Jamiyat | 22:30 / 02.01.2025
24709
14 daqiqa o‘qiladi

“Chumoli”: noldan ko‘tarilgan yigitlar hikoyasi

Instagram'ning o‘zbek segmentida hayotiy muammolarni ortiqcha bo‘rttirish va mubolag‘alarsiz ko‘rsatib bera oladigan blogerlar barmoq bilan sanarli. 2023 yilda o‘zining qisqa metrajli filmlari bilan bu makonga kirib kelgan “Chumoli” jamoasi ana shulardan biri. Ularning videolari o‘rtacha 2 milliondan 11 milliongacha tomosha qilingan. 150 ga yaqin videolari orqali 700 mingdan ortiq obunachiga ega bo‘lgan. Xo‘sh, qisqa vaqt ichida bu jamoa qanday qilib muvaffaqiyatli loyihaga aylana oldi? Ular bu haqda Kun.uz'ga gapirib berdi.

“Chumoli” jamoasi mualliflari Bahodir Rahimov hamda Jasur Rustamov Kun.uz bilan intervyuda loyihaning tashkil topishi, kontentlarning tasvirga olinish jarayoni, ijod erkinligi, auditoriya madaniyati, mualliflik huquqi kabi mavzularga to‘xtalishdi.

“Robotlashayotgan”imni sezib ishdan bo‘shaganman

Bahodir Rahimov: Ijoddagi hamkasbim Jasur bilan o‘n ikki yillik do‘stmiz. Ikkalamiz ham Respublika musiqa va san’at kollejida aktyorlik va rejissyorlik bo‘yicha tahsil olganmiz. Kollejni tamomlagandan so‘ng Jasur O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida o‘qishni davom ettirdi. Men esa tezpishar taom tayyorlovchi markazda faoliyatimni boshlab, oddiy ishchidan menejer darajasigacha ko‘tarildim.

Hammasi risoladagidek ketayotgan edi: yaxshi rahbarlar qo‘l ostida qoniqarli maosh bilan faoliyat yuritayotgandim, ammo qalbimdagi ijodga talpinish hissi magnitdek tortib turardi. Xodim sifatida ishlab yurgan vaqtlarimda o‘zimni robotdek tasavvur qilardim, bir topshiriq tugasa, nafas olishga ham ulgurmay ikkinchisini bajarishga shay holatda turish kerak. Fikrlash, hayotimni tahlil qilishga deyarli vaqt bo‘lmasdi. Daromad yaxshi kelsa-da, ich-ichimdan qoniqishni his etmasdim. Bir kun o‘zim bilan o‘zim yaxshilab gaplashib oldim, nimani xohlayotganim, qaysi kasbda maza qilib ishlay olishimni o‘yladim va ishimni to‘xtatib ijod yo‘liga kirishga qat’iy qaror qildim.

Jasur Rustamov: O‘qishni tugatib, kino, klip, telekanallarda turli kontentlar olinishida postanovkachi operator bo‘lib ishladim. O‘zim mustaqil kino olish, unda ham rejissyor, ham operator bo‘lishni xohlardim. Orada qo‘shimcha ijodiy ishlar ham qilib turardik. Yaxshi rollar bo‘lsa, Bahodirni taklif qilardim, epizodlarda o‘ynardi. Bir safar Bahodir bilan film tasvirga olish vaqtida Instagram uchun kontent yaratish g‘oyasi paydo bo‘lgan. Bu platformaga qisqa metrajli filmlar ishlab, joylash borish taklifini berganman. Boshida Bahodir ham, atrofimizdagi boshqa do‘stlarimiz ham “bu yo‘nalishning ketmoni Instagram'da yaxshi uchmaydi”, “komediya, vayn orqali tezroq ko‘tarilishingiz mumkin” degan fikrlarni bildirishgan. Kontent yaratuvchilar bozorini tahlil qilib ko‘rganmiz, qaysi yo‘nalishda, nima mavzularda media mahsulotlar ishlanayotganini kuzatganmiz. Va oxiri o‘zimiz tanlagan yo‘nalishda ijod qilishga to‘xtalganmiz. Hozir atrofdagilar “zo‘r yo‘nalish topgansizlar”, “bu yo‘nalishda birinchi bo‘ldingiz”, deyishadi. Boshlanishida qarama-qarshi fikrlar ko‘p bildirilar ekan, odam o‘z g‘oyasiga ishonib, uni realizatsiya qilish orqali to‘g‘riligini jamiyatga oxirigacha isbotlash kerak.

Bahodir Rahimov: Kinoda ba’zi yo‘llarimiz to‘siq bo‘lgan. Shu sabab boshqa muhit, boshqa sharoit, boshqa ishda ishlab turib, ssenariylar yozib, ikki-uchta kontent ham olganmiz. Ayni shu joyda eski rahbarlarimizdan uzr so‘ramoqchiman, “u yer, bu yerda ushlanib qoldik” deb bahona qilib, ko‘chada syomkada yurgan vaqtlarimiz bo‘lgan. Ijodni to‘liq boshlash arafasida rahbarlarga vaziyatni to‘g‘ri tushuntirib, ulardan duo olib, rozi-rizochilik bilan “Chumoli” loyihasiga sho‘ng‘iganmiz.

Nima uchun aynan “Chumoli”?

Jasur Rustamov: Nom uchun bir nechta alternativ variantlar bo‘lgan. Jamoaga “Chumoli” deb nom qo‘yish taklifi Bahodirdan chiqqan. Boshida kulgili eshitilgan. To‘g‘risi, yoqmagan ham. Biroq “Chumoli jannatga kiruvchi hasharot”ligini aytib, bu so‘z ramziy ma’noda o‘ziga xos kuchli g‘oyalarni ifodalagani uchun shu nomda to‘xtalganmiz. Chumolilar mehnatsevarlik, birdamlik, jamoaviy katta yutuqlarga erishish uchun kichik qadamlar qo‘yish ramzi hisoblanadi. Ya’ni bu hasharotlar kichik bo‘lishiga qaramay, kuchlarini o‘zaro birlashtirib katta yuklarni ko‘tarishadi va katta ishlarni amalga oshiradi. Mazkur nom jamoaning har bir kichik qadami katta natijalarga olib keladi, degan yaxshi niyatda tanlangan. Loyiha, asosan, 20-30 yoshlilarga mo‘ljallangan. Katta hayotga endi qadam qo‘yib kelayotgan, maqsadim nima, motivatsiyam qayerda deb yurgan yoshlarni ko‘proq qamrab olishga harakat qilamiz.

Loyiha “0” budjyet bilan boshlangan

Jasur Rustamov: Ishonasizmi, loyihani endi yo‘lga qo‘ygan paytimizda qo‘limizda hech qanday moddiy resurs bo‘lmagan. Alloh bergan iqtidor, fikrlash qobiliyati, xohish va harakat bor edi, xolos. Videolarni Iphone 12 telefonida olardik, boshqa hech qanday uskunalar: mikrofon, chiroq, shtativ, ronin bo‘lmagan ya’ni texnik tomonlama kuchli imkoniyatimiz yo‘q, deyarli nolga teng edi. To‘g‘ri, texnik omil kontentning sifatli chiqishiga yordam beradi, lekin ko‘p narsa g‘oya va ssenariyga bog‘liq, texnika bor-yo‘qligini birinchi o‘ringa chiqarish shart emas.

Kezi kelganda do‘stlarimizdan qarz olib, kontent uchun sarflagan kunlarimiz ko‘p bo‘lgan. Loyihani moliyaviy bazasiz, tavakkaliga boshlaganmiz. Ikkalamiz ham oilali bo‘lishimizga qaramay, qiyin vaziyatlar, pul bilan bog‘liq masalalar yuzaga kelib qoladigan kunlarga tayyor edik.

Mashhurlar fikr bildirishi katta motivatsiya bo‘lgan

Bahodir Rahimov: Odatda, biror ishni boshlayotganingizda o‘sha yo‘nalishda bozorda eng zo‘rlari kimligini tahlil qilasiz va ma’lum ma’noda ularga ergashasiz. “Mittivine” jamoasi hurmat bilan kuzatadigan ijoddoshlarimizdan biri bo‘lgan. Instagram'ga joylagan birinchi kontentimizga ushbu jamoa a’zolaridan biri Murod Solihov tomonidan ijobiy izoh yozilishi bizga katta motivatsiya bergan. Yangi yo‘nalishda maydonga endigina kirib kelayotgan paytda ko‘p yildan beri o‘z nomi va yuziga ega bo‘lgan o‘sha sohadagi insonlarning qo‘llab-quvvatlashi, fikrimcha, har qanday insonga katta kuch beradi.

Eng qiyini – original g‘oya topish

Jasur Rustamov: Ko‘pchilik kadr ortida katta jamoa ishlaydi, deb o‘ylaydi, aslida unday emas. Ssenariyni o‘zimiz yozamiz, syomkani ham o‘zimiz qilamiz. Bahodir ko‘proq rollarni ijro etadi, operatorlikka qiziqqanim uchun texnik tomonlarga men mas’ul bo‘laman. Bizga hammasi o‘zimizning qo‘limizda bo‘lgani yaxshi, sababi ijodkor odam rolni tushunib ijro etsa va montaj ishlarini ham o‘zi tayyorlasa, sifatliroq, ta’sirliroq kontent chiqadi, deb hisoblaymiz.

Voqealarda o‘zimiz guvoh bo‘lgan jarayonlar aks etadi. Atrofni kuzatib, g‘oyani shakllantiramiz. Kontentlarimizdagi qahramonlarning hammasi hayotdan olingan.

Ish jarayonidagi asosiy qiyinchilik original g‘oya topishda bo‘ladi. Bitta ssenariy o‘rtacha 3-4 kun davomida yoziladi, 3-6 kun ichida syomka qilinadi. Shuning uchun ham hozirda videolarimiz chiqish intervali kattalashgan. "Odamlar video kutyapti, biron nima chiqarib qo‘yaylik", degan narsani o‘zimizga ep ko‘rmaymiz, asosan, sifat va qadriyat uchun ishlaymiz.

Bahodir Rahimov: Bitta videoni syomka qilish uchun besh-oltita lokatsiyadan foydalanamiz, ba’zan undan ham ko‘p. O‘rtacha 200-500$ atrofida xarajat ketadi. G‘oyalar, asosan, kechki payt keladi. Ssenariylar tunda yozilgani hisobiga ertasi kuni bo‘ladigan syomka jarayonida foydalaniladigan kiyim, dekoratsiya kabi zarur elementlarni topishga qiynalib qolamiz. Ayniqsa, lokatsiya topish katta masala bo‘ladi.

Auditoriya fikri orqali o‘zimizni tarbiyalaymiz

Jasur Rustamov: Video tarmoqqa joylanganidan so‘ng, uch-to‘rt soat davomida yozilgan izohlarni o‘qib chiqamiz. Qanaqa fikr bildirilgan, qayerda kamchilikka yo‘l qo‘ydik, hammasini bir-bir Bahodir bilan o‘tirib tahlil qilamiz va keyingi videolarda bu xatolarni qaytarmaslik harakatida bo‘lamiz. Kuzatuvchilarning kontentni qanday qabul qilishi va fikri bizga doim qiziq bo‘lgan.

Bahodir Rahimov: Salbiy fikrlar ora-orada uchrab turadi. Mavzuga aloqador bo‘lmagan izoh yozib, shaxsiy kamsitishga o‘tib ketadiganlar ham yo‘q emas. Bunday insonlar bilan shaxsiy xabarlar bo‘limida yoki telefon orqali alohida gaplashib, nega bunday fikr qoldirganini aniqlaymiz. 99% holatda negativ yoki haqoratlab yozgan insonlar bemaqsad komment qoldirgan yoki ichidagi nafratini aynan shu izoh orqali chiqarib olmoqchi bo‘lgan bo‘ladi.

Mualliflik huquqini hurmat qilishmaydi

Jasur Rustamov: Instagram'da Chumoli nomi va logotipi bilan ochilgan 10 ga yaqin akkaunt bor. Ularda biz tayyorlagan kontentlarni joylashadi. Feyk akkauntlarni ochgan adminlar bizning mehnatimiz orqali kuzatuvchilar va ko‘rishlar sonini to‘playdi, reklama asosida mablag‘ topishi ham mumkindir balki. Birovning mehnati evaziga topilgan narsalar ko‘ngillari va qorinlariga qanday botadi, bilmayman. Mayli, biz bunga qarshi emasmiz, biroq muallif sifatida avval o‘zimizdan ruxsat so‘rashlarini talab qilamiz. Mualliflik huquqimiz buzilgani uchun shu vaqtga qadar qonuniy chora ko‘rishlarini so‘rab, hech qayerga murojaat qilmaganmiz. Sababi mualliflik huquqini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi mas’ul tashkilot borligidan xabarimiz bo‘lmagan.

Suflyor aktyorlarni “taxtalashtirdi”

Bahodir Rahimov: Oldin aktyorlar rollarni yodlashardi, hozir esa suflyordan foydalanishyapti. Bu usulni umuman qo‘llab-quvvatlamaymiz. Aktyor nima qilayotganini o‘zi tushunmaydi, to‘tidek yozilgan gapni takrorlaydi. Aslida ijodkor o‘zi ishini his qilib, holatga kirib, ssenariyga improvizatsiya qo‘shib ijro etgan roli boshqacha bo‘ladi. Kino sohasiga suflyor ijodiy jarayonlarni tezlashtirish maqsadida kirib kelgan edi, aslida. Lekin kino yaratish fabrikadan kiyim ishlab chiqarish emas-ku, bu uzoq vaqtni oladigan ijodiy jarayon. Suflyor ham qaysidur joylarda kerakdir, lekin tartibsiz va noo‘rin ishlatilmasligi kerak.

Kinoda senzuralarni kamaytirish kerak

Jasur Rustamov: Bizda ssenariy umumiy mazmunidan tortib kichik bir epizodigacha aralashishlar ko‘p. Misol uchun, bir necha yil avval qishloqqa qisqa metrajli film ishlash uchun borganmiz. “Suratga olish vaqtida loy va toshloq ko‘chalar, oqlanmagan uylar umuman ko‘rsatilmasin”, degan topshiriq tushgan. Qishloq koloriti o‘zi aynan shu elementlar bilan ochib beriladi-ku. Usiz qishloq muhitini qanday tasvirlash mumkin?! Shu kabi faoliyatga aralashishlar ijodni ham, ijodkorni bo‘g‘adi, natijada qo‘lsiltar vaziyat yuzaga kelishi mumkin.

Qo‘shni Qozog‘istonda kechayotgan jarayonlardan namuna olsak bo‘ladi. Qozoq kino ijodkorlari avvallari o‘zbek kinosiga havas bilan qarardi, hozir esa bu borada bizdan ancha oldinga o‘tib ketdi. U yerda ijodkorlar film ishlash uchun mustaqil studiyalar yaratib, investorlarni jalb etishyapti. Shaxsiy reklama orqali rivojlanyapti va ularning ishiga hech kim (davlat) aralashmayapti. O‘zbek film maydonida ham erkin ijod muhiti va senzuralardan xoli nazoratni shakllantirish kerak. Balki shunda eski ishlangan o‘zbek filmlarining sifat darajasiga qaytib qolarmiz.

Bahodir Rahimov: Yana bir narsani aytib o‘tmoqchiman, garchi qo‘pol eshitilsa ham, kinoga emas, kissaga ketib qolayotgan mablag‘lar ham oz emas. Har yili ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali kino ishlash uchun milliardlab mablag‘ ajratilayotganligi e’lon qilinadi. Lekin xalq hisobidan kino sohasiga sarflanayotgan bu pullar hali o‘zini oqlamadi. Mablag‘lar kinogacha to‘liq yetib kelmayapti. Ssenariyni tasdiqlatib, film ishlash uchun pul ola olmay sarson bo‘layotgan rejissyorlar ham yo‘q emas.

To‘liq intervyuni Kun.uz’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Diyoraxon Nabijonova suhbatlashdi.
Operatorlar: Javohir G‘ayratov, Ziyaddin Mamatjonov.
Montaj ustasi: Javohir G‘ayratov. 

Mavzuga oid