O‘zbekiston | 08:21
8347
2 daqiqa o‘qiladi

10 oyda qancha ish haqi va nafaqa pullari talon-toroj etilgani ma’lum qilindi

O‘zbekistonda 10 oyda ish haqi va nafaqa pullarining 5,8 milliard so‘mi talon-toroj qilingani aniqlangan. 

Foto: Kun.uz

Bosh prokuratura ma’lum qilishicha, 2024 yilning yanvar-oktyabr oylari davomida bunday holatlar ortidan 71 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bu davrda kredit mablag‘lari talon-toroj qilinishi oldini olish, muammoga aylangan qarzdorliklar qaytarilishini ta’minlash ishlari ustidan nazorat yanada kuchaytirildi.

Prokuratura aralashuvi bilan qarzdorliklarning 11,6 trillion so‘mi amalda undirildi, 8,9 trillion so‘m bo‘yicha garovdagi mulklarning sotuvga chiqarilishi ta’minlandi, 1,6 trillion so‘mlik ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv qarzdorlarning ish  haqiga qaratildi.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlarida mablag‘larning 2,5 trillion so‘mi talon-toroj qilingani aniqlanib, bank va mijoz korxonalar rahbarlariga nisbatan 906 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

2024 yilgi investitsiya dasturi asosida qurilish-ta’mirlash  ishlari  amalga  oshirilgan obektlarda qurilish sifati va mablag‘lardan maqsadli foydalanishga alohida e’tibor qaratilib, 61,2 milliard so‘mlik sifatsiz ishlar va 82,1 milliard so‘mlik qo‘shib yozish holatlari joyida  bartaraf  etilib,  huquqbuzarliklarning oldi olindi.

Mazkur dastur ijrosi bo‘yicha olib borilgan nazorat tadbirlarida qonunni buzgan 466 nafar shaxs intizomiy, 1854 nafari ma’muriy javobgarlikka tortildi. Qo‘pol qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 262 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, davlatga yetkazilgan 71 milliard  so‘m zarar undirildi.

Mavzuga oid