Jahon | 14:26 / 22.01.2025
7003
10 daqiqa o‘qiladi

Yahudiy ko‘chkindilarga bekor bo‘lgan sanksiya, sudga berilgan Tramp va Turkiyadagi fojiali yong‘in - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

G‘azoda otashkesim rejimi e’lon qilinganiga qaramasdan, Isroil harbiylari va noqonuniy ko‘chkindilar falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlik harakatlarini davom ettirgan.

Isroillik snayper Rafahda bir bolani otib o‘ldirdi. Ushbu hodisa otashkesim haqidagi kelishuv amal qilgan vaqtda sodir bo‘lgan. Snayper bolaning jasadini yo‘ldan olib chiqmoqchi bo‘lgan fuqarolarga ham qarata o‘t ochilgan. Bu voqea Isroil 90 nafar falastinlik mahbuslarni ozod qilganidan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi.

Shuningdek, G‘arbiy sohildagi Sabastiya qishlog‘ida 15 yoshli o‘smir o‘ldirildi, Sinjilda 6 kishi yaralandi. Funduk qishlog‘ida esa yahudiy ko‘chkindilari falastinliklarning uylari va mashinalarini yoqib yuborishdi.

G‘arbiy sohilning sharqiy Qalqiyliya hududida Isroil armiyasi reyd uyushtirib, kamida 64 falastinlikni qo‘lga oldi.

G‘arbiy sohilda vaziyat murakkablashadi

AQSh prezidenti Donald Tramp Falastinning G‘arbiy sohil qismidagi noqonuniy manzilgohlar qurgan yahudiy ko‘chkindilari va falastinliklarga nisbatan zo‘ravonlikda ayblangan guruhlarga qarshi Bayden tomonidan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qildi.

Ushbu qaror xalqaro hamjamiyat va falastinliklar tomonidan keskin tanqid qilinmoqda. Endi bezbet ko‘chkindilar falastinliklarga nisbatan zulmini yanada kuchaytiradi.

Baydenning farmonini bekor qilish orqali Tramp ko‘chkindilarning AQShdagi aktivlarini muzlatish va ular bilan savdo qilishni taqiqlovchi cheklovlarni ham to‘xtatdi. Bayden mazkur choralar bilan tinchlik va barqarorlikka tahdidlarni kamaytirishga harakat qilgan edi. Trampning bu qarori endi radikal ko‘chkindilarga yanada erkin harakat qilish imkonini beradi.

Yahudiy ko‘chkindilari orasida «HaShomer Yosh» guruhi alohida ajralib turadi. U 2024 yilda Hirbet Zanuta qishlog‘idan 250 falastinlikni quvib chiqargan.

Tramp xorijga yordamni 90 kunga to‘xtatdi

Lavozimga kirishgan AQSh prezidenti Donald Tramp xorijiy davlatlarga yordam ko‘rsatishni vaqtinchalik to‘xtatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Mazkur qaror 90 kunlik audit o‘tkazish va yordam dasturlarining yangi ma’muriyat siyosiy maqsadlariga mosligini baholash uchun qabul qilingan.

«AQShda hech qanday xorijiy yordam endi mening tashqi siyosatimga to‘liq mos kelmaydigan tarzda taqdim etilmaydi», — dedi Tramp o‘z bayonotida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh tashqi yordami davlat budjeti xarajatlarining 1 foizidan kamrog‘ini tashkil qiladi, ammo ayrim holatlarda bundan istisnolar ham mavjud. Masalan, Ukrainaga yordam sifatida Rossiya bilan urush boshlanganidan buyon qariyb 66 milliard dollar ajratilgan.

Shuningdek, Isroil, Misr va Iordaniya kabi davlatlar AQSh yordam oluvchilari orasida yirik o‘rin tutadi.

Tramp ilk kundan sudga berildi

20 yanvar kuni inson huquqlari tashkilotlari AQSh prezidenti Donald Trampga qarshi Nyu Hempshir federal sudiga da’vo arizasi kiritishdi. Ular Tramp ma’muriyatining noqonuniy migrantlarning AQSh hududida tug‘ilgan bolalariga fuqarolik berishni rad etish haqidagi qaroriga qarshi chiqishdi.

Arizada bu qaror Konstitutsiyaga 14-tuzatish va boshqa qonunlarga zid ekani ta’kidlanadi.

«Tug‘ilish huquqi asosida fuqarolik berishning mohiyati shundaki, AQShda tug‘ilgan har bir bola jamiyatning to‘laqonli a’zosi bo‘lib hayot boshlashi kafolatlangan», — deyiladi arizada.

Javobgar sifatida Donald Tramp, Ichki xavfsizlik vazirligi, Davlat departamenti va boshqa tashkilotlar ko‘rsatilgan. Endi bu masala Oliy sud muhokamasiga chiqishi kutilmoqda.

1868 yilda konstitutsiyaga 14-tuzatish bilan ratifikatsiya qilingan tamoyilga ko‘ra, ota-onasining kimligi va maqomidan qat’i nazar AQShda tug‘ilgan har bir bola fuqarolik olish huquqiga ega. 1898 yilda Oliy sud mazkur huquq muhojirlar farzandlariga ham tegishli ekanligini tasdiqlagan. O‘shandan buyon o‘zgarmay kelayotgan qoidani Tramp o‘zgartirmoqchi.

Zelenskiy kafolat so‘ramoqda

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Davosdagi Jahon iqtisodiy forumida so‘zlab, xavfsizlik kafolatlari Ukraina uchun nechog‘lik ahamiyatli ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, agar Ukraina kuchli xavfsizlik kafolatlarini olmasa, Putin Rossiya armiyasini yanada kuchaytirib, yangi hujum uyushtirishi mumkin.

Zelenskiy 2022 yil boshidagi vaziyat bilan hozirgi ahvolni taqqoslab, Rossiya qo‘shinlari soni uch baravarga oshganini ta’kidladi. Ayni vaqtda 608 ming rus askari Ukraina hududida joylashgan.

«2022 yilda AQSh ko‘magi barcha yordamning 90 foizini tashkil etgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 40 foizga tushgan, qolgan yordam Yevropa va Ukraina mahalliy ishlab chiqarishidan kelmoqda», dedi Zelenskiy.

Ammo bu o‘sish Rossiyaning harbiy ishlab chiqarish salohiyatini quvib yetolmayotganini qayd etdi.

Zelenskiy Putinning keyingi hujumlari NATOga a’zo mamlakatlarga, ayniqsa, Boltiqbo‘yi davlatlariga qaratilishi mumkinligini urg‘uladi. Rossiya prezidenti sovet ittifoqi tarkibida bo‘lgan barcha mamlakatlarni qayta o‘z nazoratiga olishga intilayotganini bildirdi.

«Ukrainadagi urush tugatilishi kerak»

AQShning yangi davlat kotibi Marko Rubio, prezident Trampning siyosatini sharhlay turib Ukrainadagi urushni tugatish rasmiy siyosatga aylanganini ta’kidladi.

«Prezident bergan va’da – bu biz uchun ustuvor vazifa. Ukrainadagi urush tugatilishi kerak – bu AQShning rasmiy siyosati», dedi Rubio. Urush Rossiya tomonidan boshlanganini qayd etgan Rubio, uni hozirda to‘xtovsiz davom etayotgan, qonli va vayronkor to‘qnashuv sifatida baholadi.

«Ukraina eng katta to‘lovni to‘layapti: energetik infratuzilmasi vayron bo‘ldi, millionlab fuqarolari vatanini tark etib, boshqa davlatlarda yashashga majbur. Bu urush barcha uchun og‘ir, ammo Ukraina eng katta ziyon ko‘ryapti», — dedi u.

Rubio AQShning asosiy maqsadi urushning qayta boshlanmasligi uchun to‘liq va uzoq muddatli tinchlikka erishish ekanligini ta’kidladi.

«Biz dunyodagi muhim muammolarni hal qilishga qaratilgan ko‘plab vazifalarga egamiz. Ammo Donald Trampning qayta saylanishi bizning tinchlik yo‘lidagi harakatlarga umid bag‘ishlaydi. Urushlarni tugatish va dunyoda tinchlik o‘rnatish uchun faoliyat yuritamiz», — dedi Rubio.

Sanksiyaga uchragan Rossiya neft eksporti

Jo Bayden ma’muriyatining ketishidan oldin joriy etgan sanksiyalari Rossiyaning dengiz orqali neft yetkazib berish hajmini 2023 yil oxiri—2024 yil boshidan beri eng past darajaga tushirdi.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, 13 yanvardan 19 yanvargacha bo‘lgan haftada Rossiya sutkasiga 2,75 mln barrel neft eksport qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan haftaga nisbatan 9 foizga kamaygan. To‘rt haftalik o‘rtacha ko‘rsatkichlar ham 16 oylik minimumga tushganini ko‘rsatdi.

2025 yilning ilk uch haftasida o‘rtacha kunlik neft eksport hajmi o‘tgan yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 10 foizga kamaygan.

Jo Bayden ma’muriyati joriy qilgan yangi neft sanksiyalari Rossiya budjetiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Germaniyaning xalqaro xavfsizlik masalalari instituti tahlilchisi Yanis Klyugega ko‘ra, Rossiya iqtisodiyoti valuta tushumining 10-20 foizini yo‘qotishi mumkin. Bu 2025 yilda neft sotuvidan 10-20 mlrd dollar yo‘qotilishni anglatadi.

Klyuge hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu sanksiyalar Rossiya YaIMning 1 foizigacha zarar keltirishi mumkin. Bu 2 trillion rubl yoki 2025 yil uchun prognoz qilingan neft-gaz daromadlarining 18 foizini tashkil etadi.

Baydenning «xayrlashuv» sanksiyalari nafaqat neft va tankerlar, balki Rossiyaning asosiy neftni qayta ishlash zavodlari, «Sharqiy Neft» va «Baltika SPG» loyihalariga, 30 ta neft servis kompaniyasi va 6 top-menejerni ham o‘z ta’sir doirasiga olgan.

Turkiyadagi kurortda yong‘in

Seshanbaga o‘tar kechasi Turkiyaning Bolu viloyatidagi Qartalqoya tog‘-chang‘i kurortidagi Grand Kartal mehmonxonasida ro‘y bergan yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar soni 66 kishiga yetgan. 51 kishi turli jarohatlar olgan. Jabrlanganlar orasida og‘ir ahvolda bo‘lgan insonlar bor.

Turkiyada bugun halok bo‘lganlar xotirasiga motam kuni e’lon qilindi.

Mehmonxonada yong‘in mahalliy vaqt bilan soat 03:27 da boshlangan. Ayni paytda Turkiyada maktablar ta’tilda bo‘lgani sababli kurortda odamlar ko‘p bo‘lgan. Shu kuni mehmonxonada 234 kishi to‘xtagan.

Yog‘ochdan qurilgan mehmonxonada olov tez tarqalgan va butun binoga yoyilgan. Yong‘inni o‘chirish ishlariga 200 dan ortiq qutqaruvchi jalb qilingan. Ammo mehmonxona uzoqda joylashgani sababli o‘t o‘chiruvchilar qiyin ob-havo sharoitlarida voqea joyiga yetib borish uchun bir soatdan ortiq vaqt sarflagan.

Turkiya hukumati 22 yanvarni milliy motam kuni deb e’lon qildi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidentiga fojia munosabati bilan hamdardlik bildirdi. O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi ma’lum qilishicha, qurbonlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q.  

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid