O‘zbekiston xalqaro majburiyatlarni bajarish doirasida 530 dan ortiq fuqarosini Yaqin Sharqdan qaytardi
10 dekabr kuni BMT bosh qarorgohida tashkil qilingan tadbirda «Qurolli mojaroli hududlardan qaytarilgan shaxslarni reabilitatsiya qilish bo‘yicha Mintaqaviy kengash»ga raislik Qozog‘istonga o‘tgani ma’lum qilindi. Tadbirda qatnashgan Rossiya va AQShning BMTdagi elchilari ham Kengash faoliyatini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
10 dekabr kuni Qurolli mojaroli hududlardan qaytarilgan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashining faoliyatiga bag‘ishlab Nyu-Yorkda tashkil qilingan tadbir Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti va O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan BMT tuzilmalari ko‘magida o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston xalqaro majburiyatlarni bajarish doirasida 2019 yildan beri 530 dan ortiq fuqarolarini, asosan ayollar va bolalarni Vatanga qaytargan. Ularga tibbiy, ijtimoiy va ruhiy yordam ko‘rsatildi. Shuningdek, kasb-hunarga o‘qitish va ishga joylashtirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqildi.
Shuningdek, Rossiya va AQShning BMTdagi elchilari ham Kengash faoliyatini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Markaziy Osiyo davlatlari o‘z fuqarolarini mojaroli hududlardan qaytarish bo‘yicha sezilarli sa’y-harakatlarni amalga oshirgani siyosiy iroda va o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarga sodiqlik namunasi ekanligi ta’kidlandi.
So‘zga chiqqanlar, shuningdek, repatriatsiya bo‘yicha o‘zbek modeli inson huquqlari va bolalarni himoya qilish masalalariga yo‘naltirilganligini ta’kidladi.
BMTning sobiq maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolaynga ko‘ra, O‘zbekiston boshidanoq qaytarilgan bolalarga «himoya ostidagi, jamiyatga qaytariladigan millat bolalari» degan pozitsiyada bo‘lgani muvaffaqiyat kaliti bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, keyingi yil Kengashdagi raislik Qozog‘istonga o‘tadi. Qozog‘istonning BMTdagi diplomatik vakolatxonasi rahbari Qayrat Umarov tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirishini ta’kidladi.
Mavzuga oid
09:43 / 10.01.2025
Livanda nihoyat prezident saylandi. Bu Eronga yana bir zarba
09:32 / 04.01.2025
Kiyevda BMT rossiyaliklar qiynoqqa solingani haqidagi so‘zlar uchun tanqid qilindi
17:00 / 28.12.2024
2024 yilda O‘zbekistonga investitsiyalar miqdori qariyb 50 foizga qisqardi - ESCAP
20:22 / 27.12.2024