Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
WSJ: Saudiya AQShdan Eron bilan muzokaralarga qaytishni talab qilmoqda
Saudiyaliklar vaziyat keskinlashishi va Bob-al-Mandib bo‘g‘ozi ham yopilishidan xavotirda.
Foto: AFP/Getty Images
Saudiya Arabistoni Eron portlarini qamal qilishni to‘xtatishi va Tehron bilan muzokaralarga qaytishi uchun AQShga bosim qilmoqda, deb yozadi The Wall Street Journal manbalariga tayanib.
Gazeta suhbatdoshlariga ko‘ra, Ar-Riyoddagilar AQShning dengiz blokadasi Eronni vaziyatni keskinlashtirishga hamda neft eksportidagi yana bir muhim yo‘nalish hisoblangan Bob-al-Mandib bo‘g‘ozini yopishga undashidan xavfsiramoqda.
The Wall Street Journal qayd etishicha, Saudiya Arabistoni Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilgach, xom neftni Qizil dengiz orqali tashishga o‘tgan va so‘nggi kunlarda neft eksporti hajmini urushdan oldingi darajaga qaytargan.
Bob al-Mandib bo‘g‘ozi sohillarining katta qismini esa Eronning ittifoqchilari bo‘lgan Yaman husiychilari nazorat qiladi, ular bu yo‘nalishni to‘sib qo‘yishi mumkin.
The Wall Street Journal nashrining Saudiya energetika sektoridagi manbalariga ko‘ra, Ar-Riyod husiychilardan qirollik kemalariga hujum qilinmasligi bo‘yicha kafolat olgan. Ammo Saudiya Arabistoni AQShga vaziyat beqarorligicha qolayotgani va agar Eron bosimni kuchaytiradigan bo‘lsa, husiychilar mojaroga faollik bilan aralashishi mumkinligini bildirgan. Arabistonlik mulozimlarga ko‘ra, husiychilar ham bo‘g‘oz orqali o‘tadigan kemalardan to‘lov undirishni boshlashi mumkin.
Reuters agentligi manbalari AQSh va Eron delegatsiyalari joriy hafta oxirida muzokaralarning navbatdagi bosqichi uchun Islomobodga qaytib kelishi mumkinligini xabar qilishgan.
Yaqin Sharqdagi katta urushga qadar neft eksportidagi asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lgan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi urushning ilk kunlaridayoq Eron tomonidan to‘sib qo‘yildi. Undan faqat Tehronga «do‘st» bo‘lgan davlatlarning kemalari o‘tishiga ruxsat berilmoqda, Islom inqilobi muhofizlari korpusi esa bo‘g‘ozdan o‘tish uchun to‘lov joriy qilgan.
AQSh va Eron o‘rtasida 11-12 aprel kunlari Islomobodda o‘tkazilgan muzokaralar natijasiz yakunlanganidan keyin Donald Tramp amerikalik harbiylar «Ho‘rmuz bo‘g‘oziga kirishga va undan chiqishga uringan har qanday kemaning yo‘li to‘silishi»ni ma’lum qildi. Keyinroq AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi aniqlik kiritib, faqat Eron portlariga borayotgan kemalar bloklanishini ma’lum qildi. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanuvchi va boshqa mamlakatlardagi portlarga boruvchi kemalar harakati esa cheklanmagan.
Mavzuga oid
10:10
AQSh vitse-prezidenti: Eron keyingi yo‘lni o‘zi tanlaydi
22:20 / 13.04.2026
Tramp Eron portlarining to‘liq dengiz qamali boshlanganini ma’lum qildi
22:02 / 13.04.2026
AQShning yangi rejasi: Ho‘rmuz blokadasi amalga oshadimi?
20:22 / 13.04.2026