Fan-texnika | 21:58 / 01.01.2025
8224
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda oltinchi avlod qiruvchi samolyoti sinovdan o‘tkazildi

XXR Chengdu J-36 deya nomlanayotgan yangi avlod qiruvchi samolyotini sinovdan o‘tkazdi. Dum tayanchiga ega bo‘lmagan samolyot uzoq masofaga ucha olishi bilan ajralib turadi.

Foto: CC BY 3.0

Xitoy 26 dekabr kuni ikkita oltinchi avlod deltasimon qiruvchi samolyotlarini sinovdan o‘tkazdi. New Atlas’ning yozishicha, ekspertlar qiruvchilardan biri Chengdu J-36 ekanini tasdiqlagan.

Qayd etilishicha, ushbu yangi avlod qiruvchi samolyotlarining tasdiqlanmagan nomi ularning fyuzelyajiga yozilgan seriya raqamidan kelib chiqqan. «36011» Xitoy Xalq-ozodlik armiyasi Harbiy-havo kuchlaridagi nomlash tizimiga mos keladi.

J-36 ning birinchi parvozi XXR asoschisi Mao Tszedun tavallud topgan kunda amalga oshirilgan va Sichuan provinsiyasida yashovchi mahalliy aholi mobil telefonlari orqali uni tasvirga olishga muvaffaq bo‘lgan. Manyovrlarda dum qismi yo‘q deltasimon korpusni ko‘rish mumkin. Yangi qiruvchiga parvozda ikki o‘rindiqli Chengdu J-20S samolyoti hamrohlik qilgan. Bir qarashda ularni farqlash qiyin, J-36 ning o‘lchami ham J-20S niki kabi qariyb 20 metrga teng.

Dumsiz konfiguratsiya — o‘ziga xos dizayn tanlovidir. Vertikal barqarorlashtirgichdan voz kechish hisobiga jangovar samolyot «fly-by-wire» ilg‘or kompyuter boshqaruv tizimidan foydalanadi. Bu kabi qaror uning radiolokatsion maydonda yashirinishiga xizmat qiladi. Konstruksiya, shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri qarshilikni kamaytiradi, bu esa samolyotga missiyalar doirasida uzoq masofaga uchish imkonini beradi.

Qiruvchining havo o‘tkazuvchi panjaralari noan’anaviy — fyuzelyaj tepasi va yonlariga o‘rnatilgani uning nostandart uch dvigatelli konfiguratsiyasidan dalolat beradi. Dvigatellar sonining ko‘pligi manyovrchanlikni oshiradi.

J-36 parvozni amalga oshirgan kunda Shenyang Aircraft Corporation tomonidan yaratilgani taxmin qilinayotgan yana bir qiruvchi samolyot Sukhoi Su-27 hamrohligida payqalgan. Oltinchi avlodga kiruvchi ikkala samolyot ham aftidan radiolokatsion tizimlardan qochish uchun murakkab aerodinamik konsturksiyaga ega qilib ishlangan.

Mavzuga oid