Shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
2022 yilda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq 6 mingdan ziyod huquqbuzarlik aniqlangan. 2023 yilda bu raqam qariyb 8 mingtani, 2024 yilning 11 oyida esa salkam 9 mingtani tashkil etgan. Aniqlangan sifatsiz qurilish-montaj ishlari bo‘yicha 4 mingdan ziyod obektda qurilish ishlari to‘xtatilgan.
Senatning ikkinchi yalpi majlisida “Seysmik xavfsizlikni ta’minlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi 3 yilda 100 mingga yaqin obektlar qurilishi ustidan Qurilish inspeksiyasi tomonidan davlat nazorati o‘rnatilgan. Shunga qaramay ayrim quruvchilar tomonidan belgilangan normalarga amal qilmaslik holatlari ortib bormoqda.
Jumladan, 2022 yilda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq 6 mingdan ziyod huquqbuzarlik aniqlangan. 2023 yilda bu raqam qariyb 8 mingtani, 2024 yilning 11 oyida esa salkam 9 mingtani tashkil etgan. Aniqlangan sifatsiz qurilish-montaj ishlari bo‘yicha 4 mingdan ziyod obektda qurilish ishlari to‘xtatilib, uch yil mobaynida 1,5 mingga yaqin buzdirish ishlari amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, tadbirkorlar tomonidan noqonuniy qurilishni amalga oshirish holatlari ham ko‘payib bormoqda. Xususan, 2022-2024 yilning o‘tgan davrida 13 mingdan ortiq obektda davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan qurilish ishlari boshlab yuborilgan.
Qayd etilishicha, bu kabi kamchiliklarga turli tashkiliy hamda huquqiy bo‘shliqlar mavjudligi ham sabab bo‘lmoqda. Jumladan, ruxsatsiz qurilishni amalga oshirish, bosh rejaga, obektlarni foydalanishga qabul qilish qoidalariga rioya qilmaslikni hamda ko‘p kvartirali uylarni o‘zboshimchalik bilan yerto‘la va birinchi qavatini buzish yoki rekonstruksiya qilganlik uchun belgilangan ma’muriy jarimalar ta’sirchanligi past.
Qonunchilikda loyihachi tomonidan beriladigan ko‘rsatmalarni bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanmagan. Bu esa Qurilish inspeksiyasi va loyihachilarning ko‘rsatmalari buyurtmachi tomonidan bajarilmasligiga sabab bo‘lmoqda. Ko‘p kvartirali uylarning yerto‘la va birinchi qavati tayanch qismini o‘zboshimchalik bilan buzish yoki rekonstruksiya qilib, noturar obektga aylantirish holatlari ortib bormoqda.
Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslari hamda “Lisenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga qurilishlar sifatini oshirish, binolar va inshootlar qonunga xilof ravishda qurilishining oldini olish hamda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga oid tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Jumladan, Jinoyat kodeksning 229-3-moddasiga qurilishi tugallangan binolar va inshootlardan foydalanishga doir ruxsatnoma berish hamda ularni foydalanishga qabul qilib olish qoidalarini buzganlik, obektlarni qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatnomasiz qurganlik, ko‘p kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni qonunchilik hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni buzgan holda o‘zgartirganlik va (yoki) rekonstruksiya qilganlik, uchun shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa jinoiy javobgarlik yuzaga kelishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilyapti.
Shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishi odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, bu uchun alohida jinoiy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Ko‘p kvartirali uylardagi tayanch konstruksiyalarni qonunchilikni hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni buzgan holda o‘zgartirish va (yoki) rekonstruksiya qilish bilan bog‘liq jinoyatni birinchi marta sodir etgan hamda amalga oshirilgan o‘zgartirish yoki buzilishlarni, shuningdek ularning oqibatlarini ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan shaxs javobgarlikdan ozod etiladi.
Shuningdek, shaharsozlikka oid qonunchilik talablarini buzganlik uchun belgilangan jarima jazolari kuchaytirilmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Mavzuga oid
14:55 / 22.12.2024
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
10:40 / 06.11.2024
Psixologik yordam ko‘rsatish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi
13:38 / 23.10.2024
Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
07:50 / 09.10.2024