O‘zbekiston | 22:30 / 28.11.2024
2838
8 daqiqa o‘qiladi

“Zamonaviy uylarda yashashni biz ham xohlaymiz” – "Sputnik"dan reportaj

Yangihayot tumanining Yo‘ldosh mavzesidagi 2 qavatli yog‘och uylar buziladi, ammo u yerda ko‘p qavatli uylar qurilmaydi. Hududdagi daraxtlar saqlab qolinib, dendroparkka aylantiriladi. Mahalliy aholi esa kelgusi 2-3 yilda Gulshanobodda qurilayotgan yangi uylarga ko‘chiriladi. Buning uchun tadbirkor joyda uy ko‘tarishni ham boshlagan. Xo‘sh, odamlar bundan xabardor qilinganmi, mavzedagi uylar qanday holatda? Kun.uz'ning navbatdagi reportaji shu haqda.

Yangihayot tumanining Yo‘ldosh mavzesidagi uylar 1966 yildagi zilziladan keyin vaqtincha boshpana sifatida qurilgan. Hozirda massivda 409 ta 2 qavatli yog‘och turar-joylar mavjud.

Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan mahalliy yashovchilar xonadonlarning hozirgi holatini qoniqarsiz baholashmoqda. Ayrimlari tomi o‘yilib, suv quvurlari eskirib, zanglaganini aytsa, yana ayrimlari uyning yashash uchun juda kichikligidan shikoyat qilmoqda.

“Bu yerda oldin cho‘milish joylari yo‘q edi, “pojarka”ning yonida [jamoat] hammomi bo‘lardi, har hafta kun o‘tkazib ayollar cho‘milardi, keyin erkaklar yuvinardi. U ham yopilib, joyni “pojarka” olgach, hamma o‘ziga sharoit qilib oldi.

Bir xil uylar avariya holatida, bir xillari ta’mirlanib, chiroyli qilib olingan. Bir xil uylarda pollari chirib ketgan, ayniqsa 1-qavatlari. Tualet, vannasida suv tomib, bosib tushgan holatlari ham bo‘lgan. Uylar cho‘kkan, undaylariga yangi uy berilgan. Bir uy yonib [ham] ketgan.

[Ko‘chirish haqida] mahalladan bir kelib aytishganini men eshitmadim, lekin ko‘chirsa yaxshi bo‘lardi. Zamonaviy uylarda yashashni biz ham xohlaymiz”, – deydi Rahmonov.

Uylarning holati yaxshi emas, zamon talabiga javob bermaydi, tepalardan suv o‘tadi, “patolog”larim tushib yotibdi. 1-qavatda turaman, uyimning holatini ko‘rishingiz mumkin. Pollar chirib ketgan, qumlar to‘kiladi, suvlar oqadi. Aldanib kelib qolganman, to‘g‘risini aytsam”, – deydi yana fuqarolardan biri Ravshan Xo‘jayev.

Nafaqaxo‘r Yoqutxon Ubaydullayeva esa kengroq uy olish istagida 4 yil oldin ayni buzilishi kutilayotgan hududga ko‘chib o‘tganini, hanuz shu muddatni kutayotganini bildirdi.

[Bu uylar] buziladi deyishganiga, [eski] uyim kichkina, 1 xonali bo‘lgani uchun nabiralarim bilan siqilib qoldik deb shu yerdan uy olgandik. Buzilsa, 2 xonali olamiz deb. Mana, kelganimizga 4 yil bo‘ldi, buzilgani yo‘q. Men misol uchun, 4 nafar nabiram, o‘g‘illarim, chol-kampir bo‘lib shu yerda “propiska”dan yashaymiz.

Endi bitta uyda kichkina joyda ovqatlanadigan joy qilib qo‘yilgan, o‘sha yerda ovqatlanib o‘tirishadi, biz “spalniy”da chol-kampir. Uy bersa, sal bo‘lsa ham yayrarmiz. Keng-keng uy beradi baribir”, – deydi Ubaydullayeva.

1996 yildan beri yashovchi Shohista Ismandiyorova esa 3 xona uyida 2 o‘g‘il, 2 qizi bilan kun ko‘rayotganini, mas’ullar ko‘chish masalasida ular bilan suhbatlashgani, ammo aholi qachon ko‘chirilishi ma’lum qilinmaganini aytmoqda. Ayolga ko‘ra, rasmiylar bahor mavsumidan joyda buzilish bo‘lishini ma’lum qilgan.

Kecha [ko‘chirish] haqida majlis bo‘ldi, mahallaga chaqirtirishdi. Deputatlar, Adliya vazirligi, [boshqa] vazirliklardan kelishdi. Bizga Do‘stlik tomondan 16 qavatli uylar qurilayotgan ekan. Hamma sharoitlari bor deyishdi, lekin mening oyog‘im og‘riydi, zinalardan chiqa olmayman, shuning uchun baland qavatlarga chiqmayman. Lifti bo‘lsa ham, balandlikdan qo‘rqaman.

Shunga hamma borish-bormaslikka hayron. Oldin 3 ta variant bo‘ladi deb aytishgandi, 3 ta variantda yo pul, yo yer yoki eski uylardan beriladi deyishgandi. Bunday variantlar qo‘yishmadi, chunki hamma “Sputnik”dagilar Do‘stlikka olib borilarkan, 93 ta uy qurilayotgan ekan. Qachon buzilishini ham bilishmas ekan. “Bahordan boshlanadi, lekin qayerdan boshlab buzishni bilmaymiz” deb aytishdi”, – deydi u.

Tahririyat muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan ayrim fuqarolar ko‘chish istagi yo‘qligini, uylarini ta’mirlab, yaxshi yashab yurishganini ma’lum qildi. Ammo kameraga gapirishni istamadi.

Kelgusi 2-3 yilda bu fuqarolarimiz [hududda yashovchilar] bosqichma-bosqich ko‘chiriladi” – hokimiyat

Yangihayot tumani hokimi Hayot Inog‘omovning 28 noyabrdagi matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, Yo‘ldosh mavzesida hech qanday qurilish amalga oshirilmaydi, undan bo‘shagan yerlar dendroparkka aylantiriladi.

Ya’ni 60 yillik daraxtlarni saqlab qolish va joy yutqazmaslik uchun [shu qarorga keldik]. Bekordan bekorga 80 gektar joyni tashlab qo‘yamizmi degan fikrlar ham bo‘ldi. O‘yladik, bunday ko‘rsak, yangi uylar qurish uchun [kotlovanni] kattaroq qazishimiz kerak, pastroq bo‘lsa, [yerosti]suvi chiqib ketadi, agar kovlaydigan bo‘lsak, u yerda daraxt ildizlari bor, ildizga tegsak, ertaga daraxt quriydi.

Shuning uchun batamom to‘xtatdik, umuman qurilish qilmasdan, yog‘och uydan bo‘shagan 80 gektar yerimizni dendropark qilishga qaror qildik, biror kapital qurilish qilmasdan. Yangi 24 gektarlik hududimizda qurilish ishlarini boshladik, bular amalga oshgach, kelgusi 2-3 yilda bu fuqarolarimiz [hududda yashovchilar] bosqichma-bosqich ko‘chiriladi”, – deydi hokim.

E’lon qilingan videoda odamlarga beriladigan uylar qaysi manbadan qoplanishi, ular ko‘chirilgach uy bilan ta’minlanish kafolati qanday bo‘lishi yuzasidan ma’lumot berilmagan. Kun.uz bularga oydinlik kiritish uchun Toshkent shahar hokimiyatiga murojaat qildi. Unga ko‘ra, Sputnikdagi buzilish aholi ko‘chirilishi bilan, ya’ni 2027 yilda boshlanadi.

Odamlarga xonadonlar “karobka” emas, to‘liq tayyor holatda topshirilishi, hozirda yashayotgan uyining maydoniga mutanosib ravishda bepul berilishi ma’lum qilindi. Hokimiyat matbuot xizmatining aytishicha, fuqarolar yangi xonadonga notarial kelishuvni tuzmay turib ko‘chmaydi.

Uy bitmagunicha uydan ko‘chib, ijarada yashash zarurati bo‘lmaydi, agar o‘zi xohlamasa albatta”,– deyiladi izohda.

Undan avvalroq esa poytaxt hokimiyati huzuridagi “Tashkent Invest” kompaniyasi ham ayni masalada rasmiy munosabat bildirgandi. Unga ko‘ra, joydagi uylar ma’nan eskirgan, xonadonlarning maydoni juda kichik, oddiy maishiy sharoitlar mavjud emas. Qolaversa, aksariyat uylarning yog‘och qurilish konstruksiyalari va muhandislik tarmoqlari yuqori darajada jismonan eskirgan, energiya tejamkor emas hamda yong‘in xavfi yuqori.

Shu sababli u yerdagi odamlar yangi turar joylarga ko‘chiriladi. Kompaniyaga ko‘ra, odamlar ko‘chirilganda ularga zamonaviy talablarga javob beradigan teng qiymatli kvartiralar, masalan, eski uydagi 1 xonali uy o‘rniga yangi uydagi 1 xonali uylar beriladi. Muhtoj aholiga yangi uyga ko‘chib o‘tishda yordam ko‘rsatiladi. Uy-joyini kengaytirish, qo‘shimcha haq evaziga qo‘shimcha xonalar sotib olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqovga ko‘ra, shaharda 500 gektar hududdagi binolar renovatsiya qilinishi kerak. Bunday binolar qatoriga 2 qavatli eski uylar va Yangihayot tumanidagi ayrim turar joylar ham kiritilgan.

Mavzuga oid