7 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
Poytaxt jamoat transportlarida naqd yo‘lkira uchun jarima, jahon pasport va IQ reytinglarida ko‘tarilish va cheklanayotgan bank kartalari soni — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Naqd yo‘lkira uchun jarima
2025 yil 1 yanvardan Toshkentdagi avtobuslarda naqd pul qabul qilish to‘xtatildi. Yo‘l haqini naqd pulda bergan yo‘lovchilarga endi jarima qo‘llanishi mumkin.
Transport nazorati inspeksiyasining ma’lum qilishicha, haydovchi ham naqd pul qabul qilmasligi shart, aks holda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, yo‘lovchiga 37 ming 500 so‘m jarima solinadi. Barcha avtobuslarga nazorat kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, qonunbuzarlik holatlari kuzatuvda bo‘ladi.
Shaharda 2644 ta avtobekat atrofida 5500 ta QR-kod shoxobchalari tashkil qilingan. Naqd pulga chipta yoki QR-kod xarid qilish uchun infokiosklar faoliyat ko‘rsatmoqda. Yo‘l haqi to‘lovi elektron to‘lov tizimi yoki bank kartalari orqali amalga oshiriladi.
Bir yo‘lovchi uchun avtobus va metro qatnovi narxi ATTO kartasi orqali elektron to‘lovda 1700 so‘mni tashkil etadi, naqd pulda esa 3000 so‘m etib belgilangan. Infokiosklar orqali bir martalik chiptalar xarid qilish mumkin.
O‘zbekiston pasporti reytingda ko‘tarildi
O‘zbekiston dunyoning eng kuchli pasportlari reytingida 68-o‘rinni egalladi. Passport Index ma’lumotlariga ko‘ra, bu o‘tgan yilga nisbatan ikki o‘ringa yaxshi.
Indeks pasporti egasi vizasiz kirishi mumkin bo‘lgan yoki yetib borgandan keyin viza olish imkoniyati mavjud davlatlar soni asosida baholanadi.
O‘zbekiston fuqarolari 32 davlatga vizasiz tashrif buyurishi, 46 davlatga yetib borganidan keyin viza olishi mumkin. Shuningdek, 120 ta mamlakatga borish uchun viza oldirish talab etiladi.
Bu borada O‘zbekiston pasporti Markaziy Osiyoda 52-o‘rindagi Qozog‘iston pasportidan keyin turibdi. Qirg‘iziston bizdek 68-o‘rinda, Tojikiston 72-o‘rinda va Turkmaniston 76-o‘rinda.
Reytingdagi eng kuchli pasport BAA fuqarolariga tegishli. Eng so‘nggi o‘rinda Suriya pasporti joylashgan.
IQ darajasi bo‘yicha ham yuqorilash
O‘zbekiston nafaqat pasport reytingida, aql darajasi bo‘yicha reytingda ham yuqoriladi.
Xalqaro IQ reyestri ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston dunyodagi 127 davlat ichida o‘rtacha 96,98 ball bilan 69-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 2,17 ballga oshgan.
Reytingda birinchi o‘rin Xitoyga nasib etgan bo‘lsa, Eron va Janubiy Koreya kuchli uchlikdan o‘rin oldi. Gabon esa 85,56 ball bilan ro‘yxatning so‘nggi pog‘onasini egalladi.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘iston 66-o‘rinda, Qirg‘iziston 84-o‘rinda, Tojikiston 96-o‘rinda qayd etildi. Turkmaniston haqida ma’lumot berilmagan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, mamlakatlardagi o‘rtacha IQ darajasiga yuqimli kasalliklar, ovqatlanish, intellektual faoliyat, genetika ta’sir ko‘rsatadi.
Sog‘lom ovqatlanish, intellektual faoliyat va rivojlangan sog‘liqni saqlash tizimiga ega mamlakatlarda o‘rtacha IQ darajasi yuqori bo‘lishi qayd etildi.
SSV metapnevmovirus haqidagi xabarlarni rad etdi
Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika pediatriya markazi metapnevmovirusga chalingan bemor bolalar bilan to‘lgani haqidagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarni rad etdi.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, bunday xabarlar mutlaqo asossizdir. Yangi yil arafasida pediatriya markazida profilaktik yuvish va zararsizlantirish ishlari olib borilgan bo‘lib, bu markaz bo‘limlarining vaqtincha yopilishiga sabab bo‘lgan. 6 yanvardan barcha bo‘limlar qayta ochilib, tabiiy ravishda bemorlar oqimi oshgan. Shu bilan birga, markaz yuqimli kasalliklarga chalingan bemorlarni davolashga mo‘ljallanmagan.
2025 yilda 43 mlrd dollarlik investitsiya
Prezident «Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzolandi. Bu tadbirkorlik muhitini yaxshilash va soliq siyosatini barqarorlashtirishga qaratilgan.
Farmonga ko‘ra, daromad solig‘i va QQS stavkalari 2028 yilgacha o‘zgartirilmaydi. Foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 15 foizni tashkil etadi, dividendlar uchun 5 foiz, xorijiy fuqarolar va kompaniyalar uchun esa yuqoriroq stavka belgilangan. QQS stavkasi 12 foiz bo‘lib, kommunal xizmatlar va eksport operatsiyalariga 0 foizlik imtiyoz qo‘llanadi.
2025 yilda O‘zbekiston 43 mlrd dollarlik investitsiyalarni o‘zlashtirishni rejalashtirmoqda. Budjet daromadlari 33,4 mlrd dollar, xarajatlari esa 37,3 mlrd dollar bo‘lishi kutilmoqda.
Bank kartalari soni cheklandi
O‘zbekistonda har bir jismoniy shaxs nomiga rasmiylashtiriladigan plastik kartalar soni cheklanmoqda. Ushbu vaqtinchalik tartib 2025 yil mobaynida amal qiladi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, bir shaxs uchun bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda esa jami 20 tagacha karta ochilishi mumkin.
Cheklov virtual va kobeydjing kartalarini ham qamrab oladi, biroq chet el valutasidagi kartalarga tatbiq etilmaydi. Shuningdek, 12 oy mobaynida hech qanday operatsiya bajarilmagan bank kartalari bloklanadi va bu haqda karta egasiga xabar beriladi.
Markaziy bank ushbu choralar firibgarlik holatlarining oldini olish uchun joriy etilganini ta’kidladi. Avvalroq, ayrim shaxslar nomiga yuzlab kartalar ochilib, ulardan noqonuniy moliyaviy operatsiyalarda foydalanilgani qayd etilgan edi.
Mavzuga oid
21:19 / 06.01.2025
6 yanvar yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:05 / 27.12.2024
27 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:02 / 26.12.2024
26 dekabr yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
21:21 / 25.12.2024