Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jo‘mart To‘qayev strategik sheriklikning yangi ustuvor yo‘nalishlarini belgiladi
Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev OAV vakillari uchun bayonot berdi. Davlat rahbarlari Qozog‘iston prezidentining tashrifini tarixiy voqea sifatida baholab, o‘zaro savdoni 10 milliard dollarga yetkazish, sanoat kooperatsiyasi, transport, energetika, suv-ekologiya va gumanitar sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvlar haqida ma’lum qildi.
Ko‘ksaroy qarorgohidagi bayonotda prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning O‘zbekistonga davlat tashrifi ikki mamlakat munosabatlari tarixidagi muhim sana, O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik va ittifoqchilik aloqalari rivojida yangi bosqichni boshlab berganini katta mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Tashrif doirasida Oliy Davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama kun tartibining eng muhim yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi, hamkorlikni sistemali ravishda chuqurlashtirishga qaratilgan qaror va tashabbuslar ishlab chiqildi.

Iqtisodiy hamkorlik masalalariga alohida ustuvor o‘rin berildi. Qozog‘iston O‘zbekistonning eng muhim savdo sheriklaridan biri ekani ta’kidlandi. Joriy yil boshidan buyon ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga o‘sib, qariyb 4 milliard dollarga yetgani qayd etildi. Ushbu ko‘rsatkichni 2030 yilga borib 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha kompleks ishlar amalga oshirilayotgani ma’lum qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazining ochilishi tashrif doirasidagi muhim voqea bo‘lganini ta’kidladi. Ushbu ilg‘or loyiha ikki mamlakat o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini chuqurlashtirish, zamonaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlarini shakllantirishga xizmat qilishi qayd etildi. Shuningdek, ustuvor tarmoqlarda umumiy qiymati 1,3 milliard dollarlik yangi qo‘shma loyihalarga start berilgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari ham batafsil ko‘rib chiqildi. Zamonaviy transport yo‘laklarini birgalikda rivojlantirish, chegaraoldi infratuzilmasi samaradorligini oshirish, yuk tashishlarni, jumladan, Aqtau va Quriq portlari orqali rag‘batlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani ma’lum qilindi.
Energetika sohasida an’anaviy va muqobil energiya yo‘nalishidagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish strategik yo‘nalish sifatida belgilab olindi. Shu bilan birga, atrof-muhitni muhofaza qilish va suvdan oqilona foydalanish masalalari, avvalo, Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish kontekstida muhokama etildi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu yil Olmaota va Ostonada “Lazgi” baleti namoyishi, rassomlar ko‘rgazmasi, adiblar forumi va yoshlar festivali katta muvaffaqiyat bilan o‘tgani qayd etildi. O‘zbekistonda o‘tkazilgan Qozog‘iston tibbiyoti kunlari aholida katta qiziqish uyg‘otib, iliq taassurot qoldirgani ta’kidlandi.

Tomonlar fan va ta’lim muassasalari, ijodiy va yoshlar tashkilotlari o‘rtasidagi almashinuvlarni faollashtirish, turizm sohasidagi qo‘shma dasturlarni kengaytirishga kelishib oldi. Mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi urg‘ulandi. Shu ma’noda, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Bayonotda ertaga Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi mintaqaviy integratsiya jarayonlariga va butun Markaziy Osiyoda birdamlikni mustahkamlashga yangi sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirildi.
Ko‘p tomonlama formatlarda, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti, MDH, Turkiy davlatlar tashkiloti hamda “Markaziy Osiyo plyus” mexanizmlarida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi qayd etildi.
– Hurmatli Qosim-Jo‘mart Kemelevichning tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlari yuksak darajada ekanini yana bir bor yaqqol tasdiqladi, – dedi prezident Shavkat Mirziyoyev.

Yakunda davlat rahbari erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlar ikki tomonlama sheriklikni aniq mazmun bilan boyitishi, qo‘shma loyihalar uchun yangi ufqlar ochishi, birodar mamlakatlarning barqaror taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirdi.

Mavzuga oid
20:11 / 01.06.2026
Qozog‘istonda yangi «hokimiyat partiyasi» - «Adolat» rasman ro‘yxatga olindi
20:25 / 29.05.2026
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritasi» imzolandi
21:18 / 19.05.2026
To‘qayev Qozog‘istonni Oltin O‘rda vorisi deb e’lon qildi
13:37 / 17.05.2026