O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Xominaiyning uch o‘g‘li ko‘rinish berdi

5 iyun kungi dafn marosimida Eronning marhum rahbari Ali Xominaiyning uch o‘g‘li ko‘rinish berdi. Eron davlat televideniyesi Tehrondagi yirik diniy majmua — Katta Musallo hovlisida tizib qo‘yilgan tobutlar ortida Mustafo, Maysam va Mas’ud Xominaiy duo qilayotganini namoyish etdi.

Ularning otasi – Ali Xominaiy oilaning boshqa bir necha a’zolari bilan Isroilning 28 fevraldagi aviazarbalari oqibatida halok bo‘lgandi.

Marosimda Eron prezidenti Mas’ud Pezishkiyon va parlament spikeri Muhammad Boqir G‘olibof ham tobutlar ortida duo qilishgani ko‘rindi.

28 fevral kungi hujumda yaralangani aytilayotgan Mujtaba hali ham jamoatchilik orasida ko‘rinish bergani yo‘q: uning biror-bir surati ham e’lon qilinmadi.

Reuters manbalariga ko‘ra, Mujtaba Xominaiyning yuzi jiddiy jarohatlangan va uning bir yoki ikkala oyog‘i og‘ir shikastlangan bo‘lishi mumkin. Bu haqda uning yaqin atrofidagilar agentlikka ma’lum qilgan.

Yakshanba kunga kelib yana o‘n minglab aholi, jumladan harbiylar, diniy madrasa talabalari hamda oddiy xalq marhumlarga hurmat bajo keltirish uchun Musalloga oqib keldi. Ular qo‘llarida Amerika va Isroildan o‘ch olish va’dalari bitilgan bayroqlarni hilpiratib turishgandi.

Eron metro tarmog‘i rasmiylarining ma’lum qilishicha, odamlar markazga oqib kelishi natijasida shanba oqshomidan yakshanba tongigacha 7 million yo‘lovchi tashish qayd etilgan.

Xominaiyning jasadi payshanba kuni – Mashhaddagi navbatdagi motam yurishidan so‘ng, Imom Rizo maqbarasi yaqiniga dafn etiladi.

AQSh prezidenti Donald Tramp dafn marosimi bilan bog‘liq tadbirlar sababli Eron bilan tinchlik muzokaralari bir haftaga to‘xtatilganini ma’lum qildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Dushanba kuni erta tongda Rossiya raketalar va dronlar bilan Kiyevga zarba berdi. Oqibatda kamida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi, ko‘p qavatli turar joy binolari va boshqa inshootlarga jiddiy zarar yetdi.

Shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenkoning so‘zlariga ko‘ra, poytaxt bo‘ylab jami 46 kishi jarohatlangan. «Afsuski, bu yakuniy raqamlar emas», dedi u.