O‘zbekiston | 13:22 / 25.10.2025
1613
2 daqiqa o‘qiladi

Maxsus yuklar tranziti va favqulodda vaziyatlar sohasida huquqiy tartib kuchaytirildi

O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ–1090-son qonuni bilan bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Hujjat maxsus yuklar va harbiy tarkiblar tranziti jarayonlarini takomillashtirish, shuningdek aholi hamda hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida huquqiy asoslarni mustahkamlashga qaratilgan.

Qonunga ko‘ra, tranzit ruxsatnomasini berish yoki berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza kelib tushgan kundan boshlab 20 kundan oshmagan muddatda qabul qilinadi. Bu talab maxsus yuklar va harbiy tarkiblar tranzitini rejalashtirishda aniq muddat va shaffoflikni ta’minlaydi.

Shuningdek, agar qo‘shimcha o‘rganish/tekshirish o‘tkazish yoki qo‘shimcha hujjatlar talab etish zarurati tug‘ilsa, ko‘rib chiqish muddati 10 kungacha uzaytirilishi mumkin. Ushbu mexanizm orqali maqbul xavfsizlik tekshiruvlari bilan birga tranzit jarayonining amaliy tezkorligi saqlanishi ko‘zda tutilgan.

Qonunda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun kuchlar tarkibi ham aniq belgilab qo‘yildi: maxsus vakolatli davlat organining harbiy va ixtisoslashtirilgan yong‘in-qutqaruv bo‘linmalari, Favqulodda vaziyatlar davlat tizimiga kiruvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari hamda boshqa tashkilotlarning tegishli tuzilmalari va bo‘linmalari ushbu vazifalarni amalga oshiradi.

Hujjatning qabul qilinishi tranzit jarayonlaridagi ma’muriy tartib-taomillarni standartlashtirish, xavfsizlik talablarini ta’minlagan holda muddatlarni aniqlash va favqulodda holatlarga tayyorgarlikni institutsional jihatdan kuchaytirishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid