Jahon | 07:31 / 17.12.2024
1332
2 daqiqa o‘qiladi

Yevroittifoq RFning «beqarorlashtiruvchi faoliyati» uchun sanksiyalar kiritdi

Xususan, Tina Kandelaki va Bundestagdagi GuM deputati Oygen Shmidtning sobiq yordamchisi xorijdagi «beqarorlashtiruvchi faoliyat» uchun Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Foto: Daniel Kalker/picture alliance

Yevropa Ittifoqi ilk bor Kremlning xorijdagi «beqarorlashtiruvchi faoliyati» uchun mas’ul bo‘lgan 19 nafar Rossiya fuqarosi va yuridik shaxsiga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda 16 dekabr, dushanba kuni Yevropa Ittifoqining rasmiy saytida chop etilgan YeI kengashi qarorida aytiladi.

Xususan, sanksiya ro‘yxatiga «Germaniya uchun muqobil» o‘ta o‘ng partiyasidan Bundestag deputati Oygen Shmidtning sobiq yordamchisi, Yevropa rasmiylariga ko‘ra, «demokratiya, qonun ustuvorligi va xavfsizlikka putur yetkazuvchi faoliyatda ishtirok etgan» Vladimir Sergiyenko kiritilgan. 2024 yil iyul oyida Berlin sudi Sergiyenkoni Germaniyadan chiqarib yuborishga qaror qildi.

Undan tashqari yangi sanksiyalar ro‘yxatiga Germaniyada FSB bilan aloqasi borlikda gumon qilinayotgan rossiyalik tadbirkor Visa Mizayev; «Gazprom-Media» holdingi direktori o‘rinbosari Tina Kandelaki; «Valday» munozara klubi dastur direktori Timofey Bordachev va boshqalar kiritildi.

Sanksiya ostidagi yuridik shaxslar qatorida Rossiyaning «Afrika tashabbusi» axborot agentligi va GRUning 29155-sonli harbiy qismi ham bor.

Mavzuga oid