«Afrosiyob» poyezdi endi Kattaqo‘rg‘onda ham to‘xtab o‘tadi
2025 yildan «Afrosiyob» tezyurar poyezdi Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahrida ham to‘xtab o‘tishni boshlaydi. Shuningdek, Bulung‘ur-Samarqand shahri-Juma-Kattaqo‘rg‘on shahri yo‘nalishida elektr poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

«Afrosiyob»ning Kattaqo‘rg‘on bekati tashkil etiladi, deb xabar beradi Samarqand shahar hokimligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, «Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yanada rivojlantirish hamda aholi turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori prezident qarori bilan tasdiqlangan «Samarqand viloyatining tuman (shahar)larini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi»da ushbu bekat faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Transport vazirligi va «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatiga 2025 yilda «Afrosiyob» poyezdining Toshkent—Buxoro yo‘nalishida Kattaqo‘rg‘on punktiga to‘xtab o‘tishini hamda Samarqand—Kattaqo‘rg‘on elektr poyezdi yo‘nalishlarini tashkil etish vazifalari topshirilgan.
Shuningdek, Bulung‘ur—Samarqand shahri—Juma—Kattaqo‘rg‘on shahri yo‘nalishida elektr poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish belgilangan. Buning uchun zamonaviy poyezd vagonlari olib kelish, oraliq to‘xtash temiryo‘l bekatlari infratuzilmasini yaxshilash rejalashtirilgan.
Avvalroq «Afrosiyob» tezyurar poyezdlari 7 dekabrdan Xivaga qatnay boshlashi rad etilgandi. Buxoro va Xiva shaharlari o‘rtasida tezyurar Afrosiyob poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yilishi to‘g‘risida 2021 yilda xabar berilgan. O‘shanda Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston g‘arbidagi yirik shahar markazlarini bog‘lovchi 465 kilometrlik temiryo‘l liniyasini elektrlashtirish, temiryo‘l xizmatlarini yaxshilash hamda mintaqada savdo va turizmni rivojlantirish uchun 162 million dollarlik kredit ajratilishini ma’qullagan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 2 fevraldan boshlab, Toshkent—Buxoro—Toshkent yo‘nalishida qatnayotgan «Afrosiyob» yuqori tezlikda harakatlanuvchi zamonaviy poyezdlari Jizzax vokzalida 2 daqiqa to‘xtashi yo‘lga qo‘yilgan edi.
Mavzuga oid

11:06 / 12.03.2025
Toshkent - Buxoro yo‘nalishida qo‘shimcha «Afrosiyob» poyezdi qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi

18:54 / 04.03.2025
Samarqand-Toshkent yo‘nalishida qo‘shimcha «Afrosiyob» poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi

17:52 / 10.02.2025
«Afrosiyob» poyezdi Kattaqo‘rg‘onda to‘xtab o‘tishni boshladi

09:09 / 20.12.2024