Jahon | 11:10 / 04.11.2024
3412
3 daqiqa o‘qiladi

CNN: AQSh saylovlari Putinni Kiyev bilan muloqotga undamaydi

Baydenni Oq uyda Tramp yoki Harris almashtiradimi, Putin «G‘arb birligidagi yoriqlar»dan foydalanishga harakat qiladi, deydi CNN bilan suhbatlashgan tahlilchilar.

Foto: Alex Wong/Getty Images

AQSh prezidentlik saylovlari natijalari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi haqidagi pozitsiyasiga ta’sir qilmaydi. Bu haqda Amerikaning CNN telekanaliga Rossiya tashqi siyosati bo‘yicha ekspert va Tashqi aloqalar kengashi xodimi Tomas Grem ma’lum qildi. CNN 3 noyabr, yakshanba kuni suhbatdan parchalarni taqdim etdi. Siyosatshunosning ta’kidlashicha, Kremlda «Ukrainada nima qilayotganini qayta ko‘rib chiqish uchun hech qanday sabab yo‘q».

«[Tramp] nima qila oladi deb o‘ylayotgani va u qanchalik ta’sirga ega ekanligi hozircha noma’lum – va bu (Ukraina bo‘yicha muzokaralar) tez jarayon deb o‘ylamayman», deb tushuntirdi Grem. 2017 yil yanvaridan 2021 yil yanvarigacha Oq uy rahbari lavozimida ishlagan Donald Tramp yana Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka da’vogarlik qilmoqda.

AQShda kim davlat rahbari bo‘lishidan qat’i nazar, Kreml Qo‘shma Shtatlar siyosiy tizimining disfunksiyasi, shuningdek, «G‘arb birligidagi yoriqlar» sifatida ko‘riladigan narsalardan foydalanishga harakat qiladi, deb ta’kidladi ekspert.

NYT: Ukrainada 6-12 oy jang qilish uchun yetarlicha askar bor

Ukraina Qurolli kuchlari (UQK)da janglarni yana 6-12 oy davom ettirish uchun yetarlicha askar bor, shundan so‘ng Kiyev keskin kadrlar yetishmasligiga duch keladi. Bu haqda 1 noyabr kuni Pentagon baholari bilan tanish bo‘lgan rasmiylardan biriga tayanib, The New York Times (NYT) xabar berdi.

AQSh mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, Kiyev Rossiya Federatsiyasining Kursk oblastidagi hujumni qo‘llab-quvvatlash uchun bir qator yangi tashkil etilgan brigadalarni yuborgan — ulardan dastlab Ukrainaning sharqiy va janubiy chegaralarini himoya qilish yoki zaxiralarni yaratish uchun ishlatish rejalashtirilgandi. Pentagon rahbari Lloyd Ostinning qayd etishicha, Kiyev yangi askarlarni jalb etish, shuningdek, ularni tayyorlash uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirmoqda.

Yozda amerikalik tahlilchilar Rossiya yaqin oylarda Ukrainada sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmaydi, deb hisoblashgan edi. Bu taxminlar noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi, deb yozadi gazeta. Rossiya armiyasi o‘zgardi va endi oldinga intilmoqda, deydi AQShning yuqori martabali harbiy amaldori. AQShning ayrim razvedka agentliklari va Pentagon rasmiylari Ukrainaning Rossiya hujumini to‘xtata olishiga umidsizlik bilan qarashmoqda, deya qo‘shimcha qiladi nashr.

Mavzuga oid