O‘zbekiston | 21:02 / 26.12.2024
2094
6 daqiqa o‘qiladi

26 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Poytaxtning yangi bosh rejasi, tasdiqdan o‘tgan 2025 yilgi Davlat budjeti, ommaviy tartibsizliklarni moliyalashtirganlik uchun javobgarlik va «dacha»dan topilgan alimentdan qochgan ota — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Toshkentning 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi tasdiqlandi

Nihoyat, Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlandi. Unga ko‘ra, poytaxtda qurilish ishlari bosh reja asosida amalga oshiriladi.

2045 yilgacha poytaxt aholisi soni 7,5 mlngacha yetishi kutilmoqda. Yashil maydonlar 10 ming gektargacha oshirilib, shahar atrofida 15 ming gektarlik yashil belbog‘ barpo etiladi.

Transport infratuzilmasini rivojlantirish doirasida qo‘shimcha 647 km yo‘l qurilib, 140 km yo‘l kengaytiriladi. Jamoat transportidan foydalanish ulushi 60 foizgacha oshirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, transport markazlari va yangi metropoliten yo‘llari quriladi.

Shahar hududlari konservatsiya, rekonstruksiya va renovatsiya zonalariga ajratilgan. Yashil maydonlarni himoya qilish va binolar zichligini nazorat qilish uchun cheklovlar joriy etiladi. Bosh reja talablarining ijrosi bo‘yicha hukumatda har chorak yakunida hisobot eshitiladi.

2025 yil Davlat budjeti tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil uchun Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. U konsolidatsiyalashgan budjetni shakllantirish va ijro etish tartiblarini belgilaydi.

Qonunga ko‘ra, respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘lar faqat 2025-moliya yilida sarflanadi, kelgusi yilga o‘tkazilmaydi. Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotning 3 foizidan oshmasligi belgilandi.

Qonun 2025 yil 1 yanvardan amalga kiritiladi.

Mobil aloqa aksiz solig‘idan ozod etildi

O‘zbekistonda 2025 yilga mo‘ljallangan soliq siyosatini takomillashtirish doirasida mobil aloqa xizmatlari aksiz solig‘idan ozod qilindi. Shuningdek, bir qator muhim o‘zgarish va imtiyozlar tasdiqlandi.

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yerlar QQSdan ozod qilindi. Qishloq xo‘jaligi yerlari uchun ikki baravar yer solig‘i bekor qilindi; YaTT xodimlari uchun ijtimoiy soliq kamaytirildi;

Bojxona chegarasidan o‘tishda soliq hujjatlari taqdim etish majburiyati bekor qilindi.

Shuningdek, noshirlik, axborot texnologiyalari, ta’lim, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va ijtimoiy tadbirkorlik sohalari uchun vaqtinchalik imtiyozlar joriy etildi.

Yangi tartib va imtiyozlar 2025 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.

Nukus voqealari bo‘yicha hisobot tinglandi

2022 yil iyulida Nukus shahrida yuz bergan tartibsizliklarni o‘rganish bo‘yicha komissiya o‘z hisobotini parlamentga taqdim etdi. Tartibsizliklarda ishtirok etgan 6 ming 135 kishiga ma’muriy jarima, 2 ming 639 nafariga ma’muriy qamoq, 61 nafariga esa jinoiy javobgarlik belgilangan.

Hodisa davomida 21 kishi halok bo‘lgan, shulardan 2 nafari huquqni muhofaza qiluvchilar. 413 kishi tan jarohati olgan, ularning 183 nafari huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlaridir. Moddiy zarar 6,8 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Komissiya 168 nafar qamoqqa olingan shaxsning 107 nafari ozod qilinganini va gumonlanuvchi hamda sudlanuvchilarning huquqlari to‘liq ta’minlanganini qayd etdi. Shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining huquqbuzarliklari uchun 3 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Ommaviy tartibsizliklarni moliyalashtirganlik uchun javobgarlik

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Jinoyat kodeksining 244-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi. Unga ko‘ra, ommaviy tartibsizliklarni sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik va ularni moliyalashtirganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

Qonunga kiritilgan yangi tuzatishlarga ko‘ra:

Moddaning uchinchi qismida ommaviy tartibsizliklar sodir etish uchun maxsus o‘quvdan o‘tgan shaxslarga javobgarlik choralari belgilab qo‘yildi.

To‘rtinchi qismida ommaviy tartibsizliklarni moliyalashtirganlik uchun alohida javobgarlik joriy qilindi.

Beshinchi qismga ko‘ra, o‘quvdan o‘tgan shaxs o‘z xohishi bilan bu haqda huquq-tartibot organlariga xabar bergan taqdirda jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.

Tashkent City bog‘ida harakat cheklandi

2024 yil 25 dekabrdan 2025 yil 10 yanvarga qadar Tashkent City bog‘i ichidagi O‘qchi, Yangi Toshkent va Zargar ko‘chalarida transport vositalari harakati cheklanadi. Bu haqda poytaxt IIBB ma’lum qildi.

Cheklovlar Yangi yil bayrami tadbirlari munosabati bilan joriy etildi. Haydovchilardan yondosh ko‘chalardan foydalanishlari so‘ralmoqda. Mazkur cheklovlar uchun aholi va mehmonlardan uzr so‘ralgan.

Alimentdan qochgan ota «dacha»dan topildi

Navoiy viloyati Karmana tumanida farzandi uchun aliment to‘lamasdan qochib yurgan ota 2,5 yillik qidiruvdan so‘ng dalahovlidan topildi. U 2022 yil 7 apreldan buyon yashash manzilini o‘zgartirib, yashirinib yurgan.

Tezkor tadbirlar davomida qarzdor ota Karmana tumanidagi «Yubiley» dalahovlisida ushlandi. Otaning aliment bo‘yicha qarzi 49,8 mln so‘mni tashkil etgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi uni 15 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Navoiy viloyatida aliment to‘lovidan qochib yurgan 76 nafar ota qidirilmoqda. Shularning 34 nafari O‘zbekistonda yashiringan, 38 nafari esa chet elga chiqib ketgan.

Mavzuga oid