Tramp yoki Harris. Ular saylovda yutishi uchun 10 sabab
AQShda prezidentlik saylovlari boshlanishiga oz vaqt qolmoqda va poyga boshi berk ko‘chaga kirib qolgan — milliy miqyosda ham, eng muhim hisoblangan «ikkilanuvchi» shtatlarda ham. So‘rovlarga ko‘ra, Donald Tramp va Kamala Harrisni qo‘llab-quvvatlashdagi farq statistik xatolik darajasida, bu esa ikki nomzodda ham raqibini 2-3 foizlik farq bilan ortda qoldirish imkoniyati borligini anglatadi — bu esa g‘alaba qozonish uchun yetarli bo‘ladi. Ikkala nomzod foydasiga ham argumentlar topiladi — ular nima uchun kerakli joylarda saylovchilarni safarbar qila olishlari va saylovchilar o‘zlariga ovoz berishiga ishonch hosil qilishlari mumkinligiga.
BBC dastlab, 130 yil ichida ilk bor saylovlarda bir marta yutqazgan sobiq prezident qayta saylanishi mumkinligiga e’tibor qaratdi.
Tramp g‘alaba qozonishi mumkin, chunki..
1. U hokimiyatda emasdi
Iqtisodiyot — saylovchilar uchun birinchi o‘rinda. Ishsizlik darajasi yuqori emas va fond bozori rivojlanayotgan bo‘lsa-da, amerikaliklarning ko‘pchiligi har kuni yuqori narxlardan aziyat chekmoqda.
Pandemiyadan keyin inflatsiya 1970-yillardan buyon misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. Bu esa Trampga shunday savol qo‘yish imkoniyatini taqdim etadi: «Ahvolingiz to‘rt yil oldingidan yaxshiroqmi?»
2024 yilda butun dunyo bo‘ylab saylovchilar hukmron partiyalarga qarshi ovoz berishi ko‘p kuzatildi — bu qisman koronavirusdan keyin yashash narxi oshgani bilan bog‘liq. AQShdagi saylovchilar ham o‘zgarishlarga chanqoq ko‘rinmoqda.
Amerikaliklarning faqat to‘rtdan bir qismi mamlakat ketayotgan yo‘nalishdan mamnun ekanini aytadi. Uchdan ikki qismi esa kelgusida iqtisodiy vaziyat yaxshilanishiga ishonmayapti.
Harris «o‘zgarishlar davri» nomzodi bo‘lishga harakat qilmoqda, ammo vitse-prezident saylovchilar orasida reytingi pasaygan Jo Bayden bilan birdek javobgar deb ko‘riladi.
2. Yomon xabarlar unga ta’sir qilmaydi
2021 yil 6 yanvarda Kapitoliydagi tartibsizliklar oqibatlari, qator ayblovlar va misli ko‘rilmagan jinoiy ishlarga qaramay, Trampni qo‘llab-quvvatlash darajasi yil davomida barqaror ravishda 40 foiz va undan yuqoriroq turdi.
Demokratlar va Trampni qo‘llamaydigan konservatorlar u davlat rahbari lavozimiga layoqatsizligini aytishsa-da, aksariyat respublikachilar o‘zini siyosiy «jodugar ovi» qurboni deb atagan sobiq prezidentning fikrlariga qo‘shiladi.
Ikki tomonning pozitsiyalari teng kelib turgan holatda, Tramp hali kimga ovoz berishini hal qilmagan va u haqida qat’iy fikri bo‘lmagan saylovchilarning bir qismini o‘ziga og‘dirishi yetarli bo‘ladi.
3. Uning noqununiy immigratsiya to‘g‘risidagi so‘zlari saylovchilarga yoqib tushdi
Iqtisodiy ahvoldan tashqari, hissiyotga boy mavzular ham saylovlarda hal qiluvchi bo‘ladi.
Demokratlar abortlar shunday mavzu bo‘lishiga umid qilmoqda, Tramp esa asosiy e’tiborini immigratsiya mavzusiga qaratgan.
Bayden davrida chegaradagi to‘qnashuvlar barcha rekordlarni yangiladi, immigrantlar oqimi esa chegaradan ancha ichkari joylashgan shtatlarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, so‘rovlar shuni ko‘rsatmoqdaki, saylovchilar immigratsiya masalasida Trampga ko‘proq ishonmoqda — va uning lotinamerikaliklar orasidagi obro‘si o‘tgan saylovlardagiga qaraganda ancha yaxshilangan.
4. Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan saylovchilar soni o‘qimishlilardan ancha ko‘p
Tramp o‘zini unutilgan va tashlab qo‘yilgan deb his qiluvchi saylovchilarni o‘ziga jalb qilmoqda. Bu Amerika siyosatini o‘zgartirib, azaldan demokratlar tarafdorlari bo‘lgan toifalarni, masalan, kasaba uyushmalari faollarini respublikachilarga aylantirdi hamda mahalliy ishlab chiqarishni import uchun bojlarni oshirish hisobiga himoya qilishni normaga aylantirdi.
Agar Tramp ikkilanuvchi shtatlarning qishloq va shahar chekkasidagi hududlaridan yetarlicha saylovchilarni uchastkalarga olib chiqolsa, bu, oliy ma’lumotli bo‘lgan va bu safargi saylovda betaraf qolishni ma’qul ko‘rayotgan respublikachilar tufayli bo‘ladigan yo‘qotishlar o‘rnini qoplashga imkon beradi.
5. Tramp beqaror dunyodagi kuchli shaxs sifatida gavdalanmoqda
Trampni xush ko‘rmaydiganlar u avtoritar yetakchilar bilan yaqinlashib, Amerikaning ittifoqchilari bilan munosabatlarni buzishini aytishadi.
Ammo sobiq prezident harakatlarini oldindan taxmin qilib bo‘lmasligini o‘zining kuchli tomoni deb biladi va Oq uyda ekanida birorta katta urush boshlanmaganiga e’tibor qaratadi.
Ko‘plab amerikaliklar turli sabablarga AQSh Ukraina hamda Isroilga milliardlarni yuborayotganidan norozi va mamlakat Bayden davrida zaiflashdi deb hisoblaydi.
Ko‘plab erkak saylovchilar (Tramp Jo Roganning podkastlarida ularga xushomad qilgan) uni Harrisga qaraganda kuchliroq yetakchi deb hisoblaydi.
Harris g‘alaba qozonishi mumkin, chunki...
1. U Tramp emas
O‘z ustunliklariga qaramay, Tramp juda qutblanuvchi figura bo‘lib qolmoqda.
2020 yilda u respublikachilar nomzodi sifatida eng ko‘p saylovchi qo‘lloviga ega bo‘lgandi, ammo yetti million ko‘proq amerikalik Baydenni qo‘llagani tufayli yutqazgandi.
Bu safar Harris saylovchilarni Trampning qaytishi qanchalik qo‘rqinchli ekaniga ishontirishga urinmoqda. U raqibini «fashist» va demokratiyaga tahdid deb atab, partiyalar o‘rtasidagi «drama va mojarolar»ga barham berishni va’da qilmoqda.
Iyul oyida Reuters/Ipsos o‘tkazgan so‘rovlar amerikaliklarning beshdan to‘rt qismi mamlakat nazoratdan chiqib ketgan deb hisoblashini ko‘rsatgandi. Harris saylovchilar — aynqisa mo‘’tadil respublikachilar va biror partiyaga a’zo bo‘lmaganlar — o‘zida barqarorlik keltira oladigan nomzodni ko‘rishiga umid qilmoqda.
2. U Bayden ham emas
Agar Bayden prezidentlik poygasidan chiqmaganida demokratlar yutqazishi tayin edi. Trampni yengish mushtarak istagi bo‘lgan partiya tezda Harris atrofida safarbar bo‘ldi. Dastlabki haftalarda u hayratlanarli tezlik namoyish etib, kelajakka qaratilgan g‘oyalarni taqdim etdi hamda saylovchilar bazasini ilhomlantirdi.
Respublikachilar Baydenning muvaffaqiyatsiz qarorlari uchun uni ham javobgar qilib ko‘rsatganida, Harris bu hujumlarning bir qismini muvaffaqiyat bilan qaytardi.
Uning eng yaqqol ajralib turgan ustunligi — yoshidir. So‘rovlar bir necha marta saylovchilarni Bayden o‘z lavozimini bajarishga naqadar layoqatli ekani xavotirga solayotganini ko‘rsatgandi. Keyin esa rollar almashdi va Tramp g‘alaba qozonsa, prezidentlikka saylangan eng keksa nomzod bo‘ladi.
3. U ayollar huquqlarini himoya qiladi
Bu prezidentlik saylovlari Oliy sud «Rou Ueydga qarshi» qonuni hamda abort uchun konstitutsion huquqni bekor qilganidan keyingi davrdagi birinchisi bo‘ladi.
Abort huquqini himoya qilishni istovchi saylovchilar Harrisni qo‘llashadi. Bu mavzu saylovdagi davomatni ko‘tarishi va natijalarga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligiga 2022 yilgi oraliq saylovlar davrida ham guvoh bo‘lgandi.
Bu saylovlarda 10 ta shtatda, jumladan, ikkilanuvchi shtatlar qatoridagi Arizonada byulletenlarda abortlarni tartibga solish masalasidagi savollar ham bo‘ladi. Bu Harris tarafdorlari faolligini oshirishi mumkin.
Bundan tashqari, tarixiy pretsedent imkoniyati ham uning ayol saylovchilar orasidagi pozitsiyasini oshirishga xizmat qiladi — AQShda ilk bor ayol prezident bo‘lishi mumkin.
4. Uning tarafdorlari ovoz berishga kelishi ehtimoli ko‘proq
So‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, Harrisni qo‘llab-quvvatlaydigan aholi guruhi (masalan, keksa yoshlilar va oliy ma’lumotlilar), katta ehtimol bilan saylov uchastkalariga chiqishadi.
Alaloqibat, demokratlar azaldan saylovlarda faollik ko‘rsatganlar orasida eng yaxshi natijalarni ko‘rsatgan, Tramp esa doim ham ovoz bermaydiganlar, masalan, yosh erkaklar va oliy ma’lumotga ega bo‘lmaganlar orasida mashhur.
Masalan, New York Times/Siena so‘roviga ko‘ra, Tramp Harrisni saylovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, ammo 2020 yilgi saylovda ovoz bermaganlar orasida sezilarli farq bilan ortda qoldirgan.
Shunday ekan, asosiy masala — ular bu safar ovoz berishga borish-bormasligida.
5. U katta miqdorda pul yig‘di (va sarfladi)
Sir emaski, Amerika saylovlari juda katta pullarni talab qiladi va bu safargisi tarixdagi eng qimmat saylov bo‘lishi mumkin.
Xarid qobiliyati haqida gap ketganida esa Harris oldinda. Financial Times tahlili ko‘rsatishicha, u iyul oyida prezidentlikka nomzod bo‘lganidan keyingi oylarda Tramp 2023 yil yanvaridan buyon to‘plaganidan ko‘proq mablag‘ yiqqan. Gazetaning qayd etishicha, Harrisning shtabi reklama uchun qariyb ikki barobar ko‘proq xarajat qilish imkoniga ega bo‘lgan.
Bu natijani amalda ikkilanuvchi shtatlardagi saylovchilar hal qiladigan keskin poygada ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin, bu hududlarga esa to‘rt tomondan siyosiy reklamalar yog‘dirildi.
Mavzuga oid
11:15
Putin Tramp bilan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishni muhokama qilishga tayyor - Reuters
17:20 / 20.11.2024
SpaceX oltinchi marta Starship raketasini sinovdan o‘tkazdi. Parvozni Donald Tramp ham kuzatib bordi
19:09 / 19.11.2024
Tramp Moskva va Tehronning ittifoqini parchalay oladimi?
13:12 / 19.11.2024