25 noyabr kuni Yangihayot tumanining Yo‘ldosh mavzesida aholiga “Sputnik” nomi bilan tanish hududdagi 409 ta ikki qavatli yog‘och uylar buzilishi boshlangani xabar qilingandi.

Ammo tarmoqlarda jamoatchilikning mavzedagi daraxtzorlar yo‘q qilinishiga oid xavotirlaridan so‘ng poytaxt hokimiyati huzuridagi “Tashkent Invest” kompaniyasi dastur boshqa hududda amalga oshirilishini, yashillik saqlab qolinishi, uylarda yashovchilar esa boshqa hududga ko‘chirilishini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Yo‘ldosh mavzesi hududida aholi 1966 yilning yozidan yashay boshlagan. Shaharliklar uchun uy-joy masalasining vaqtinchalik yechimi sifatida to‘rt yuzdan ortiq ikki qavatli yog‘och uylar qurilgan.

Hozirgi paytda bunday uy-joylar ma’nan eskirgan va xonadonlarning kichik maydoni (har bir kishiga 16 kv m dan kam) hamda oddiy maishiy sharoitlarning yo‘qligi sababli sifatli uy-joyga qo‘yiladigan zamonaviy talablarga javob bermaydi.

Aksariyat uylarning yog‘och qurilish konstruksiyalari va muhandislik tarmoqlari yuqori darajada jismoniy eskirgan, shuningdek, energiya tejamkor emas va yong‘in xavfi yuqori. Bunday uylarda yashash shaharliklar uchun noqulay va hatto xavflidir”, – deyiladi izohda.

Muammoning yechimi sifatida hududni renovatsiya qilish dasturi ishlab chiqilgani va u bir nechta bosqichlarni o‘z ichiga olishi qo‘shimcha qilindi.

Yo‘ldosh mavzesida nimalar qilinadi?

Mavze chinor, lipa, eman va boshqa turdagi daraxtlardan iborat yashil o‘simliklar bilan qalin qoplangani sababli renovatsiya boshqa joyda amalga oshiriladi. Mavjud daraxtlarni saqlab qolish va davolash, yangi daraxt, butalarni o‘tqazish orqali zamonaviy dendropark tashkil etiladi.

Rejaga ko‘ra, aholini ko‘chirish uchun 1,5 km uzoqlikdagi Gulshanobod mahallasi tanlab olingan. Tuman loyihasi va konsepsiyasi “Tashkent Invest” AJ quruvchi kompaniya bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha qurilish kompaniyasi bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi asosida amalga oshiriladi, unda kvartiralarni davlat uy-joy fondiga berish shartlari aks ettirilgan.