Jahon | 19:47 / 22.11.2024
1066
3 daqiqa o‘qiladi

Braziliya sobiq prezidenti Jair Bolsonaru davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanmoqda

U mamlakatning amaldagi prezidenti da Silvaga nisbatan suiqasd uyushtirilayotganidan xabardor bo‘lgani aytilmoqda. 2022 yilgi saylovlarda Bolsonaru da Silvaga yutqazgan va Braziliyada tartibsizliklar boshlangan edi.

Foto: AP

Braziliya sobiq prezidenti Jair Bolsonaru 2022 yilda mamlakatning saylangan prezidenti Luis Inasiu Lula da Silvaga nisbatan suiqasd rejalaridan «to‘liq xabardor» bo‘lgani borasida ayblanmoqda. Bu haqda Braziliya politsiyasiga tayanib CNN xabar berdi.

Huquq-tartibot idoralari 2023 yil «8 yanvardagi teraktlarga aloqadorlik», «2022 yilgi prezidentlik saylovlari vaqtida davlat to‘ntarishiga fitna uyushtirish, shuningdek, da Silva, vitse-prezident Jyeraldo Alkmin va Oliy sud sudyasi Aleksandr de Morayesni o‘ldirishga tayyorgarlik ko‘rish» ishlarini tergov qilgan.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, harbiylar guruhi da Silva va Alkminni 2022 yil 15 dekabrda o‘ldirishni rejalashtirgan. Morayes ortidan esa kuzatuv olib borilgan. Tergov ostida bo‘lgan shaxslar Inqirozga qarshi institutsional boshqaruvni tashkil etish orqali jinoyatlar oqibatlarini yashirishni rejalashtirgan.

Ta’kidlanishicha, Bolsonaru ushbu rejadan «to‘liq xabardor» bo‘lgan. Politsiya idorasiga ko‘ra, 2022 yil dekabrda u armiya va flot vakillari bilan uchrashib, ularga hokimiyat tepasida qonuniy ravishda qolishiga imkon beradigan rejani taqdim etgan.

Joriy hafta boshida tergov doirasida besh kishi, jumladan, Bolsonaruning sobiq maslahatchisi ham ushlangan.

Bolsonaru 2019 yildan 2023 yilgacha Braziliya prezidenti bo‘lgan va da Silva uning o‘rniga kelgan edi. Siyosatchi mag‘lubiyatini tan olmagan, lekin lavozimini tark etgan. 2023 yil yanvar oyi boshida natijalardan norozi Bolsonaru tarafdorlari Braziliya poytaxtida norozilik namoyishlari va tartibsizliklar uyushtirgan, jumladan, hukumat binolarini egallab olishga uringan. Namoyishlar kuchishlatar tuzilmalar vakillari tomonidan bostirilgan, Bolsonaruning o‘zi esa 2018 yilda olgan jarohati bahonasida AQShga ketib qolgandi.

Bolsonaru davlat to‘ntarishiga urinish borasidagi ayblovlarni rad etgan va norozilik namoyishchilarini qoralagan. U mamlakatga 2023 yil martda qaytib kelgan va muxolifatga boshchilik qilmasligini ta’kidlagan.

Mavzuga oid