yil ichida binolar va inshootlar qurilmagan yoki ularning qurilishi boshlanmagan yoxud yer uchastkasidan maqsadsiz foydalanilgan hollar mustasno).

2020 yil 9 martga qadar kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik sub’yektlarining yashash uchun mo‘ljallanmagan binolari va inshootlari yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkasiga belgilangan. Yakka tartibdagi uy-joy egallagan yer uchastkasining amaldagi maydoni ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan o‘lchamlardan oshgan hollarda, yer uchastkasining ortiqcha egallangan qismiga bo‘lgan ijara huquqi, basharti boshqa shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzmasa, dehqon xo‘jaligini yoki tomorqa xo‘jaligini yuritish uchun ijara huquqini e’tirof etish uchun bir martalik to‘lov yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqining o‘rtacha bozor qiymati miqdorida undiriladi.

Yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqining o‘rtacha bozor qiymati yer uchastkalaridan foydalanish maqsadlaridan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan 0,01 gektar maydon uchun fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishining hududiy birliklari bo‘yicha har yili yanvar va iyul oylarida belgilanadi. Uning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi hamda avtomatlashtirilgan axborot tizimiga taqdim etiladi. Bunda tegishli hududda oxirgi o‘n ikki oyda yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini sotish bo‘yicha elektron onlayn-auksionlardagi o‘rtacha narxlar, elektron onlayn-auksion o‘tkazilmagan hududlar uchun esa tegishli tuman-shahar yoki yuqori turuvchi ma’muriy-hududiy birliklar bo‘yicha o‘rtacha narxlar ijara muddatiga ko‘ra tuzatish kiritilgan holda asos sifatida qabul qilinadi.

Tegishli shaxslar tomonidan bir martalik to‘lov belgilangan muddatlarda to‘lanmagan taqdirda, ularning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan bino va inshootga bo‘lgan huquqlarini e’tirof etish to‘g‘risidagi ishlar to‘xtatib turiladi.

Tegishli shaxslar tomonidan bir martalik to‘lov to‘langan taqdirda, elektron yig‘majild, ma’lumotlar va hujjatlar tayyorlangan ijobiy xulosalar bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga navbatdagi sessiyada ko‘rib chiqish uchun avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali avtomatik ravishda yuboriladi.

Mavzuga oid