Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fridrix Mers GFRni yetakchi o‘rtacha barqudrat davlatga aylantirish niyatida
XDI raisi, agar u saylovlarda g‘alaba qozonsa, Germaniya tashqi siyosati manfaatlarini yanada qat’iy himoya qilishga va’da beryapti. Mers Donald Tramp bilan foydali «kelishuvlar» tuzilishiga umid qilmoqda.
Foto: Lisi Niesner/REUTERS
Germaniya kansleri lavozimiga Xristian-demokratik ittifoq (XDI)dan nomzod Fridrix Mers, agar o‘zi saylovda g‘alaba qozonsa, Germaniyaning tashqi siyosat sohasidagi manfaatlarini qat’iy himoya qilish va AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp bilan o‘zini ishonchli tutish niyatida. «Biz uxlayotgan o‘rtacha barqudrat davlatdan yana yetakchi o‘rtacha barqudrat mamlakatga aylanishimiz kerak», dedi u Stern nashriga bergan intervyusida, undan parchalar Reuters tomonidan 10 noyabr, yakshanba kuni chop etilgan.
«Biz Germaniyada haligacha o‘z manfaatlarimizni yetarlicha aniq shakllantirganimiz yo‘q va buni o‘zgartirishimiz kerak. Amerikaliklar ancha tajovuzkor. Faqat bir tomon g‘alaba qozonishi to‘g‘ri emas, har ikki tomon uchun ham manfaatli kelishuvlar tuzish kerak. Tramp buni bitim deb ataydi», deb tushuntirdi xristian-demokrat siyosatchi.
Mers — AQSh bilan o‘zaro manfaatli bitimlar tarafdori
Mers aniq bir misol keltirdi: «Aytaylik, biz zarurat tufayli Amerikaning F-35 qiruvchi samolyotlarini sotib olyapmiz, lekin keyin ular bizda texnik xizmatdan o‘tishi kerak va biz buning uchun kerakli zavodlarni olamiz. Bu har ikki tomon uchun ham yaxshi kelishuv bo‘ladi. Men Trampni kuzatyapman, uni yaxshi biladigan ko‘p odamlar bilan gaplashib turibman: siz u bilan qat’iy va aniq muloqot qilishingiz kerak».
XDI rahbari Germaniya hukumatini, uning fikricha, Qo‘shma Shtatlardagi saylovlarga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lgani uchun tanqid qildi. «Federal hukumat Trampning qayta saylanishiga tayanishi kerak edi. Buning o‘rniga TIV Kamala Harrisga tayandi va shu bilan juda biryoqlama pozitsiyani egalladi. Tramp hamma narsani esida saqlab qoladi. AQShning yangi ma’muriyati amaldagi federal hukumatning so‘zlarini tinglab o‘tirmaydi. Shols endi jahon sahnasida «cho‘loq o‘rdakka» aylandi», — deya xulosa qildi Fridrix Mers.
Zyoder XDI bilan faol hamkorlik qilishga tayyor
Ayni paytda, Xristian-sotsialistik ittifoq (XSI) raisi va Bavariya bosh vaziri Markus Zyoder saylovlarda g‘alaba qozonsa, Xristian-demokratik ittifoq bilan yana yaqin hamkorlik qilish niyatida. «Biz tayyormiz. Dasturlarimizni tubdan yangiladik va bizda iqtisodiyot, energetika siyosati, migratsiyani cheklash hamda sanoat va Bundesverni rivojlantirish bo‘yicha aniq harakatlar dasturlari mavjud», — dedi xristian-sotsialist haftalik Bild am Sonntag nashriga bergan intervyusida.
Zyoder Germaniya kansleri Sholsni imkon qadar tezroq o‘z hukumatiga ishonch masalasini ko‘tarishga chaqirdi. «Hukumat qulaganda darhol yangi saylovlar o‘tkazishga yo‘l ochilishi kerak. Aks holda federal kansler idorasini saylov shtabiga aylantirishga urinish haqida tasavvur paydo bo‘ladi. Bu xato bo‘lardi, u demokratiyaga zid, kelgusi davr muammolarini hal qilishni cho‘zib o‘tirish kerak emas», dedi Xristian-sotsialistik ittifoq (XSI) raisi.
Shu bilan birga, Markus Zyoder sotsial-demokratlar partiyasini bo‘lajak koalitsiyaning yagona hamkori deb hisoblaydi. U Erkin demokratik partiya (EDP) raisi Kristian Lindnerning kelajakdagi hukumatda Moliya vazirligini boshqarish istagiga sovuqqonlik bilan munosabat bildirdi.
«Men Kristian Lindnerni qadrlayman. Lekin u «svetofor hukumati»da juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydi. Faqat bir narsani maslahat berishim mumkin: uzoqlashish, tanaffus olish. Qaytishga hech qachon kech bo‘lmaydi. Ammo avvalgidek davom ettirish - men bu variantga shubha bilan qarayman», — dedi Bavariya bosh vaziri.
Germaniyada hukumat koalitsiyasining qulashi
6 noyabr kuni Germaniya federal kansleri, sotsial-demokrat Olaf Shols mart oyida muddatidan oldin saylov o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun 2025 yil 15 yanvarda Bundestagda o‘z hukumatiga ishonch masalasini ovozga qo‘yishini ma’lum qildi. Shu kunning boshida Shols Erkin demokratik partiya (EDP) raisi bo‘lgan moliya vaziri Kristian Lindnerni ishdan bo‘shatishini e’lon qildi.
Koalitsiya bo‘yicha sheriklar uzoq vaqtdan beri iqtisodiy, moliyaviy va ijtimoiy siyosat masalalari bo‘yicha chuqur kelishmovchiliklar tufayli bo‘lingan, shu sababli ular Germaniyaning 2025 yilgi budjeti bo‘yicha kelisha olmadilar. Ular o‘rtasidagi mojaro o‘tgan hafta oxirida, Lindnerning Germaniyaning iqtisodiy, moliyaviy va ijtimoiy siyosatini tubdan o‘zgartirishni talab qilib, kanslerga yo‘llagan maktubi ommaga e’lon qilinganidan so‘ng yangi kuch bilan avj oldi. Bu xabar GSDP va «yashillar» tomonidan keskin tanqidga uchradi, ular erkin demokratlarni mamlakat oldida turgan muammolarga yechim topish uchun birgalikda ishlashni istamaslikda va koalitsiyani buzish uchun sabab topishga harakat qilishda aybladilar.
7 noyabrga o‘tar kechasi deyarli barcha vazirlar - EDP a’zolari iste’foga chiqishini ma’lum qildi. Shunday qilib, Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP), Erkin demokratik partiya (EDP) va «Ittifoq-90»/«yashillar» partiyasidan tashkil topgan Germaniyadagi hukmron «svetofor koalitsiya» quladi. Muxolifat parlamentda Shols hukumatiga ishonch bo‘yicha ertaroq ovoz berish va Bundestagga muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishni talab qilmoqda.
Mavzuga oid
21:16 / 27.04.2026
Ukraina YeI a’zosi bo‘lish uchun o‘z hududlaridan voz kechishiga to‘g‘ri keladi – Mers
09:45 / 31.03.2026
Germaniya kansleri suriyalik qochqinlarni uyiga qaytishga chaqirdi
13:05 / 19.03.2026
Mers: Yevropa Ukraina bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishi kerak
09:20 / 17.03.2026