Yaponiya harbiy aloqa sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqardi
DSN 3 nomli apparat Yaponiya Mudofaa vazirligiga tegishli sun’iy yo‘ldosh bo‘lib, u harbiy va razvedka operatsiyalari uchun X-diapazon aloqadan foydalanadi.
Yaponiya aerokosmik tadqiqotlar agentligi (JAXA) DSN 3 nomli harbiy aloqa sun’iy yo‘ldoshini orbitaga chiqarganini ma’lum qildi. Sun’iy yo‘ldosh Kagosima prefekturasidagi Tanegasima kosmodromidan H3-22S tashuvchi raketasi yordamida uchirilgan.
Qayd etilishicha, raketa Tokio vaqti bilan soat 15:48 da start olgan. Oradan 30 daqiqa o‘tgach, og‘irligi to‘rt tonnaga yetadigan apparat orbitaga chiqarilgan. Noqulay ob-havo sharoiti tufayli parvoz bir necha bor qoldirilgan edi.
DSN 3 — Yaponiya Mudofaa vazirligiga tegishli sun’iy yo‘ldosh bo‘lib, u harbiy va razvedka operatsiyalari uchun X-diapazon aloqadan foydalanadi, jumladan, Shimoliy Koreyaning raketa faolligiga oid ma’lumotlarni to‘playdi. DSN 3 X-diapazon sun’iy yo‘ldoshlarning yangi modeli hisoblanadi va ob-havoga chidamliligi bilan oldingi ikkita modelni to‘ldiradi.
H3-22S — Yaponiyadagi eng yirik tashuvchi raketa. U 4 tonnadan 6,5 tonnagacha yukni orbitaga olib chiqishga qodir. Raketani yaratish ustidagi ishlar 2013 yilda boshlangan edi. Uni yaratish uchun Mitsubishi Heavy Industries kompaniyasi 1,32 milliard dollar sarflagan.
Sentyabr oxirlarida Yaponiyaning IGS Radar 8 razvedka sun’iy yo‘ldoshi o‘rnatilgan o‘rta sinfga kiruvchi H-IIA tashuvchi raketasini orbitaga uchirgandi. Kosmik apparat Yaponiyaning Information Gathering Satellite (IGS) davlat dasturi doirasida, sun’iy yo‘ldoshdan olingan o‘zining razvedka ma’lumotlariga ega bo‘lish uchun orbitaga uchirilgan. Loyiha ustidagi ishlar 1998 yilda Shimoliy Koreya raketalari sinoviga javob tarzida boshlangan.
Mavzuga oid
22:48 / 18.11.2024
Starlink uchun yana 20 ta sun’iy yo‘ldosh orbitaga uchirildi
21:47 / 17.11.2024
Yaponiya qirg‘oqlarida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi
23:13 / 15.11.2024
Rossiyalik hakerlar Yevropa sun’iy yo‘ldoshlariga hujum qilmoqda
18:48 / 14.11.2024